Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarmoqlararo sanoat yarmarkasi: mahalliy mahsulotlar namoyishi
16:06 / 2023-08-24

Termiz tumanidagi Termiz xalqaro savdo markazida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi. Surxondaryo viloyati hokimligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Elektron kooperatsiya markazi hamkorligida tashkil etilgan yarmarkada vohadagi 200 dan ziyod hamda mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan 30 dan ortiq sanoat korxonasi o‘zining import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Prezidentimizning 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq o‘tkazilayotgan yarmarkada asosan qurilish materiallari va oziq-ovqat sanoati, dorivor o‘simliklar va meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari bo‘yicha turli mahsulotlar keng namoyish etilmoqda.  

Mamlakatimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, qulay investitsiya muhitini yaratish, sanoat infratuzilmasini rivojlantirib, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish muhim vazifalardan biri sifatida belgilab olingan. Bu jarayonda sarmoyadorlar uchun qator imtiyozlar yaratilib, yengillik berilgani hududlar sanoatini yangi bosqichda rivojlantirayotir. Xususan, yerosti va yerusti boyliklari serob Surxondaryo viloyati ham katta o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Jumladan, so‘nggi olti yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 31,2 foizga oshib, 14,4 trillion so‘mdan 34,9 trillion so‘mga yetdi. Yoki birgina o‘tgan yil yakuni bilan qariyb 2,4 barobarga o‘sdi.  

Sanoqli yillar muqaddam janubdagi vohada qishloq xo‘jaligi asosiy soha sifatida ko‘rilgan bo‘lsa, endilikda sanoat ham yetakchi tarmoqqa, tekstil – to‘qimachilik hamda qurilish materiallari sanoati viloyatning yetakchi drayver sohalariga aylandi. Masalan, 2017 yil vohada 637 milliard so‘mlik tekstil va to‘qimachilik mahsuloti ishlab chiqarilib, jami sanoat mahsulotlari hajmidagi ulushi 27 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi 2,9 trillion so‘mni, sohaning sanoat hajmidagi ulushi 41 foizdan oshgani qayd etildi. Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda 3,6 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarildi. Uning 44,2 milliard so‘mligi mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarga to‘g‘ri keldi. Sanoat korxonalarining o‘zaro kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar sababli Elektron kooperatsiya portali orqali 105,9 milliard so‘mlik mahsulot savdosi amalga oshirildi.  

Bu raqamlar keyingi yillarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda importni optimallashtirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir.  

Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida viloyat hokimi U.Qosimov shu haqida atroflicha so‘z yuritib, ishtirokchilarni yarmarkaning tantanali ochilishi bilan tabrikladi. Sarmoyadorlarni vohaning boy salohiyatidan foydalanib, hududda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga taklif etdi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar bilan tanishdi.  

Hududlar va tarmoqlar o‘rtasida o‘ziga xos o‘zaro kooperatsiya maydonchasi vazifasini bajarayotgan yarmarkadan joy olgan tayyor mahsulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Jumladan, Jizzax viloyatidagi “BMB Zafaron” korxonasining Baxmal tumanida yetishtirayotgan za’faron o‘simligi noyob va shifobaxshligi bilan barchaning e’tiborini tortdi. Undan farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va parfyumeriyada keng foydalaniladi. Dunyoning sanoqli davlatida parvarishlanadigan qimmatbaho bu o‘simlik hosili Italiya, Xitoy, Germaniya, Ispaniya kabi o‘ndan ortiq davlatga eksport qilinmoqda.  

Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan 35 ming 600 xo‘jalik yurituvchi subektning 3 ming 200 ga yaqini sanoat korxonasi bo‘lib, Bandixon tumanidagi “Boysun keramzit invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati ulardan biridir. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan korxonada yiliga 50 ming kub-metr import o‘rnini bosuvchi keramzit ishlab chiqariladi.  

–Tayyor mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygunimizcha bu turdagi mahsulot chetdan olib kelinayotgan edi, – deydi korxona rahbari Said Allanov. – Uni o‘zimizda ishlab chiqarishni o‘zlashtirgach, qurilish uchun juda zarur keramzit tannarxi ancha arzonlashdi. Hozircha 15 kishi mehnat qilayotgan korxonamiz mahsulotini faqat mahalliy bozorga yetkazib beryapmiz. Hududimizda xomashyo zaxirasi serob. Sanoat yarmarkasida ishtirok etish buyurtmachilarimiz bilan kooperatsiya aloqalarimizni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.  

Sanoat yarmarkasi ertaga, ya’ni 25 avgust kuni yakunlanadi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA