Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixning ochilmagan sahifalarini tadqiq etayotgan olim
15:05 / 2025-06-27

So‘nggi yillarda ilm-fanga qaratilayotgan e’tibor natijasida tarix fani hamda tarixchi olimlarning faoliyatida ham katta jonlanish, o‘zgarish yuz berdi.

Jumladan, tadqiqot uchun zarur manbalar bilan erkin tanishish, xolis, haqqoniy tarixni cho‘chimasdan ayta olish va o‘tmishni milliy manfaatlarimiz nuqtai-nazaridan o‘rganishga bo‘lgan intilish natijasida tarix sahifalarida to‘la tadqiq etilmagan, ochilmagan jihatlar teran va mukammal, puxta tahlil etilmoqda, o‘rganilmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Qahramon Rajabov 2025 yil 13 ta kitob nashr ettirdi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ushbu kitoblar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Kitoblar muallifi Qahramon Rajabov so‘nggi yillarda xalqimizga yaqin o‘tmishimiz tarixini xolisona yetkazish borasida mehnat qilayotgan kam sonli olimlardan biri ekani alohida e’tirof etildi.  

Qahramon Rajabovning “Qizil armiyaga qarshi Buxoro” asari AQSHning Michigan universiteti professori Temur Xo‘ja o‘g‘li tomonidan taqdimot qilib berildi.  

Tarix fanlari doktori, atoqli olima Dilnoza Jamolova Qahramon Rajabovning “Turkiston mintaqasida sovet rejimiga istiqlolchilik harakati va  mohiyati (1918 – 1935)” va “O‘zbekiston SSRda sovet rejimining qatag‘on siyosati va uning oqibatlari (1917 – 1991)” kitoblari haqida ma’lumot berdi. Olimaning taqdimoti davomida ushbu kitoblarning yozilishi tarixi, olimning mashaqqatli faoliyatiga alohida urg‘u berildi.

Buxoro davlat universiteti dotsenti Ismat Naimov professor Qahramon Rajabovning “Buxoro mang‘it amirlari” kitobi haqida ma’lumot berdi.

Bu kabi ilmiy kitoblarning tadqimotlari va ilmiy yig‘inlarda bildirilgan fikrlar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni tarixiy bilimlar bilan qurollantirish, yurt uchun kuyunib yashash, tinchlik-osoyishtalik, ozodligimizni ko‘z qorachig‘idek qo‘riqlashdek muqaddas burchni bajarish ishiga xizmat qilishi aniq.  

N.Usmonova,  

O‘zA