Tarjima – ulkan va ulug‘ ijod. Tarjima qilish katta salohiyat, cheksiz mehnatni talab etadi. Tarjimon ikki tilni – o‘z ona tili va tarjima qilinayotgan asar tilini mukammal bilishi, har bir so‘zni his etishi, o‘sha mamlakat va xalqi tarixi, hayoti, madaniyati va adabiyotini chuqur anglashi lozim. Tarjima shu qadar teran dunyo – ummonki, uning cheki yo‘q, tubi yo‘q. Muhimi, tarjimada asliyatni buzish, unga undagi yo‘q ma’no-mohiyatni aralashtirish, qo‘shish yoki olib tashlash mumkin emas. Shunday ekan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, Ozod Sharafiddinov nomidagi (tarjimonlar uchun) mukofot sohibasi, shoira va tarjimon Oygul Suyundiqova ta’kidlaganidek, tarjima – hech qanaqasiga hunar yoki moddiylik yaratadigan vosita emas. U ijodkorlik, san’at va iste’doddir.
Oygul Suyundiqova bilan suhbatimiz tarjima san’ati, sohaning yutuqlari va yuz berayotgan tendensiyalar haqida bo‘ldi.
– Avval she’r yozishni boshlaganmisiz yoki tarjima qilishni?
– O‘quvchilik paytlarimdan she’rlar mashq qila boshlaganman. Ilk she’rim onamga bag‘ishlangan va tumanimiz gazetasida chop etilgan. A.Blok, Marina Svetayeva, Anna Axmatova kabi ijodkorlarning kitoblari, dunyosi bilan institut kutubxonasida ilk bora tanishdim, o‘qidim va tarjima qilish ishtiyoqi o‘z-o‘zidan keldi. Ilk tarjimam Aleksandr Blokdan edi. Tarjimalarim asta-sekinlik bilan respublikamiz matbuotida chop etila boshladi. She’riyatdan boshlangan tarjimalarim keyinchalik nasrga ham ko‘chdi. Hikoyalar, qissalar, adabiy maqolalar, esselarni tarjima qila boshladim. Bular menda tarjimachilikdagi havas bo‘lib qolmadi, aksincha, ijod deb atalmish ulkan muqim e’tiqodga, qismatga aylandi.
– Tarjima jarayonida o‘zingizga xos usul va odatlaringiz bormi?
– Tarjima men uchun mutolaadan boshlanadi. Rus tilida ko‘p o‘qiyman – vaqtli matbuot, asosan O‘zbekiston Milliy kutubxonasining a’zosi sifatida Rossiya matbuoti, u yerda nashr etilayotgan yangi she’riy va nasriy asarlar, ayniqsa, “Inostrannaya literatura” jurnali sahifalarida rus tiliga tarjima qilinayotgan chet el adabiyoti bilan qiziqaman. Muntazam o‘qib, tanishib boraman. Shu mutolaa menga yangidan-yangi tarjima asarlarini yuzaga kelishiga ham turtki bo‘ladi. Mutolaa jarayonida ko‘p hollarda menga yoqqan she’rlar yoki hikoyalar xayolimda o‘z-o‘zidan o‘zbek tilida jaranglay boshlaydi. Ularni imkoni boricha o‘sha paytlardayoq (xususan, she’rlar) qog‘ozga tushirishga harakat qilaman. Odatda, tarjima qilayotgan paytimdagi sezgilarim, his-tuyg‘ularim meni aldamaydi. Bunga matbuot va kitoblarimga kiritilib, o‘quvchilar qo‘liga yetib borganida yanada amin bo‘laman. Tarjimaning o‘ziga xosligi shundaki, u ikki karra ijod demakdir. She’ringizni bir nafasda, yoki oylab, tashlab qo‘yib, yillab ham yozasiz. O‘zingiz bilan o‘zingiz borsiz unda. Tarjimada esa tarjima qilinayotgan asar ( she’riy va nasriy)larning muallifi boshidan va yuragidan o‘tkazgan, yashagan, kechgan his-tuyg‘ular, fikrlar sizning ham boshingiz va yuragingizdan o‘tishi kerak. Ya’ni, siz o‘sha shoirga aylanishingiz kerak. Shundagina bu asar ikki til adabiyotining boyligiga aylanadi.
– Asliyatga qanchalik sodiq qolish kerak, deb o‘ylaysiz?
– Butunicha sodiq qolish lozim! Asliyatni o‘zgartirib yoki qisqartirib, unga nimalarnidir qo‘shib ham bo‘lmaydi. U toza holatda o‘quvchiga yetib borishi kerak. Bunda tarjimon tarjima qilinayotgan asarning asliyatini saqlagan holda, o‘z ona tilining boyliklaridan bor imkoniyatini ishga solib, qattiq ter to‘kishi, ilhom bilan nafas olishi, ikkinchi til muallifi va asariga hurmat va ehtirom bilan qarashi joiz. O‘qigan va o‘qiyotgan kitoblarimning hammasini ham tarjima qilishim kerak, deb bilmayman. Ya’ni, tanlab o‘qishni maktab va oila muhitida o‘rgangan bo‘lsam, saralab tarjima qilishni institutdagi ustozlarimdan o‘rgandim.
