Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixni uyg‘otgan maqom – buyuk ma’naviy meros
18:02 / 2024-07-10

Bu yilgi maqom festivalining aynan Zominda bo‘lgani ko‘pchilikni hayratlantirdi. Aayniqsa, dunyo mamlakatlaridan tashrif buyurgan mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi. Bahavo, betakror bu diyorning ikki ming yilliklarga borib taqaladigan tarixi maqomlar bilan qayta uyg‘ondi, maqomlar kabi jonlandi, maqomlar kabi yuksaldi.

Xorijdan kelgan bir mehmon “Zomin O‘zbekiston Shvetsariyasi” deganini eshitgandim, ammo ko‘rish nasib qiladimi, yo‘qmi, noma’lum edi. Darhaqiqat, har ikkala diyorda bo‘lgan insonning bu o‘xshatishi shubhaga o‘rin qoldirmaydi. Biroq, asrlar allalagan tog‘larning, 2500 yillik tarixning siru-sinoatlarini hech qaysi makon bilan qiyoslab bo‘lmasligini har bir festival ishtirokchisi, ayniqsa, xorijlik mehmonlarimiz alohida e’tirof etishdi. 

Bilamizki, musiqa, qo‘shiq insonga yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi, ruhiy dunyosini boyitib, tafakkurini bezaydi. Kuy-qo‘shiq har bir insonning milliyligini ham belgilaydi. 

Ko‘pchilik qatori menga ham nihoyatda qiziq: shu qadar murakkab va g‘oyaviy boy bo‘lgan insonni musiqa, qo‘shiq, san’at zabt etishining o‘zi bir ilm emasmi? Yoki maqomga yashiringan tarixning sir-sinoatlarini qaysi notaga solish mumkin? 

Insoniyat ma’naviyatining kaliti deb qaraladigan musiqani, qomusiy bilimlar majmuasi bo‘lmish maqomni ma’naviy ustoz, beqiyos tarbiyachi  deb, atash mantiqan to‘g‘ri bo‘lmaydimi, bo‘ladi albatta.

O‘zbek xalqining 3-4 ming yilliklarga borib taqaladigan o‘tmishidagi “Avesto”, “Bexistun”, “Denkart” kabi qadimiy kitoblarda, Orxun Yenisey bitiklarida, Abu Rayhon Beruniyning “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” va “Hindiston” asarlarida, “Devonu lug‘otit turk”da keltirilgan ma’lumotlar musiqa ajdodlarimiz ruhiyatining ovozi bo‘lganini anglatadi.

Yirtqich hayvonlarni yuvosh, asov daryolarni sokin qilib qo‘yadigan musiqa ilmi ajdodlarimizni bir umr o‘ziga mahliyo etib kelgan. Ushbu ilmni rivojlantirishga homiylik qilish esa har bir mutafakkirga, olimu fuzaloga sharaf hisoblangan. 

Qadim dunyoning qamishdan yasalgan nayi hanuzgacha insoniyat qo‘lida ardoqlanib kelinarkan, kuy-qo‘shiqni ruhimizga madad deb, bilar ekanmiz, demak ma’naviyatimiz ustuni hali mustahkam. 

Ammo, ming afsuski, maqom san’ati muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, ustoz san’atkorimiz Yunus Rajabiydan so‘ng katta tanaffusga yuz tutdi. 

Biz 90 dan ortiq asarlarini musiqaga jo‘rovoz ijro etib, afinaliklarning olqishiga sazovor bo‘lgan, 13 marta g‘oliblik gulchambarini taqqan Esxilni tanidik. Lekin Ergash Jumanbulbul, Po‘lkan Shoir,  Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li kabi katta-katta dostonlarni yoddan aytib beradigan Sharq Gomerlarini tingmayotganimiz, nafaqat tinglamayotganimiz, balki ularning xonishlarini ongli ravishda his etmayotganimiz, onalarimizning alla aytishmayotgani, musiqa ma’rifatiga begonalashayotganimiz, bizni maqomdan, xalq og‘zaki ijodi bo‘lgan san’atimiz tarixidan yiroqlashtirmoqda. 

Kuni kecha dunyo mamlakatlaridan kelgan san’at ixlosmandlari milliy maqom maktabimizning tarixi bilan yaqindan tanishgach, o‘zbek madaniyatining ustunlik jihatlarini yana bir bor e’tirof etishdi. Zominning qadimiy xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan tanishib, maqomchilikda yana bir ulkan maktabni ko‘rishdi. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Farobiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mutafakkirlarimizning ma’naviyatni musiqa beshigida tug‘ilishi va ulg‘ayishi to‘g‘risidagi ilmiy asarlari mohiyatini qayta kashf etishdi.     

Darhaqiqat, maqomlarimiz milliy musiqamiz va milliy qo‘shiqlarimizni uyg‘unlashtirgan, millat ma’naviyatini tarbiyalaydigan bebaho merosimiz sifatida qaralgani bois, uni rivojlantirish allomalarimiz uchun sharafli va mas’uliyatli vazifa hisoblangan. 

Buyuk allomalarimiz, mutafakkirlarimizning musiqaga, maqomga nisbatan ehtiromi, uni rivojlantirishga homiylik sifatida asarlar bitgani millat tarbiyasiga munosabat deb qaralgan. Musiqa, maqom har bir davrda millatimizning go‘zal fazilatlari manbai bo‘lib kelgan. Ijodkorga ilhom, olimga ilm bergan musiqa, maqom ularning eng yaqin do‘stiga aylangan. 

Maqom ijrochiligi qonunlarini buzganlarni jazolash to‘g‘risida maxsus buyruq chiqargan yagona hukmdor sifatida tarixda qolgan Feruz maqomdagi qaysidir asarni noto‘g‘ri ijro etgan, maqom qonunini buzgan bir musiqachining uyi tomini buzdirishga buyruq bergani, bu esa sozanda uchun yaxshigina saboq bo‘lgani haqidagi rivoyatning o‘zi maqomning xalqimiz hayotida nechog‘li muhim o‘rin egallaganini ko‘rsatadi. 

Bashariyatga aql zakovat ulashgan Ibn Sino Abu Nasrdan so‘ng musiqa ilmida yangi davrga asos solgan alloma hisoblanadi. Yoshligidanoq musiqa ilmini puxta egallagan olim musiqani matematikaning bo‘limi sifatida e’tirof etadi. 

Maqom iborasi hali keng tarqalmagan bir davrda “Navo”, “Roh”, “Parda” nomlari bilan yurtilgan musiqa namunalari haqida ilmiy asarlar yozadi. 

Ibn Sinoning o‘z davri musiqiy san’atkorlari ehtiyoji uchun yozgan “Shifo” kitobi “Musiqa ilmi” bobining bugungi kunda London, Hindiston, Qohira kabi mashhur kutubxonalari nusxalari borligi milliy maqomimiz nafaqat millatimizni, balki ko‘plab dunyo ahlining ma’naviy tarbiyachisi, musiqiy asarlarining doyasi bo‘lganini tuyamiz.   

Birgina onalarning allasi haqida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida yozilgan quyidagi jumlalar allaning tarbiyaviy ahamiyatini ilmiy asoslab bergan: “Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun, unga ikki narsani qo‘llamoq kerak. Biri bolani sekin-sekin tebratish, ikkinchisi uni uxlatish uchun odat bo‘lib qolgan musiqa va allalashdir. Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab bolaning tanasi bilan badantarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi hosil bo‘ladi”. 

Olim tomonidan beshik qo‘shig‘i bo‘lgan allaning ovoz pardalari, ya’ni inson ovozi barcha cholg‘ularning otasi sifatida e’tirof etilib, xalq og‘zaki ijodiga mansub bolani yo‘rgaklash, beshikka solish, uxlatish, uyg‘ongan bolani yo‘rgakdan yechib olishdagi ohangdor so‘zlar ham musiqaning, maqomning bo‘lagi deya qaralishi maqom nafaqat san’at, balki tarbiya omili ekanini tushunamiz. 

Bugun bolalarimiz tarbiyasida kuzatilayotgan oqsoqliklarga san’at orqali nuqta qo‘yish imkoniyatining borligi haqidagi mulohazalar ilgarilay boshlaydi. 

Mamlakatimizda maqom festivali har kuni, har bir xonadonda davom etishi mumkin-ku! Onalarimiz farzandlariga alla aytishni qat’iy odatga aylantirsalar, ta’lim sohasida musiqaviy tarbiya dasturlari yaratilsa, ayniqsa, oliy ta’lim dargohlarida milliy cholg‘ulardan ijodiy imtihonlar joriy etilsa, ma’rifat targ‘ibotchilari safiga sozandalarni kengroq jalb etish orqali mahallalarda musiqiy ma’rifat kechalari tashkil etilsa, milliy maqom, xalq og‘zaki ijodi namunalari asosida aynan mahallalarda ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilsa, ayni muddao bo‘ladi.

Maqomlarimizning ma’naviy tarbiyachi sifatidagi jihatlarini ochib berish bo‘yicha ilmiy ishlar, tadqiqotlarni kengaytirishimiz, ajdodlarimizning mazkur sohadagi meroslarini targ‘ib etishimiz ularning ishlarini munosib davom ettirishimiz uchun imkon ochadi.    

2003 yil noyabr oyida “Shashmaqom” YUNESKO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy madaniy merosi durdonasi” deb, tan olingani, 2008 yili umumjahon Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani maqomni noyob xazina sifatida saqlash, himoya qilishdan ko‘ra, uni yanada rivojlantirishni talab etmaydimi? 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aynan o‘zbek xalqi madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlarini o‘rganish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va targ‘ib qilish, maqom san’atini ko‘p asrlik ijro yo‘llarini puxta o‘zlashtirib, ularni yangicha usullar bilan boyitib, yosh avlod vakillariga o‘rgatish bo‘yicha yangi imkonlar eshigini ochmaganmidi? 

Davlat rahbari mamlakat maqom san’ati ustalari bilan uchrashib, maqom san’ati istiqbollari, xalqaro maqom san’ati anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish  borasida suhbatlashgani negizida ana shunday jonkuyarlikni his etishimiz lozim. 

Binobarin, Maqom festivali kabi anjumanlarning o‘tkazilishi milliy o‘zlikni anglash, madaniyatni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, tafakkurini yuksaltirishda san’atning keng imkoniyatlaridan foydalanish, xususan, tarixning ma’rifatli davrini qayta jonlantirish bo‘yicha mas’uliyatli vazifalarni ko‘taradi. 

Bugungi globallashuv davrida, Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek mas’uliyatli vazifani bajarishimizda maqomni jonlantirishimiz farzandlarimiz ruhiyatiga, joniga vatanparvarlikni beshikdan singdirishimiz imkonini beradi, oilalarimizda san’atsevarlikni shakllantirishimiz o‘zaro mehr-muhabbatni kuchaytiradi. San’at, madaniyatning zamirida yotgan ma’rifatparvarlikning xonadonlarimizga, ta’lim dargohlariga keng kirib kelishi tarbiyaviy sohadagi ko‘plab muammolarimizga ham yechim sifatida xizmat qilishi shubhasiz.       

Furqat Jo‘raqulov, 
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 
rahbarining birinchi o‘rinbosari