Joriy yilning 14 dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tarjimashunoslik va xalqaro jurnalistika kafedrasi tomonidan tarjimashunoslik yo‘nalishida xorijiy va mahalliy yetuk olimlarni bir nuqtada birlashtiruvchi an’anaviy “Tarjimashunoslar forumi – 2023” tashkil etildi.
Forumda universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva, TOBB ETU Toshkent dotsenti Nurgul Bekar, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, xorijlik va mahalliy olimlar ishtirok etdi.
- Bugungi kunda mamlakatimizda badiiy adabiyot asarlarini o‘zbek tiliga va ona tilimizdan xorijiy tillarga tarjima qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Undan tashqari, yirik xalqaro forumlar, simpoziumlar va anjumanlar tashkil etilib, unda sharqshunos olimlar va talabalar, tarjimonlar faol ishtirok etib kelmoqda, – deydi universitet rektori G.Rixsiyeva. Ushbu forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahoratli, zamon talabiga javob beradigan tarjimonlarni tayyorlashning yangi tamoyillari, uslublarini ishlab chiqish va tarjimachilikning turli sohalari rivojiga ilmiy hamda amaliy jihatdan hissa qo‘shishdan iborat.
Anjuman yalpi majlisida ma’ruza qilgan turkiyalik, xitoylik, hindistonlik va yaponiyalik olimlar hamda tadqiqotchilar ham mamlakatimizda tarjimonlar tayyorlashdagi natijalar va sharqshunos tarjimonlarning erishayotgan yutuqlarini e’tirof etdi.
Mahfuza Ortiqova, O‘zA