– Tarjimada tuyg‘uni saqlab qolish uchun qanday yondashuv kerak?
– Tarjimada his-tuyg‘uni yaxlit saqlab qolish – o‘ta muhim. Bunda yana mahorat va mahorat, cheksiz ilhom va ijodga muhabbatga tayanamiz. Tarjimon ham tarjima qilinayotgan asar muallifi his etgan, tug‘ilgan va yashayotgan olamda yashaydi. Ya’ni, bitta she’rni tarjima qilish uchun shoir bir vaqtning o‘zida ham o‘zi, ham tarjima qilinayotgan shoir bo‘lib yashaydi. Bunda so‘z bilan ishlash – zargarlik qobiliyati birinchi o‘ringa chiqadi. Tarjimon shoir har bir so‘zni sevib, ardoqlab, yaraqlatib, yayratibgina o‘zining betakror iste’dodini yuzaga chiqara oladi.
– Nima sababdan ba’zi tarjimalar asliyatning ruhini yo‘qotadi?
– Bu holatda tarjimon o‘sha asarning ruhiga kirolmagan bo‘ladi. Ba’zi hollarda tarjima qilinayotgan asar tilini va hatto o‘z ona tilini mukammal to‘liq bilmaslik ham shu holatga olib keladi. To‘siqlar paydo bo‘ladi, tushunmovchilik, chalg‘ish tug‘iladi. Bular asarning mukammal tarjima asariga aylanishiga salbiy ta’sir etadi. Bunda qaytadan chuqur va jiddiy mutolaaga qaytish lozim. Mana shu mutolaa barcha to‘siq va qiyinchiliklarni bartaraf etibgina qolmay, tarjimon ruhiga ruh, ilhomiga ilhom, qalamiga tiniqlik olib kiradi.
– Tarjimon asarni o‘z talqinida “qayta yaratishi” mumkinmi?
– Tarjimon qo‘liga tushgan yangi asar, deylik, bizning tilda jaranglay boshlasa, bu asarning “qayta yaratilishi” yana borib tarjima qilinayotgan asarning yuki, zalvori va ayni paytda, tarjimonning salohiyati va mahoratiga borib taqaladi. Bunda umri tarjimon umridan ham uzun asarlar bilan bir qatorda xazonday uchib borayotgan qo‘shtirnoq ichidagi kitoblarga ham ko‘zimiz tushadi. Ular asl badiiy tarjima asari emas, balki so‘zma-so‘z tarjimaning ham g‘aliz ko‘rinishlaridir. Tarjima shuning uchun ham nozikta’bdir. U gulday xushbo‘ylikni, daryoday tiniqlikni, osmonday kenglikni, vaqt kabi muazzamlik va tuproqday azimlikni xush ko‘radi, istaydi. Shuning uchun tarjimonlikni ikki karra zahmatli ijoddir, tarjimonni esa betakror ijodkordir, so‘z san’atkoridir deya takror – takror ta’riflashdan charchamaymiz. Unga bu baholarni kitobxon bersagina, adabiy muhit va doira tan olsagina, qabul qilsagina, bebaho adabiyot durdonasiga aylanadi.
– Bugungi kunda tarjima sohasida yechim talab qilayotgan kamchiliklar nima?
– Bu savol hamisha har bir davrda, zamonda ko‘ndalang tashlangan. Eng asosiy va muhim masala – ona tilimizda yaratilgan va yaratilayotgan durdona asarlarning boshqa tillarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bevosita dunyo tillariga tarjima qilinishidir. Ya’ni, bizning asarlarimiz boshqa tillardan yana boshqa tillarga o‘girilganda o‘z jozibasini, hatto ma’no va mazmunini, mohiyatini ham yo‘qotishi mumkin. Kamchiliklarni sanashdan ko‘ra ibrat darajasidagi asarlarni yaratishni, so‘zga sodiqlikni afzal bilaman. Bu kamchiliklarning tahlilini ehtimol, adabiyotshunos olimlarimizga qoldirib, yutuq va kamchiliklar doimo bir joyda yurishlarini – xuddi oq va qora rangday, tun va kunday yana bir ta’kidlab o‘tish joizdir. Bu o‘rinda kamchiliklarni tuzatishning, o‘z ustida ishlashning eng maqbul yo‘li kitobxonlik va ustozlar saboqlari, ya’ni ular tarjima qilgan asarlarni sinchkovlik va jiddiy tarzda o‘qib o‘rganish, orzularning katta maqsadlarga aylanishi, cho‘qqilarni zabt etishdan chekinmaslikda, deb hisoblayman. Bu yerdagi yagona ustoz – kitoblar.
– Yosh tarjimonlar nimani bilishlari va nimadan ehtiyot bo‘lishlari zarur?
– Yosh tarjimonlarning, eng avvalo, yuragi – olov, qalami – yorqin bo‘lishi lozim. Qo‘llaridan tushmagan kitoblarga havas qilishlari, hayratlanishlari ularni uzoq yo‘llarga olib boradi. Toki yuraklarida men ham shunday bebaho tarjima asarlarini yaratay, degan orzu bilan nafas olishsin! Dangasalikdan, oldi-qochdi so‘zlardan qoching, o‘zligingizdan kechmang. Kitob o‘qimasam ham, ustozlardan o‘rganmasam ham tilni bilaman-ku, degan havoyi o‘ylardan yiroq bo‘ling. Uchqur asrimizdagi tezkor zamonaviy vositalardan xabardor bo‘lgan holda hamisha xalq hayoti bilan birga bo‘ling, ichiga kirib boring, odamlarning yuz-ko‘zlariga qarang – nimalarni ko‘rayapsiz? Yuragini tinglang – nimalarni eshitayapsiz? Shundagina shu Vatanga, xalqqa, adabiyotga va so‘zga loyiq ijodkor bo‘lib yetishasiz.
– Tarjima sohasida ustozlik an’anasi qay darajada saqlangan, deb o‘ylaysiz?
– Tarjima san’ati bizda qadim-qadimdan yashab kelayotgan benazir ijod, boylik va merosdir. Shuni inobatga olib, davlatimiz va hukumatimiz tomonidan yaqinda tarjimonlar uchun Ogahiy nomidagi mukofotning ta’sis etilishi bejiz emas. Bu – munosib asarlar yaratish, boyligimizga boylik qo‘shish, asrlar davomida yashab kelayotgan tarjima san’atini ko‘z qorachig‘iday saqlab, ardoqlab, avlodlarga yetkazishdir. Bu borada ustozlar yo‘li va tajribasi muhim o‘rin tutadi. O‘zbek klassik tarjima olamini ko‘rsak, unda ulug‘ shoirlarimizning eng ibratli asarlarini ko‘ramiz. Ularni sinchiklab o‘rganish ham ustozlardan saboq olishdir. Bugungi kundagi ulkan darg‘a tarjimon ustozlarimizni bir-bir sanab o‘tishga vaqt ham, so‘zlar ham yetmaydi. Imkoni boricha ularning so‘zlarini tinglab, ma’ruzalaridan bahramand bo‘lib, shu kunning tarjima ijodiy olamini ko‘rish lozim. Shu o‘rinda adabiy matbuot nashrlarimiz, xususan, “Jahon adabiyoti” va “ Sharq yulduzi”, yoshlarimizning sevimli “Yoshlik” jurnallarining har birini o‘ziga xos, tarjima sohasida ham ustozlik qila oladigan adabiy qon tomirlarimiz, deyish umkmin. Bu nashrlarda berib borilayotgan tarjima asarlar har bir kitobxon va ijodkorga juda ko‘p in’omlar taqdim etadi. Bu tarjima maktabining saboqlaridan ayniqsa, yoshlarimiz hamisha o‘zlariga munosib xulosalar chiqarsalar, natijalar a’lo bo‘lishi aniq.
– Tarjimaning ijodingizdagi o‘rni va ta’siri haqida ham gapirib bersangiz.
– Ijod – men uchun kundalik ijodiy ehtiyoj. Bu ehtiyoj mening ruhim, hayotim va his-tuyg‘ularim, orzularimni yetaklovchi, tug‘diruvchi va faqat o‘zimga xos olamimdir. Bunda tarjima hamisha qudrat baxsh etadi, ilhomlantiradi, yuragimni to‘lqinlantiradi. Ya’ni, tarjima – ijodimning bir bo‘lagi emas, o‘zidir – xuddi she’rlarim kabi, kechinmalarimdek. She’rlarim, esselarim va tarjimalarim bir-birisiz yashay olmaydigan, bir-birini to‘ldiradigan dunyolardir. Men bu olamda dunyo adabiyoti bilan birga nafas olaman, uni ko‘raman, u bilan do‘st kabi suhbatlashaman. Shuning o‘zi meni baxtiyor etadi, yashayotganimni his etaman. Yana yashagim keladi, ko‘p yozgim, tinmay o‘qigim, yangi kitoblar bilan ajralmas do‘st bo‘lgim keladi. Menimcha, shuning o‘zi – ijod. Ijodkorni ham, kitobxonni mana shu baxt tuyg‘usi tark etmasin!
O‘zA muxbiri Nigora Rahmonova suhbatlashdi.