Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichi ko‘rgazmasi tashkil etildi
19:03 / 2021-06-14

Poytaxtimizda joylashgan “Yoshlar ijod saroyi”da O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkaziladigan “Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovi respublika bosqichi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikramov so‘zga chiqib, avvalo, mamlakatimiz iqtisodiyotini tubdan tarkibiy o‘zgartirish, qisqa muddatda yangi-lokomotiv rolini bajaradigan tarmoqlarni barpo etish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, zamonaviy bozor infratuzilmasini shakllantirish borasida o‘z vaqtida boshlangan va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan ishlarimiz natijasi ekanligini ta’kidladi.

Tashabbus ko‘rik tanlovi har yili mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda o‘tkazilib kelinmoqda. Ko‘rik tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlanishini rag‘batlantiruvchi biznes muhitini yaratish, mamlakat iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini oshirish, tadbirkorlarning kasbiy mahorati va bilim darajasini kengaytirish uchun zaruriy shart-sharoit yaratish, tadbirkorlik faoliyatidagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni reklama qilishga hamda ularning o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalariga ko‘maklashish, yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish va o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yosh tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish kabilar ko‘zda tutilgan.

An’anaviy tarzda tashkil etilib kelinayotgan mazkur ko‘rik- tanlov bu yil ham Respublikaning barcha tuman va viloyatlarida “Taraqqiyot sari qadam” shiori ostida bosqichma-bosqich o‘tkazildi. Ko‘rgazmada sanoat, xizmat ko‘rsatish, fermer xo‘jalik, hunarmandchilik, farmatsevtika kabi 70 ga yaqin soha bo‘yicha ishbilarmonlar va yosh tadbirkorlar ishlari namoyish etilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, tanlovning asosiy 5 ta yo‘nalish g‘oliblari kabi, respublika bosqichi ishtirokchilaridan eng munosib bo‘lgan “Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli” nominatsiyasi g‘olibi ham avtomashinaga ega bo‘ladi.

Biz tanlov qatnashchilarini ayrimlarining fikrlari bilan qiziqdik.

Maftuna Rajabova, “Grand Farm Avitsenna” MCHJ farmatsevti (Navoiy viloyati):

— Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida birinchi marta ishtirok etmoqdamiz. Ko‘rgazma respublikamizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlar va mehmonlarga kompaniyamiz haqida keng ma’lumot berishga, fikr-mulohazalar almashishga yaxshi imkoniyat tug‘dirdi.

Bizning ko‘p tarmoqli kompaniyamiz qoshida Navoiy viloyatining turli hududlarida beshta dorixona, bitta mehmonxona, klinika va ikkita gipermarket faoliyati olib boriladi. Shu bilan birga, yetti xil dorivor choy ham ishlab chiqaramiz. Joriy yil uchun bir yillik aksiya e’lon qilganmiz, bunda xaridorlar dorilarni ustamasiz, o‘z narxida xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ulug‘bek Xushboqov, “Janub tonggi diori” MCHJ xodimi (Surxondaryo viloyati):

— Kuzatishimcha, bu yil tanlovning respublika bosqichida ilk bor qatnashayotganlar ko‘p ekan. Baliq – luqmai halol, deydi xalqimiz. Biz ham fermer xo‘jaligimizda luqmai halolning to‘rt turini yetishtiramiz: karp sazan, oq amur, oq do‘ngpeshona va qora do‘ngpeshona. Besh-olti oylik baliqlarimiz o‘rtacha 1 kg dan 3 kg gacha keladi. Baliq mavsumi asosan kuz-qish oylari hisoblanadi, shunga qaramay, bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kuniga 700-800 kg baliq yetkazib beramiz. Mavsum paytlari esa bir mavsumda 75-80 tonnagacha baliq yetkazamiz.

Ko‘rgazma nafaqat tanlov, balki tajriba almashish, marketolog mahoratini oshirish, yangi g‘oyalarga ega bo‘lish imkonini beruvchi maydon bo‘ldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shukrullo Yo‘ldoshev, hunarmand (Toshkent viloyati):

— Men 19 yoshdaman. Maktabni tamomlaganimdan so‘ng “Ustoz-shogird” an’anasi asosida usta-hunarmand Behzod Madraimovga shogird tushganman. Bizning yog‘och o‘ymakorlik jamoamizda 40 ga yaqin yoshlar ishlaydi. Biz hozirda yong‘oq, chinor, akatsiya kabi daraxtlardan turli narsalar yasaymiz. Ustozimizdan ikki yildan buyon hunarmandchilik sirlarini o‘rganib kelmoqdaman. 

Hunarmandchilik ishlarimizni Rossiya, Dubay va Turkiya mamlakatlariga eksport qilamiz. Ko‘rgazma men uchun katta ijodiy maktab bo‘ldi. Sababi, qiziqish bildirgan kuzatuvchilarga mahsulotlar xomashyosi, naqshlar ma’nosi, umuman, faoliyatimiz haqida ma’lumot berishda katta mas’uliyatni his qildim. Kelgusi yillarda o‘zimning yog‘och o‘ymakorlik ishlarim bilan ham ko‘rgazmalarda ishtirok etishni niyat qildim.

Yulduz O‘rmonova, O‘zA