Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi mahalliy tadbirkorlarga keng imkoniyat eshigini ochadi
16:04 / 2022-11-14

Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar markazida Respublika tarmoqlararo kooperatsiya sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.

Tashkilotchilar mahalliy korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqasini yo‘lga qo‘yish, shuningdek mamlakatimizda xaridorgir, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan investitsiya loyihalari sonini ko‘paytirishni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratishgan.

Bir necha tadbirni jamlagan mazkur biznes dasturida mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarni qo‘shma loyihalar amalga oshirishga jalb etish, sanoat kooperatsiyasini tashkil etish va ichki bozorda yuqori talabga ega mahsulotlarni mahalliylashtirishga alohida ahamiyat berilgan.

Yarmarkada 14 hududning jami 944 korxonasi tomonidan 9 350 turdagi mahsulot namoyish etilmoqda.

- Mazkur yarmarka eksportbop va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlarni mahalliy xom ashyodan yurtimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ichki va tashqi bozor talabiga javob beradigan tovarlarni ko‘paytirishga qaratilgan yaxshi loyiha, - deydi “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ sotuv bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Muhsinjon Jalilov. – Kombinatimiz tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida mahsulot va xizmat importi hajmi sezilarli darajada kamaydi. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 412,3 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Bu tadbir orqali ayni yo‘nalishdagi faoliyatimizni yanada rivojlantirish, yangi hamkorlar topish, samarali kelishuvlarga erishishni maqsad qilganmiz.

[gallery-9570]

Har yilgidan ko‘ra puxta tayyorgarlik bilan, keng ko‘lamda tashkil etilgan yarmarkada ishtirokchilarga har jihatdan qulaylik yaratish maqsadida ko‘rgazmadagi mahsulotlar tarmoq tamoyili asosida joylashtirildi. Sanoat tarmog‘i va hududiy korxonalar mahsuloti umumiy holda namoyish etilmoqda. Bu yerda tog‘-kon metallurgiyasi va kimyo sanoati, Neft-gaz, energetika va elektrotexnika sanoati, transport, telekommunikatsiya, farmatsevtika, qurilish materiallari va mebel sanoati, to‘qimachilik va charm sanoati, Hunarmandlar uyushmasi va Nogironlar jamiyati mahsulotlari, ochiq maydonda esa transport vositalari, yirik o‘lchamdagi uskunalar va boshqa mahsulotlar bilan tanishishi mumkin.

- Sanoat filtrlari ishlab chiqaradigan ilk korxona sifatida ro‘yxatga olingan firmamiz 2013 yil tashkil etilgan, - deydi “Uzfiltr.uz” firmasi rahbari Sohibjon Xayitov. - Asosan asfalt, sement, metallurgiya kombinatidan chiqadigan zararli changni o‘zida ushlab qoladigan maxsus filtrlar ishlab chiqaramiz. Yiliga 200 mingdan ziyod oltmishga yaqin turdagi mahsulot tayyorlanadi. Bunday filtrlar avvallari yuz foiz xorijdan import qilinar, narxi baland edi. Bizning mahsulot esa sifat jihatidan ham, xamyonbopligi bilan ham xaridorlarga juda ma’qul. Qolaversa, filtrni sotib olgan xaridorga 6 oygacha kafolat beriladi. Anjumanda mahsulotlarimizni keng ommaga taklif, reklama qilish barobarida tadbirkorlar bilan o‘zaro tajriba, fikr almashyapmiz.

Yarmarka doirasida tarmoqlar taqdimoti ham bo‘lib o‘tadi. Jumladan, 21 sanoat tarmog‘i tomonidan mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish imkoniyati yuzasidan taqdimot o‘tkaziladi.

V2V va V2G shaklidagi uchrashuvlar o‘zaro hamkorlikka chorlovchi shartnoma va memorandumlar imzolash uchun qulay fursatdir.

Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi 18 noyabrgacha davom etadi.

Go‘zal Sattorova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA