Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tasdiqlanmagan sertifikatlar inobatga olinmaydi
17:25 / 2023-07-22

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga oliy ta’lim muassasalarining magistratura bosqichiga hujjat topshirishda turk tili bo‘yicha ayrim sertifikatlarning qabul qilinmayotgani xususida murojaatlar kelib tushgan.

Qayd etilishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2022 yil 30 iyundagi tegishli buyrug‘i bilan tasdiqlangan ro‘yxatdagi 2023 yil 31 martgacha olingan hamda muddati o‘tmagan milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatlar 2023/2024-o‘quv yili qabulida oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklaridagi tanlovda ishtirok etishi uchun inobatga olinadi.  

Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ko‘p holatlarda tanlovda ishtirok etish uchun  magistr.edu.uz  platformasi orqali kiritilgan milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro setifikatlar tegishli rasmiy saytlar orqali tekshirilganda, ular orasida turk tilini bilishni tasdiqlovchi deya taqdim etilgan ayrim hujjatlar til bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlar emas, balki ayrim o‘quv markazlari tomonidan berilgan til kurslarida o‘qiganligini tasdiqlovchi sertifikatlar bo‘lib chiqmoqda. Shu bois, belgilangan talabga javob bermagan arizalarga rad javobi berilgan. 

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, abituriyentlar tomonidan taqdim etilgan TYS (Türkçe Yeterlik Sınavı) sertifikati http://belgesorgula.yee.org.tr platformasi orqali tekshiriladi. Tekshiruv natijasida tasdiqlanmagan sertifikatlar inobatga olinmaydi. Shu o‘rinda abituriyentlar olayotgan sertifikatlarini tegishli rasmiy saytlardan tekshirib ko‘rishlari tavsiya etiladi.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA