FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi “Tarmet-texservis” xususiy korxonasi 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugun qurilish sohasida Surxondaryo viloyatining yetakchi tashkilotlaridan biri sifatida tanilgan. Korxona nomi bejiz tanlanmagan, ya’ni “Tarmet” qadimiy Termizning tarixiy nomlaridan biri bo‘lib, barqarorlik, qadriyat va ildizlarga sodiqlikni ifodalaydi.
Hozirda korxonada 50 nafardan ziyod doimiy xodim, shuningdek, 100 dan ko‘p mavsumiy mutaxassis mehnat qilmoqda.
Kompaniya faoliyati faqatgina qurilish ishlari bilan chegaralanib qolmay, balki qurilish materiallari ishlab chiqarish va savdo yo‘nalishlarini ham qamrab olgan.
– Qurilish bu oddiy kasb emas, balki jamiyat hayotini yuksaltiruvchi, odamlar qalbiga quvonch olib kiruvchi va kelajak avlodlar uchun mustahkam poydevor yaratadigan sharafli mehnatdir, - deydi korxona rahbari Anvar Tashanov. – Har bir bunyod etilgan uy oila uchun baxt, farzandlar uchun esa yorug‘ kelajakdir.
[gallery-25473]
So‘nggi yillarda korxona qator yirik loyihalarni amalga oshirdi. Xususan, Termiz shahridagi Mehridaryo ko‘chasida zamonaviy 5 qavatli turar-joy majmuasi, Farovon massivida 9 qavatli, 120 xonadonli ko‘p qavatli uylardan iborat majmua qurib foydalanishga topshirildi. 2024 yilda 110 xonadondan iborat yangi uy-joy kompleksi barpo etildi. Shu bilan birga, renovatsiya dasturi doirasida 9 va 12 qavatli zamonaviy turar-joylar qurilishi boshlangan.
Har bir loyiha puxta hisob-kitob, sifatli materiallar va mas’uliyatli yondashuv asosida olib borilayotgani buyurtmachilarda korxonaga bo‘lgan ishonchni orttirmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA