Repressiyaning shamoli kaminaga ham oz-moz tegib oʻtgan. Biroq men baxtiyorman.
Repressiyaning shamoli kaminaga ham oz-moz tegib oʻtgan. Biroq men baxtiyorman. Chunki eng birinchi dafʼa buyuk Abdulla Qodiriy tufayli taʼqibga uchraganman. Oʻshanda hali oʻn yetti yoshga toʻlib-toʻlmagan oʻsmir edim. Lekin oʻsha vaqtlarda meni elakdan oʻtkazgan kimsalar Abdulla Qodiriy bilan toʻgʻrirogʻi, uning “Oʻtkan kunlar” romani bilan toʻqqiz yoshimdayoq uchrashganimni bilishmas edi.
Bu 1937-yilda boʻlgan edi. Toʻngʻich akam Solih Abdurazzoqov hali boʻydoq edi. Lekin men boʻlajak kelinoyim – Rahima opamlarning Injiqoboddagi xonadoniga tez-tez qatnab turar edim. Akamdan xat olib borib, Rahima opamdan javob maktubi keltirar edim. Akam ham, boʻlajak kelinoyim ham masrur edilar. Chunki ular “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” kitoblarini oʻqib, biri oʻzini Otabek yo Anvar, ikkinchisi Kumush yoki Raʼno deb tasavvur etar edi. Buni, albatta, keyinroq fahmlaganman.
Oʻsha kezlari Rahima opam “Oʻtkan kunlar”ni qoʻlidan qoʻymas, dugonalarini toʻplab olib, qayta-qayta oʻqib berar, kechasi yostigʻining tagiga qoʻyib uxlar edi. Kitobning baʼzi joylarini yigʻlamasdan oʻqiy olmas, shunda dugonalari ham piqillab yigʻlashar, mening kichkina yuragim gʻashlanib, ularga, ulardan koʻra koʻproq Kumush bibiga achinar edim.
Abdulla Qodiriy bilan mana shunday tanishganman. Men baxtiyorman!
Keyinchalik, 1938-yilda Rahima opam biznikiga kelin boʻlib tushganida oʻqilaverib titilib ketgan oʻsha “Oʻtkan kunlar”ni eng qimmatbaho sep sifatida olib keldi. Men uni oʻzim mustaqil oʻqib chiqmoqchi edim. Menga murabbiylik nuqtayi nazari bilan qaraydigan akam ruxsat etmadi. Juda ham yosh edim-da. Lekin kelinoyim ijozat berdi:
– Siz menga xabarchilik qilgansiz, mayli oʻqing, – dedi u. – Faqat akangiz bilmasinlar. Shunday qilib, “Oʻtkan kunlar” romanini oʻn yoshimda boshdan-oyoq oʻqib chiqdim. Keyinchalik yana qayta-qayta oʻqidim. Yana oʻqiyman.
“Oʻtkan kunlar”ni, “Mehrobdan chayon”ni oʻqish yoki eshitish eng faraxli damlar edi. Keyinchalik, ming toʻqqiz yuz oʻttiz toʻqqizinchi, kirqinchi, qirq birinchi yillarda ham bizning xonadonimizda shu ikki kitob qayta-qayta oʻqildi.
...1938-yil, iyun. Abdulla Qodiriyning Samarqand darvozadagi bogʻi yonida Stalin nomli pionerlar lageri bor edi. Men oʻsha lagerda dam olayotgan edim. Bir kuni choshgoxda shovqin-suron, qiy-chuv, dod-voy boʻlib qoldi. Abdulla Qodiriyning bogʻida ayol kishi baland ovozda nola qilayotgan edi. Biz bolalar oʻsha tomonga yugurdik. Qarasak, bogʻning atrofini militsiya oʻrab olgan, harbiy kiyimdagi uch-toʻrt odam tomga chiqib, tunukalarni buzib, qayirib, nimanidir izlayapti.
Bogʻdagi baland yerga joylashgan hovlida adibning uzun sochlari yoyilgan rafiqasi qoʻllarini boshi uzra koʻtarib, bor kuchi bilan chapak chalib:
– Dod! Hukumatning dastidan dod! – deb figʻon chekyapti. Koʻchani odam bosib ketgan. Hammasi – bir guruh tomoshabin olomon. Militsionerlar ularni haydaydi. Tarqalib ketgan olomon yana qaytib keladi. Xullas, dahshatli manzara.
– Nega bunaqa qilishyapti? – deb soʻradim yonimda turgan sinfdosh oʻrtogʻimdan.
– Abdulla Qodiriyning tilla-pillasi boʻlsa kerak, oʻshani qidirishyapti, – dedi oʻrtogʻim.
Bu gapga hammamiz ishondik. Birinchidan, yosh bola edik. Ikkinchidan, shoirlar, yozuvchilar boy boʻladi, deb eshitgan edik. Siyosatga tushunarmidik biz, yosh bolalar?..
1967-yilda oʻsha dahshatli voqeaning guvohi boʻlganimni Habibullo Qodiriyga aytdim.
– Xotirangizga qoyilman! – dedi u kishi. – Hech narsa qoʻshmasdan aniq aytib berdingiz.
Habibullo aka aytganiday, hikoyam shu darajada aniq ediki, hovlida figʻon chekayotgan onaxonimizning egnidagi koʻylagi-yu, koʻylagining rangiyu guligacha tasvirlab bergan edim. Bolalik xotirasi boshqacha boʻlar ekan-da.
– Oʻshanda Abdulla Qodiriydan nafratlangan boʻlsanglar kerak? – dedi Habibullo aka.
Haqiqatni yashirishning na hojati bor.
– Ha, – dedim men. – Kitoblarini yaxshi koʻrganimiz bilan xalk dushmani ekaniga, millatchi ekaniga ishongan edik. Ishontirib qoʻyishgan edi.
– Oʻshanda hech qanaqa tilla-pilla izlashgan emas, – dedi Habibullo aka. – Uyimizni tortib olib, bizni koʻchirishmoqchi edi.
Dahshatli repressiya vaqtincha toʻxtadi. Uning oʻrnini dahshatli urush, fashizm boshlagan qirgʻinbarot egalladi. Jang maydonlarida ahvol qanday kechganini eshitganmiz, oʻqiganmiz. Biroq front orqasida ham hayot shirin boʻlgani yoʻq. Ochlik, yalangʻochlik, judolik azoblari toʻrt yil davomida odamlarning tinka-madorini quritib yubordi.
Kishi boshiga 300 grammdan non berilar edi. Kartochkaga olgan nonlarini sotib, puliga Abdulla Qodiriyning kitoblarini xarid qilgan odamlarni Hazrati Imom bozorida oʻz koʻzim bilan koʻrganman. Demak, kitobni oʻldirib boʻlmas ekan.
...Shayxontohur darvozasining gʻarbiy qanotida togʻalarimning kichik-kichik katalak hovlilari boʻlardi. Ulardan biri – onamning amakivachchasi Roʻzimat togʻam – Roʻzi akamning hovlisi edi. Men 1942-yildan eʼtiboran oʻsha hovliga qatnay boshladim. Hozirgi Shastri nomli 24-maktabda fizikadan dars bergan Roʻzi akam juda katta kitobxon, har tomonlama bilimga ega darvishnamo odam edi.
78 yil yashab, uylanmay oʻtdi. U kishi menga arab alifbosidagi kitoblarni tutilmasdan oʻqishni oʻrgatdi, tabobatga oid juda koʻp kitobchalar berdi. Oʻqidim. Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Fitrat, Botularning kim ekanligini tushuntirib berdi. Ularning hech qachon Vatan xoini boʻlmaganini, millatchi emas, millatparvar boʻlganini uqtirib, koʻzimni ocha bordi. Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanini, Choʻlponning “Tong sirlari”, “Kecha va kunduz” kitoblarini oʻsha kishidan olib oʻqiganman.
Ming afsuslar boʻlsinkim, 1945-yil yozida Roʻzi akam qamoqqa olindi. 1946-yilning boshlarida sud qilindi. Uch kun davom etgan sud majlisidan keyin besh yil muddatga qamoq jazosiga hukm qildilar. U Oʻzbekiston SSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 2-“b” qismi bilan ayblandi.
Aybnomada aytilishicha, Roʻzi akam sovetlarga karshi ruxdagi adabiyotlarni asragan va tarqatgan. Sovetlarga qarshi ruxdagi adabiyot deganlarida faqat Abdulla Qodiriyning kitoblarini nazarda tutgan edilar. Chunki tintuv vaqtida Roʻzi akamning uyidan boshqa kitoblar topilmagan edi.
Roʻzi akam bilan birga yana toʻrt kishi qora kursida oʻtirgan. Ulardan biri boʻsh vaqtlarida bozorda kitobfurushlik kiluvchi, onda-sonda “Mushkulkushod”ni qoʻlda koʻchirib, ayollarga sotuvchi Muhammadjon aka, degan qirq yoshli kambagʻal, boʻydoq; ikkinchisi – Qori aka, degan baland boʻyli xushmoʻylov kishi, u “util” doʻkonida ishlar edi. U makulaturaga qabul qilib olgan kitoblar ichidan ommabopini ajratib qoʻyib, sotar edi. Uchinchisi – Sharqshunoslik institutining xattoti Abdulla Nosirov. Toʻrtinchisi – Toshkent Tibbiyot institutining talabasi, yaxshi kitobxon Abdulla Poʻlatov degan qashshoq yigit edi.
Roʻzi akam bilan aloqador boʻlgan bu kitobparvarlardan Muhammadjon aka olti yil, Qori aka besh yil, Abdulla Nosirov va Abdulla Poʻlatovlar uch yildan qamoq jazosiga hukm qilindilar. Keyinchalik Abdulla Nosirov bilan Abdulla Poʻlatovni qaytadan sud qilib, oqlab yuborishdi. Qolgan uch kishi jazosini toʻla oʻtab kelishdi.
Oʻshanda Abdulla Nosirovning advokatiga qoyil qolgan edim. Yevropalik yahudiy millatiga mansub bu odam nihoyatda goʻzal, nuroniy edi. Abdulla Nosirov Sharq mumtoz madaniyati uchun kerakli odam ekanligini, eski qoʻlyozmalarni qoʻlda koʻchirish sharafli sanʼat ekanligini mehribonlik bilan taʼkidlab, uqtirdi. Ammo...
Shoʻring qurgʻur uch kishi baribir bekordan-bekorga qamalib ketaverdi. Keyin Muhammadjon akani qayta koʻrmadim. Qori akani bundan bir necha yil burun Chilonzorda koʻrib, ikki-uch daqiqagina suhbatlashdik, xolos. Roʻzi akam vafotidan bir-ikki yil ilgari aqldan ozib, telbalanib yurdi. Abdulla Poʻlatov Andijonda vrach edi, ichkilikka berilib, juda erta oʻlib ketibdi. Ham alamidan, ham vahimadan ichgan ekan, bechora. Abdulla Nosirov yaqinda vafot etdi. Sharafli ishlarni qilib ketdi. Advokatning bashorati toʻgʻri ekan.
...Roʻzi akam qamalganidan keyin 1945-yilning avgust oyida meni NKVDga guvoxlikka chaqirishdi. Bir kun emas, ikki kun emas, bir necha kun qatnadim. Goh kunduzi chaqirishadi, goh kechasi. Tergovdan goh oqshomda, goh yarim kechada, goh tongotarda uyga qaytaman.
Uyqudan qolganim ham mayli-ya, ochiqib, sulayib, sillam quriganini eslasam...
Tergovchi Zotov degan yigirma olti yoshli yigit edi. Ikki yuzi xoʻrozning tojiday qip-qizil, jismoniy sogʻlom bu odam oʻta badqovoq, gʻazabnok va baqiroq edi.
– Yomon baqiroq edi, – dedi Habibullo aka gʻijinib.
Zotovning yonida hamisha jilmayib turadigan, qorachadan kelgan girdigʻum bir oʻzbek yigit boʻlar edi. Ruscha savolga yaxshi javob berolmasam, oʻsha yigit tarjimonlik qilardi.
– Endi bir savolga javob ber, – dedi Zotov bir kuni kechasi. – Husanov sening uyingga kitob olib borganmi?
– Ha, olib borgan, – dedim men. – U kishi doim kitob qoʻltiqlab yurardi. Biznikiga qachon bormasin, qoʻlida kitob boʻlardi.
– Yoʻq, sen menga 1944-yil yozida qanaqa kitob olib borganini aytgin.
– Bu esimda yoʻk.
– Esla, – dedi Zotov. – Yaxshilab esla. Gazetaga oʻralgan kattakon bir kitobni olib borib, senga bergan. Ertasi kuni borib qaytarib olib ketgan.
Men oʻzimni merovlikka soldim. Boʻynimga olmadim. “Esimda yoʻq” degan ikki soʻzni kaytaraverdim. Gapga tarjimon aralashdi:
– Oʻshanda oʻrik pishigʻi edi. Hovlida ukalaring, singillaring bilan oʻrik yeb, danagini chaqib oʻtirgan edinglar. Esingga tushdimi?
– Yoʻq, esimda yoʻq.
Tarjimon oʻsha voqeaning oyi, kuni, soatigacha aniq aytib berdi.
– Esimda yoʻq, – deganimcha bez boʻlib oʻtiraverdim.
Biroq xayolimda oʻsha kungi manzara jonlanaverdi. Oʻsha jazirama yoz kunida koʻcha eshigimiz taqilladi. Borib ochsam, rangi quv oʻchib, koʻzlari ola-kula boʻlib ketgan Roʻzi akam turibdi. Qoʻlida gazetaga oʻralgan qalin kitob.
– Shuni bekitib qoʻy, ertaga olib ketaman, – dedi nafasi ogʻziga tiqilib.
Ichkariga taklif qildim, kirmadi. Kitobni menga berdi-yu, iziga qaytdi.
– Nima qilay, Husanov bilan yuzlashtiraymi?! – dedi Zotov gʻazab bilan.
– Yuzlashtiring, – dedim.
Bahonada Roʻzi akamni bir koʻrib olmoqchi edim. Bir ozdan keyin xona eshigi ochilib, Roʻzi akam paydo boʻldi. Orqasida miltiqli askar yigit. U Roʻzi akamni xonaga yelkasidan itarib kiritdi. Men oʻrnimdan turib salom berdim-u koʻzlarimga ishonmay bir zum qotib qoldim. Chunki Roʻzi akam oz vaqt ichida shishib, tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketibdi.
Savol-javob boshlandi.
– Ha, oʻsha kitobni Azizga olib borib berganman, – dedi Roʻzi akam nihoyatda zaif, horgʻin ovozda. – Uni men makulaturaga topshirmoqchi edim. – Keyin menga yuzlandi. – Esingda bormi? Katta kitob edi... Gazetaga oʻralgan...
Men tan olishga majbur boʻldim.
– Biznikilarga borgin, – dedi keyin. – Menga ovqat olib kelishsin. Bu padari laʼnatilar ovqat bermayapti. Ochman.
U shunday deb yigʻlab yubordi. Bir zumda koʻz yoshlari shishgan yuzidan sizib oqa boshladi. Askar yigit orqasidan miltiqning qoʻndogʻi bilan itarib olib chiqib ketdi.
– Ha, esingga tushdi, a?! – dedi Zotov xunuk tirjayib. – Xoʻsh, oʻsha qanaqa kitob ekan, esingda yoʻqmi?
– Esimda bor, – dedim alamzadalik bilan dadillanib.
– Xoʻsh, qanaqa kitob ekan?
– Birovning omonatini ochib koʻrish yaxshi emas-u, lekin kitob boʻlgani uchun qiziqib ochib koʻrdim.
– Xoʻsh, qanaqa kitob ekan?
– Bilmadim, arab alifbosida ekan. Men arabcha bilmayman.
– Bilmasang bilib qoʻy, – dedi Zotov. – Oʻsha “Oʻtkan kunlar” edi.
– A? – dedim men merovsirab.
Bu kitob “Oʻtkan kunlar”ning chipor muqovaga joylashtirilgan uchala boʻlimi edi.
– Arabchani bilsang, oʻqirmiding?
– Yoʻq, oʻqimas edim.
– Nega?
– Ilgari lotin alifbosida oʻqiganman, – dedim bamaylixotir.
– Eh, onangni! – deb baqirdi Zotov stolni bor kuchi bilan mushtlab. – Afsuski, sen, juhudning bolasi, oʻn sakkizga toʻlmagansan. Boʻlmasa, hoziroq Husanovning yoniga joʻnatar edim!
– Men oʻzbekman.
– Yoʻq! Sen buxor juhudisan! – dedi yana baqirib.
Mana, koʻrdingizmi, Roʻzi akamga “millatchi” degan tamgʻani yopishtirgan kimsaning gapi bu. Ertasi erta bilan Roʻzi akamning uyiga bordim. Onasi Oyxon opoqi, ukasi Abdurahim aka, singlisi Xadicha opa bor ekan. Boʻlgan voqeani aytib berdim. Opoqim bilan Xadicha opam rosa yigʻlashdi. Abdurahim akam ich-ichidan ezilib, bir nuqtaga tikilganicha sukut saqlardi. Ovqat masalasini aytganimda, ayollar figʻon chekishdi. Ular juda koʻp marta ovqat olib borishgan ekan. Lekin oʻsha ovqatlarning birortasi ham bechora, begunoh mahbusning qoʻliga tegmabdi.
Xullas, Roʻzi akam qamalib ketaverdi. Jazo muddatini oʻtab, ozodlikka ham chiqdi-yu, hukmda koʻrsatilganidek, Toshkentdan badargʻa boʻlib, bir necha vaqt Qashqadaryoda yashadi. Men ham shubhali odamning shubhali jiyani sifatida taʼqib ostida qoldim. Uzoq vaqtgacha NKVDning xufiya odamlari orqamdan kuzatib yurishdi...
...Abdulla Qodiriy qanchalik azob chekkan boʻlsa, uning kitoblari ham shunchalik azob-uqubatlarni boshidan kechirdi. Taʼqib qilindi, tahqir qilindi, yerga koʻmildi, suvga oqizildi, yondirildi... Bu haqda, Abdulla Qodiriy kitoblarining koʻrgan-kechirganlari haqida rivoyatnamo voqealar boʻlib oʻtganini, bir oz boʻlsa-da, aytmoqchiman.
1955-yilda bir yigitchadan gʻaroyib voqeani eshitgan edim.
– Oʻqituvchi qoʻshnimiz bor, – deb hikoya qilgan edi u. – Uyining tagida yertoʻla bor. Yertoʻlaning bir burchagiga xum koʻmilgan. Xumning tagiga “Oʻtkan kunlar” bilan “Mehrobdan chayon”ni tashlab, ustiga qum bosib qoʻygan. Har zamon-har zamonda biz oʻsha kitoblarni soʻrasak, tushib olib chiqadi-da, oʻzi bekitiqcha bizga oʻqib beradi. Qoʻlimizga bermaydi. Qoʻrqadi...
Mirsoqi ismli togʻam bor edi. Oʻta taqvodor, oʻta halol, mehnatkash kishi boʻlib, boʻsh vaqtini kitobxonlik bilan oʻtkazardi. Kichik hujraga yashirinib olib, qayta-qayta oʻqiydigan kitoblari “Oʻtkan kunlar” bilan “Mehrobdan chayon” edi. Roʻzi akam qamalganidan keyin vahimaga tushib qolibdi. Bu ikki kitobni koʻp joylarga yashiribdi-yu, bari bir hukumat odamlari kelib tintuv qilguday boʻlsa, topib oladi, deb oʻylabdi.
Nima qilish kerak? Yerga koʻmsa, chiriydi. Yondirsa, yoʻq boʻlib ketadi. Oʻylab-oʻylab, Yunusoboddagi Darvozakent soyiga oqizibdi. Shoyad suvdan birov tutib olib saqlab qolsa, deb umid qilibdi-da. Umid qilishga qilibdi-yu, uzoq vaqt yigʻlabdi. Togʻam bu voqeani Abdulla Qodiriy oqlanganidan keyin menga yigʻlab-yigʻlab hikoya qilgan edi.
Shunday qilib, baxtimizdan oʻrgilaykim, vaqt-soat yetib, Abdulla Qodiriy ham oqlandi. Uning kitoblarini nashrga tayyorlash ishlari boshlanib ketdi. Jumladan, “Mehrobdan chayon”ni Izzat Sulton nashrga tayyorladi. Bu 1958-yil yoz pallasi edi. Yozuvchilarning Doʻrmondagi ijod uyiga birinchi marta borishim edi. Oʻshanda Izzat Sulton “Mehrobdan chayon”ni joʻka tagidagi soʻrida qoldirib, bogʻda tanaffus qilib yurgan edi.
Fursatdan foydalanib, kitobni chinakam moʻjizaday qoʻlimga oldim (Uni sogʻingan edim-da). Varaqlay boshladim. Qarasam, har bir bobning yoniga biror erkak kishining ismi oddiy qora qalamda yozib qoʻyilgan ekan. Bu meni qiziqtirdi.
Buni Izzat Sulton tushuntirib berdi. Uning aytishiga qaraganda, urush paytida bir maktabning oʻninchi sinf oʻquvchilari kitobni kimdandir oʻqishga olib, keyin qoʻlda koʻchirishgan ekan. Qaysi bobni kim koʻchirishi kerak boʻlsa, sarlavha yoniga oʻsha oʻquvchining ismi yozib qoʻyilgan ekan. Oʻshandan keyin bir kuni gapdan gap chiqib, shu voqeani amakimning oʻgʻli Mavlon akamga aytib berdim. U kishi miyigʻida kuldi.
– Oʻsha mening kitobim edi, – dedi u. – Abdulla Qodiriy oqlanganini eshitdim-u ertasi uni “Navoiy” kutubxonasiga olib borib, sovgʻa qildim.
Shunda Izzat Sulton oʻsha kitobni Navoiy nomli kutubxonadan olganini, uni kutubxonaga kimdir sovgʻa qilganini menga aytgani esimga tushdi.
Mana, doʻstlar, Abdulla Qodiriy kitoblarining taqdiri haqida uch lavha shulardan iborat. Bu, shaxsan mening bilganlarim. Bilmaganlarim qancha... Eh-he-e..
Aziz ABDURAZZOQ,
shoir
Manba: “Tarixning nomaʼlum sahifalari”
kitobidan