Ilm-fan fidoyilari
Prezidentimiz boshchiligida xalqimiz tomonidan mamlakatimizni dunyoning rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqish, kuchli iqtisodga ega, aholisi farovon davlat qurish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish, dunyo mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, umuman olganda, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda.
“Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yishda, shubhasiz, ilm-fan rivoji yo‘lida zahmat chekishni o‘zining vijdon amri deb bilgan, fanning qaysidir yo‘nalishlarida o‘ziga xos maktab yarata olgan, olimlarning o‘rni va roli beqiyosdir. Shu o‘rinda mamlakatimiz ilm-fani rivojiga munosib hissa qo‘shgan, fidoiy olim, filologiya fanlari doktori, professor Muhtorxon Umarxo‘jayevning samarali faoliyatini alohida e’tirof etish joiz.
Taniqli olim, jamoat va davlat arbobi Muxtorxon Umarxo‘jayev yarim asrdan ko‘proq vaqt mobaynida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanib keladi. Ana shu yillar davomida yurtimizda, qolaversa, qator xorijiy mamlakatlarda samarali mehnat qilayotgan minglab shogirdlarni tarbiyaladi. Shu bilan birga, juda ko‘p kitoblar, darsliklar, ilmiy risolalar yaratdi.
Uning davlat, jamiyat, ilm-fan oldidagi beqiyos xizmatlari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonda ham munosib e’tirofini topdi. Xususan, olim samarali faoliyati uchun «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi, Rossiya ijtimoiy va pedagogika fanlari akademiyasi akademigi, Germaniyaning Leypsig universiteti faxriy professori, ko‘plab milliy va xalqaro mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Muxtorxon Umarxo‘jayev Toshkent davlat chet tillar pedagogika institutida nemis tili mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olib, ilk mehnat faoliyatini o‘zi o‘qigan ana shu dargohda boshlagan. Yosh mutaxassis 1968 yilda Moskva davlat chet tillar instituti, 1970 yilda Germaniyaning Leypsig universiteti aspiranturasida o‘qidi. Yosh olim mashhur tarjimon M.Svilling, keyinroq Leypsig universiteti professori Otto Kadeun rahbarligida tilshunoslikning frazeologiya sohasida izlanishlar olib bordi, sohani qunt bilan o‘rgandi, tadqiq qildi, nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. O‘z tadqiqotlarini yanada rivojlantirib, Moskva va Berlin universitetlarida mashhur lug‘atshunos Rut Klappenbax rahbarligida 1981 yilda doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Professor Muxtorxon Umarxo‘jayevning nazariy va amaliy tilshunoslikning muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ilmiy ishlari frazeologiya va frazeografiya, qiyosiy-chog‘ishtirma tilshunoslik, tarjimashunoslik va lug‘atshunoslikda aks etgan. Olimning frazeologiya va frazeografiya masalalari yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlari uni serqirra poliglot olim sifatida namoyon qiladi. Boisi, ushbu sohada olim o‘zining yangi frazeologik va frazeografik konsepsiyasini yaratish bilan keng tilshunoslar ommasi orasida e’tibor qozondi.
Qariyb yarim asr avval Andijon davlat tillar pedagogika instituti nemis tili kafedrasida o‘qituvchi sifatida ish boshlagan Muxtorxon Umraxo‘jayev keyinchalik kafedra mudiri, prorektor, institut rektori vazifalarida ishladi.
Ustoz Muxtorxon Umarxo‘jayev serqirra, tinib-tinchimas olimdir. U faoliyati davomida ilmiy-pedagogik, boshqaruv ishlaridan ortib, o‘zbek, rus, nemis tillarida 200 dan ortiq ilmiy asarlar, darsliklar yaratdi, tarjimalar, ilmiy maqolalar e’lon qildi. Xususan, uning «Hammabop ingliz tili» (1997, o‘zbek va ingliz tilida), «Umumiy tilshunoslik» (2010), «Olmon tili leksikologiyasi va frazeologiyasi» (2010), «Qizil kitobga tushmas tuyg‘ular» (o‘zbek va ingliz tilida, 2020) nomli ilmiy kitoblari, «Ming bor eshitgandan bir bor ko‘rgan afzal» inglizcha-nemischa-o‘zbekcha tasviriy-tematik lug‘at (2013), «Diniy atamalar va iboralar» izohli lug‘at (2016)lari, shuningdek, «Ko‘nglim kabutarlari» (1997), «Uyg‘oq satrlar» (2013) she’riy to‘plamlari nashr etilib, ilmiy va keng jamoatchilikka taqdim etilgan.
Ustoz nemis gyoteshunos olimasi Katarina Momsenning “Gyote va islom» («Goethe und Islam», 2012) risolasini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.
Olim Berlin, Leypsig, Moskva, Sankt-Peterburg universitetlari bilan hamkorlik qilib keladi. Xususan, Germaniyaning Leypsig va Yena universitetlaridagi ilg‘or o‘qitish metodlari o‘z davrida Andijon davlat tillar instituti o‘quv jarayonlariga tatbiq etilishiga bosh-qosh bo‘lgan.
Keyingi yillarda mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘qitishni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligi ustozni yanada ruhlantirdi. O‘zining sakson yoshini nishonlayotgan olim g‘ayrat ko‘rsatish, ilmiy-pedagogik faoliyat natijadorligiga erishish bobida ham biz yoshlarga ibrat bo‘lib kelmoqda. Ustozning tashabbusi bilan Andijon lug‘atshunoslik va tarjimashunoslik ilmiy-amaliy innovatsiyalar markazining tashkil etilganligi, ushbu markaz ustoz rahbarligida samarali faoliyat ko‘rsatayotganligi fikrimizga bir misoldir.
Bugungi kunda ushbu markazda turli yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, 11 ta tilda tor sohalar uchun zamonaviy lug‘atlar yaratilmoqda. Ana shu yo‘nalishlardagi muhim xorijiy tadqiqotlar o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda. Ana shu ishlar natijalari kelgusida butun mamlakatimiz ilm-fani uchun, shubhasiz, katta naf keltiradi.
Muxtorxon Umarxo‘jayev yuzlab shogirdlar yetishtirgan, ustozlik maqomining yuqori pog‘onalariga ko‘tarilgan olimlardan biridir. Uning rahbarligida 1 nafar fan doktori, 3 nafar fan nomzodi, 4 nafar falsafa doktori (PhD) o‘zlarining ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Hozir ustoz 10 dan ortiq tadqiqotchiga ilmiy rahbarlik qilib kelmoqda.
Muxtasar aytganda, tinib-tinchimas, tarjimashunoslik bo‘yicha o‘zining ilmiy maktabini yaratgan olim Muxtorxon Umarxo‘jayevning serqirra faoliyati, mazmunli hayot yo‘li biz yoshlar uchun hamisha ibrat maktabidir.
Dilshodbek Rustamov,
Andijon davlat chet tillari instituti rektori, f.f.d. (DSc), professor.
O‘zA