Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixni “tiriltirgan” adib
09:54 / 2025-05-22

Guliston davlat universitetida taniqli adib, Xalqaro Chingiz Aytmatov akademiyasi akademigi Nurali Qobulning 75 yillik yubileyi munosabati bilan “Elini va yurtini sevgan adib” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tantanada taniqli yozuvchilar, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirni filologiya fanlari doktori, professor Muzaffar Mamatqulov ochib berdi va Nurali Qobul ijodining o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, millat ruhiyati va ma’naviyatini ifoda etuvchi asarlari haqida so‘z yuritdi.

[gallery-23498]

Filologiya sohasidagi yetuk mutaxassislar — falsafa doktorlari Abdunabi To‘ychiyev, Akrom Uzoqov, Gulbahor Qurbonova, professorlar Ravshanbek Mahmudov, Tojikiston Yozuvchilar ittifoqi adabiyot fondi a’zosi Hakim Zokir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, shoir Abdunabi Hamro va boshqalar o‘z ma’ruzalarida adib asarlaridagi badiiy obrazlar, tarixiy voqealarning badiiy talqini hamda inson qalbini chuqur tasvirlashdagi mahorat haqida atroflicha fikr bildirdi.

Tadbir doirasida “Nurali Qobul qadriyati” nomli kitob taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Salkam 700 betdan iborat bu asar Guliston davlat universiteti adabiyotshunoslari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u Nurali Qobul ijodiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar va tahlillarni o‘z ichiga oladi.  

Nurali Qobul ijodida tarix, insoniy tuyg‘ular, vatan taqdiri va vatanparvarlik g‘oyalari muhim o‘rin egallaydi. Uning “Tubsiz osmon” va “Oyqor” singari qissalari adabiyotimizda katta voqea sifatida baholangan. Ayniqsa, 25 jilddan iborat “Temuriylar” epopeyasi yuz ellik yillik tarixiy davrni qamrab olgan benazir adabiy meros hisoblanadi.

Adib asarlari bir qator xorijiy tillarga tarjima qilingan. Shu bilan birga, u dunyo adabiyotining yetakchi namoyandalari — Gabriel Garsia Markes, Chingiz Aytmatov, Roza Aytmatova kabi yozuvchilar asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, milliy adabiyotimiz xazinasini yanada boyitgan.

G‘ulom Primov,

O‘zA muxbiri