Ijtimoiy tarmoqlarda rivojlangan davlatlardagi jamoat joylarining ozodaligi, yaratilayotgan qulayliklar haqida turli video va suratlarni ko‘rib havasingiz keladi. Shunda darhol taqqoslashga tushasiz. Nega bizda... degan savol qiynaydi.
Bizda ham barcha sharoit bor. Har sohada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina “Salomatlik yo‘laklari”ni oling.
Prezidentimizning 2020-yil 30-oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2023-yildan boshlab mamlakatimizning har bir tuman markazi va shaharlarida piyoda va velosipedda yurish uchun “Salomatlik yo‘laklari” tashkil etildi. Maqsad aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga jalb qilishdir.
Mazkur tashabbusdan keyin barcha joylarda ommaviy sport bilan shug‘ullanish borasida sa’y-harakatlar olib borildi. Albatta, bundan faqat quvonish kerak. Afsuski, ayrim joylardagi “Salomatlik yo‘laklari” bilan bog‘liq vaziyat havas qilgulik emas. Garchi bu mavzular ommaviy axborot vositalarida ko‘p marta yoritilgan bo‘lsa ham muammolar hali o‘z yechimini topmadi.
[gallery-16754]
Kuzatuvlarimizni Toshkent viloyatining ayrim shahar va tumanlarida olib bordik. Xususan, Nurafshon shahri viloyatning markazi bo‘lib, yil sayin jamoat joylarida aholi qatnovi ortib bormoqda. Shularni inobatga olib aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida “Salomatlik yo‘lagi” barpo etildi. Ammo markazdagi “Salomatlik yo‘lagi”ning kirish qismi savdo maydoniga aylantirilgan. Bu ham yetmaganidek, yo‘nalishda qatnovchi taksichilar bu yerni o‘zlari uchun doimiy turar joy qilib olgan. Natijada piyodalar qatnovida tartibsizliklar yuzaga kelmoqda. Yo‘laklarni yoritish tizimi ham nosoz holga kelgan.
Ohangaron shahridagi “Salomatlik yo‘laklari” ham achinarli holda. Ba’zi uddaburon “tadbirkor”lar “Salomatlik yo‘lagi”dan oziq-ovqat sotish uchun foydalanmoqda. Bu joylardagi ba’zi o‘rindiqlarga o‘tirib bo‘lmaydi va chiqindi tashlaydigan qutilar talabga javob bermaydi. Aholi mavjud qulayliklarning qadriga yetmaydi. Chiqindini yo‘l bo‘yiga tashlab ketish holatlari ko‘paygan.
Olmaliq shahri Oydin dehqon bozori yaqinidagi “Salomatlik yo‘lagi”dagi yoritgich ustunlar va bekatlarga turli e’lonlar yopishtirilgan. Bundan tashqari, yana bir holat e’tiborimizni tortdi. Hududlardagi ba’zi tashkilot va xizmat ko‘rsatuvchi binolari tepasiga yozilgan nomlar kunduzi binoyidek ko‘rinadi. Yoritish moslamasining nosozligi sabab tunda ularning mazmunidan yoqa ushlaysan. Bunga bir kulgingiz kelsa, yana bir tarafdan g‘azabingiz chiqadi. Ayniqsa, markazdagi jamoat joylarida bu yaqqol ko‘zga tashlanadi. Olmaliq shahrida bu kabi hol ko‘proq uchraydi.
Biz so‘z yuritgan muammolar ko‘zga ko‘rinmas kamchilikdek ko‘rinishi mumkin. Aslida katta muammolar shu kabi kichik, ahamiyatsiz tuyulgan sabablardan boshlanadi. “Salomatlik yo‘laklari” har birimiz uchun o‘z vazifasini bajarmog‘i kerak. Har bir mutasaddi o‘z hududidagi har bir qarich yerdagi tartibsiz holatni nazoratda ushlashi va uni bartaraf etish choralarini ko‘rishi lozim.
Ko‘p aytilganidek, Vatan ostonadan boshlanadi. Ostonani sarishta tutmoqlikda e’tiborsiz bo‘lish iymonsizlikdir.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat, O‘zAmuxbirlari