O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Toshda giyoh undirayotgan kishilar haqida eshitganmisiz? Agar buni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmoqchi bo‘lsangiz Oltiariqqa bir keling. Dashtni bo‘stonga aylantirayotgan yuzlab yoshlar bugun qaynoq mehnat jarayoni bilan ovora.
Davlatimiz rahbari har bir chiqishida yoshlarning ishsizligi muammosiga e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Biror ish bilan band bo‘lgan farzandlarimizda hayotga, jamiyatga mehr paydo bo‘ladi. Oilasiga baraka kiradi. Farg‘ona viloyatida bugungi kunda yoshlarning bandligini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda Oltiariqliklar haqida gap ketganda, ularning mirishkorligi, tadbirkorligi albatta, tilga olinadi. 34 yoshli Mavsumjon Umarov uch yuzdan ortiq qishloq yoshlarini o‘z yoniga olib, ularni ish bilan ta’minladi. Tumandagi mazkur tashabbus qancha barkamol avlod vakillarining hayotini butunlay o‘zgartirib yuborayotgani oddiy ish emas. Chunki bitta ish o‘rni yaratishning o‘zi mashaqqat.
Bo‘rbonliq qishlog‘i etaklaridagi gektarlab yerlar dashtdan iborat bo‘lib, suvsizlik, e’tiborsizlik tufayli qurib-qaqshab yotardi. Bugun esa bu yerda yangi hayot nafasi kezmoqda. Qishloq yoshlarining sa’y-harakati bilan yangi issiqxona, bog‘u-rog‘lar yaratilmoqda. Mavsumjon Umarovning tashabbusi bilan 2019 yilda “Mavsum agro logistika” yoshlar kooperatsiyasi tashkil etilib, yuz nafar tengdoshi uchun ish o‘rni yaratildi. Kooperatsiya ekin maydonlarida kimo‘zarga mehnat qilayotgan shijoatli yoshlar issiqxonalarda pomidor, bodring ko‘chatlarini parvarishlayapti, ekinlar rivoji avjida. O‘tgan yilda bu yerda mehnat qilganlar kamida 15-20 million so‘mdan ortiq daromad topdi. Joriy yilda esa ularning niyatlari yanada ulkan.
Qadimiy qishloq Qirg‘iziston bilan chegaradosh. Uning ko‘chalaridan o‘tib borarkansiz, birorta bekor yurganni uchratmaysiz. Adirlikdagi turnaqator issiqxonalarda ish qizg‘in.
– Hormanglar, – deymiz ularga.
– Salomat bo‘ling, bir piyola choyimiz bor, – deya kutib oldi o‘rta yoshdagi yigit. Uni suhbatga tortdik.
– Yaqinlarimdan olisda besh-olti yil o‘zga yurtlarda ish izlab birimiz ikki bo‘lgani yo‘q, – deydi “Zilol” mahalla fuqarolar yig‘inida yashayotgan Ahadjon Xolmatov. – Bu yerda yoshlar kooperatsiyasi tashkil etilgach, 5 sotix yerni o‘zlashtirib issiqxona qurdim. Daromad chakki bo‘lmadi. Bu yil issiqxonalar hajmini uch hissaga kengaytirdik. Ertangi bodring hosilga kirdi. Sanoqli kunlardan so‘ng pomidorni bozorga chiqaramiz. Dastlabki hisob-kitoblarimizga ko‘ra, daromad cho‘g‘i 100 million so‘mdan kam bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, suvsiz, tosh-shag‘aldan iborat ekin maydonlarga tuman hokimligi, 3-sektor tashabbusi bilan elektr tarmog‘i tortib berildi, 7 ta tik quduq qazildi. Bu ekin yerlarni o‘zlashtirish, hosildorlikni oshirish osonlikcha bo‘lgani yo‘q. Insonning qo‘li gul, deb bejiz aytilmagani bugun o‘z tasdig‘ini topdi.
Gap ustiga yoshlar kooperatsiyasi rahbari Mavsumjon Umarov kelib qoldi. Ezgu tashabbuslarni boshlagan bu yigit bilan kechgan suhbatimiz yanada maroqli bo‘ldi.
Toshkent viloyatidagi issiqxonalarda yollanma ishchi sifatida ishlab tajriba to‘plagan qishloq bolasi o‘z mahallasida yangi yerlarni o‘zlashtirish tashabbusini ilgari surganida kimdir ishondi, kimdir esa yo‘q. Suvsiz, tosh-shag‘al joyda ekin ekib bo‘ladimi? Ammo samimiy tarzda aytilgan taklif tuman mutasaddilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, sinov tariqasida dastlab 15 gektar yer ajratib berildi.
[gallery-2122]
– Avvallari bir qarich yerda mustaqil dehqonchilik qilish amri mahol edi, – deydi Mavsumjon. – Dastlab “Asaka bank” tijorat banki tuman bo‘limidan 200 million so‘m imtiyozli sarmoya olib, 54 nafar tengqurim bilan hamjihatlikda 6 sotixdan issiqxona qurdik. Yerlarni tosh-shag‘aldan tozalab, soz tuproq solib bodring ko‘chatlari ekildi. O‘tgan yili ichki bozordan tashqari tashqi bozorga 60 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qildik.
Bu yerdagi eng katta muammo-ekinlarni sug‘orish. Shu bois ekin maydonlarini tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi. Bu suv ta’minoti bilan bog‘liq yetishmovchiliklarning oldini olish, ortiqcha sarf-xarajatlarni qisqartirish imkonini bermoqda. Ayni kunda bu hududda 70 gektar maydonda yoshlar tashabbusi bilan o‘zlashtirilgan yerlarda ertangi sabzavot ekinlar yetishtirilyapti.
– “Zilol”, “Gulobod”, “Shalola” mahalla fuqarolar yig‘inlarida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 1 ming 441 nafar yosh bandligini ta’minlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari Murodjon Qunduzov. – Shu maqsadda foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni o‘zlashtirish borasidagi ishlar bir dam to‘xtagani yo‘q. Bu yerda viloyat hokimining tashbbusi bilan umumiy qiymati 8 milliard so‘m bo‘lgan loyiha amalga oshirilmoqda. Yangi loyiha tosh-shag‘aldan iborat 1,5 ming gektar yerga hayot olib kirish, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatini beradi. E’tiborlisi, qishloq yoshlarini xorijga ishga borishiga hojat qolmadi. Shu yerning o‘zida ular yaxshigina daromad topib, oilasi yonida mehnat qilayapti.
Bugun bu yerda yoshlar kooperatsiyalarining soni 5 taga yetdi. Tengdoshlariga dehqonchilikning sir-sinoatini o‘rgatish Mavsumjoning “xobbisi”ga aylangan. Har bir yoshga 15 sotixdan yer maydoni ajratilgan bo‘lib, issiqxonalar qurildi. Kelgusida bu yerda ming gektardan ortiq oborotdan chiqib ketgan yerlarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Demak, hali yana ko‘plab yoshlar band bo‘lib, xalqimiz dasturxonini qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlaydi.
M.Sulaymonov, M.Qodirov(surat), O‘zA