Sirdaryo viloyatida 20 noyabrdan boshlab amalga kiritilgan “Zarbdor 15-kunlik” aksiyasi qisqa fursatda sezilarli natijalarni berdi. Hozirga qadar 3814 gektar maydon shudgorlandi, 1750 gektar maydonga ekin ekildi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi muhokama yig‘ilishida aksiyaning asosiy maqsadi — aholiga amaliy yordam ko‘rsatish, namuna ko‘rsatish va tomorqa madaniyatini har bir mahallaga keng qo‘llash ekanligi qayd etildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus mahalliy aholida mas’uliyat hissini kuchaytirish, har bir xonadonning yerdan samarali foydalanishini ta’minlash va viloyatda tomorqa madaniyatini barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayniqsa, Xovos, Sardoba, Sirdaryo va Oqoltin tumanlarida ekin ekish ishlari faollashgani qayd etildi. Mahallalarda shanbaliklar tashkil qilindi, suv chiqarish va texnika bilan ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, o‘tkazilgan o‘rganishlar ayrim rahbarlar va tashkilotlar tomorqa ishlariga yetarli e’tibor qaratmaganini ko‘rsatdi va bu holatlar muhokamada ochiq va prinsipial tarzda muhokama qilindi.
Erkinjon Turdimov rahbarlar avvalo o‘z xonadonlarida namuna ko‘rsatishi, tezpishar ekinlar ekishi va shaxsiy tashabbus bilan ish boshlashi zarurligini ta’kidlab, bunday amaliy qadamlar boshqalarni ham ilhomlantirishini ta’kidladi.

Aksiya doirasida namunaviy xonadonlar soni ortib, Xovos tumanida 30 ga yaqin xonadonda ko‘katlar ekish ishlari tezkor amalga oshirildi, Oqoltinda yangi issiqxonalar qurildi, Sayxunobodda mahalla faollari aholini tomorqa ishlariga birlashtirishda tashabbus ko‘rsatmoqda.
Viloyat hokimligida mahalliy tajriba va ijobiy misollarni targ‘ib qilish, boshqa mahallalarda ham faollikni oshirish vazifasi alohida belgilab berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri