Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tartib chizigʻi — undan bir qarich ham uzoqlashmaslik shart!
18:05 / 2020-04-14

Yurtimizdagi vaziyatdan har soatda xabardorman.


Yurtimizdagi vaziyatdan har soatda xabardorman. Hamkasblarimga tasanno aytib, ayrim loqayd yurtdoshlarimizning beparvoligidan ranjigan joylarim ham bor. Ishonasizmi, shu sohaning ichida umrim oʻtgani bois, oʻzimga qolsa, yana shu qizgʻin jarayonning ichida boʻlgim kelyapti. Bilaman buning iloji yoʻq. Lekin, vatandoshlarimdan oʻtinchim, sabr qilishimiz, biz haqimizda qaygʻurib qilinayotgan saʼy-harakatlarga qarshi bormasligimiz kerak. Hukumatimizning tizimli tashkil etayotgan tartib chizigʻidan bir qarich ham nariga oʻtmasligimiz lozim.

Ergash Abdullayev... U 30 yildan oshiqroq vaqt mobaynida sanitariya epidemiologiya tizimida mehnat qildi. Bugun u hamma qatori uyda, nafaqada. Asli ota bobolarining kelib chiqishi soʻlim Fargʻonadan boʻlgan Ergash aka bilan suhbatlashib qolgan kishi uning tabiatidagi vodiyliklarga xos latiflik va sermulohazalikni sezishi qiyin emas. Istarasi issiq, oʻrta boʻyli, qotmadan kelgan qishloq vrachini Buxoro tumanida tanimaydigan odamning oʻzi yoʻq.

Yosh bolalardan tortib, xotin-xalaj, keksayu — yosh hamma biladi uni. Koʻchada koʻrgan odam albatta toʻxtab salom beradi unga. Yurish turishi orasta, doimo did bilan kiyinadigan, oʻziga yarashiqli xatti-harakatlari bilan el nazariga tushgan bamaʼni bu insonning suhbatida boʻlganlar uning soʻzini boʻlishga yoki gaplariga eʼtiroz bildirib gap qaytarishga negadir haddi sigʻmaydi.

Men jurnalistik faoliyatim davomida koʻp tibbiyot xodimlari bilan suhbatda boʻlganman. Ular tibbiyotdagi muammolarni bartaraf etishda targʻibotning oʻrni katta ekanligi ayniqsa, aholi salomatligini muhofaza qilish va reproduktiv salomatlik tushunchalari va epidemiologik vaziyatlar paytidagi oltin qoidalarni odamlarning kundalik hayot tarziga tatbiq etishda shifokorlarning shaxsiy tashabbusi naqadar muhim.

Ergash Abdullayev bu tashabbusni shaxsiy ibrat darajasiga koʻtara olgan fidoiy shifokorlardan.

U hozir nafaqada. Nabiralar ardogʻida. Biroq haligacha yoshlik davrini, xalq orasida boʻlib odamlarni oʻylantirayotgan muammolarga birgalikda yechim topishga harakat qilgan shiddatli faoliyatni sogʻinadi. Kasbini va odamlarni yaxshi koʻrganidan boʻlsa kerak, bugun u telefon orqali boʻlsa-da, bir umr oʻrganib qolgan ishi targʻibotdan bir lahza uzoqlashgani yoʻq...

“Har kuni dunyoda roʻy berayotgan voqeliklarni diqqat bilan kuzatib boraman, — deydi biz bilan onlayn intervyuda keksa shifokor. — Men bunday pandemiyalar haqida institutda oʻqib oʻrgandim, ota bobolarimizning ogʻir kasalliklar tarqalgan davrdagi sabr qanoatlariga koʻp guvoh boʻldim.

1977-yilda Buxoro tumani Sanitariya epidemiologiya stansiyasiga Bosh vrach etib tayinlandim. Ishxonada kuni boʻyi oʻtirib ishlaganimni eslolmayman. Koʻproq odamlar orasida, qishloq va mahallalarda boʻlardik. Ish faoliyatimning dastlabki yillarini koʻp eslayman.

Juda qiyin yillar edi. Ichimlik suvi taqchilligi qator muammolarni keltirib chiqarar, aholi orasida sariq kasalligi koʻp qayt etilardi. Ishimiz muntazam targʻibotni. kecha kunduz tinim bilmay, xonadonma-xonadon tushuntirish ishlarini olib borishni taqozo etardi. Masʼuliyat juda katta, aholining tibbiy madaniyat tushunchasi ancha past koʻrsatkichda edi.

Yuqumli kasalliklar avj olgan, bolalar oʻlimi koʻrsatkichi kun sayin salbiy tomonga oʻsardi. Tumanda gazlashtirish, bolalarni bogʻchalarga jalb etish qoniqarsiz ahvolda. Halovatdan kechib ishlashga toʻgʻri kelardi. Targʻibotning qaysi usulini qoʻllashga hayron boʻlardim.

Oʻylab qarasam, meni tumanimizda hamma taniydi, hurmat qiladi. Demakki, gapimni yerda qoldirishmaydi. Qoʻlimga daftar qalam olib, avval qishloqlar keyin koʻchalar, undan soʻng xonadonlar roʻyxatini tuzdim.

Har bir qishloqdan eng obroʻli oqsoqolni oʻzimga hamroh qildim. Har holda odamlarning uyini adashmay topib borishimda yordami tegadi, deb oʻylardim.

Eshikma-eshik yurdik, xonadonlarning yoshi ulugʻidan boshlab, beshikdagi chaqalogʻigacha sogʻligini oʻrgandik. Xonadon bekalariga oila sogʻligi, orastalik saranjom va sarishtalikda ekanligini tushuntirishga harakat qilardik.

Hamjihatlikda hikmat koʻp deganlaricha bor ekan, tinimsiz targʻibot bois, aholi salomatligi va epidemiologik vaziyatni izga solishda ancha siljish roʻy berdi.

Bugungi pandemiya koʻz koʻrib, quloq eshitmagan vaziyatlarni yuzaga keltiryapti. Hukumatimiz tomonidan koʻrilayotgan tezkor chora-tadbirlar, oʻz vaqtida qabul qilinayotgan qarorlar, ayniqsa aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamiga koʻrsatilayotgan insonparvarlikningcheki yoʻq. Hamkasblarimning bugun koʻrsatayotgan jasorati esa, har qanday tahsinga loyiq.

Xalqimiz azal-azaldan oʻzining metin irodasi va uyushqoqlik bilan koʻp koʻrgiliklarga qarshi kurashlarda yengilmagan xalq. Xudo xohlasa, biz birgamiz, bir yoqadan bosh chiqarib, bir birimizga yelka tutyapmiz. Demakki, ahilmiz. Shunday ekan, bugungi sinovli kunlardan eson omon chiqamiz, men bunga aminman...

Gulchehra Mirzayeva,
Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot xizmati xodimi