French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarmoqlararo sanoat yarmarkalari o‘tkazilmoqda
10:09 / 2021-06-21

Vazirlar Mahkamasining «2021 yilda hududiy va respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkalarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan joylarda sanoat yarmarkalari o‘tkazilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, shunday tadbirlardan biri Nukus shahrida tashkil etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlaridan sanoat va ishlab chiqarish korxonalari o‘zlarining mahsulot hamda xizmatlari bilan ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Innovatsion rivojlanish hududiy boshqarmasi Nukus shahridagi oliy ta’lim muassasalarining yangi loyihalari hamda innovatsion ishlanmalari yarmarkada ishtirokchilar e’tiboriga havola qilinishiga ko‘maklashdi.

Bundan tashqari, mazkur hududiy boshqarmaning taklifiga binoan Toshkent shahridan «Yashnobod» texnoparki rezidentlari “Lotus engineering” startapi o‘zining havoni va buyumlarni tozalash innovatsion texnologiyasi - «Slean box” uskunalarini hamda muammoli va jarohatlangan terilarni himoya qiluvchi “LiPatch” innovatsion kosmetik mahsuloti, Xorazm viloyati Urganch shahridan “Wolsoft” startapi o‘zining turistik maskanlarda virtual sayr qilish imkoniyatini yaratadigan “Vr box” mahsuloti va “Smart Agro Solutions” MCHJ startapi o‘zining daraxt ko‘chatlariga «Agrolotok»lar qo‘yish orqali suv tejovchi innovatsion tizimni joriy etish texnologiyasi mahsulotlarini keng omma e’tiboriga taqdim qildi.

Sanoat yarmarkasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiyot masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Galina Saidova va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Qahraman Sariyev boshchiligida o‘tib, ular yarmarka doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion ishlanmalar bilan yaqindan tanishdi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filiali tomonidan ishlab chiqilgan va foydalanishda qulay bo‘lgan, hamyonbop narxdagi jo‘ja chiqarish inkubatori, shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida ishlab chiqilgan energiya tejamkor isitish qozoniga qiziqish bildirildi. Ushbu ishlanmalar ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish va respublika hududlariga keng joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ikki kun davom etgan sanoat yarmarkasi yakunida oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqarish korxonalari bilan jami 50 million so‘mlik shartnomalar imzolandi va yarmarkaga kelgan bir nechta aksiyadorlik jamiyatlari bilan birgalikda endilikda birga ishlashga kelishib olindi.

Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti «O‘zbekneftgaz» AJ bilan universitet talabalarini ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishga jalb etish va mavjud laboratoriyadan foydalanishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro kelishuv memorandumi imzoladi.

 O‘zA