Tarixni aks ettirgan ko‘rgazma
Poytaxtimizdagi Ikuo Xirayama Xalqaro madaniyat karvon saroyida buxorolik rassom Muzaffar Abdullayev tavalludining 70 yilligiga bag‘ishlangan “Hayot zafari” nomli shaxsiy ko‘rgazmasining ochilishi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada rassomning 40 dan ortiq rangtasvir asarlari namoyish qilindi.

Tadbirda qayd etilganidek, rassom Muzaffar Abdullayev o‘z ijodida ko‘pincha avtoportretlarga murojaat qiladi. Uning “Avtoportret” (1982) asarida aks ettirilgan tashvishli nigohi, o‘ychan ko‘zlari dunyoda ro‘y berayotgan voqealarni chuqur tahlil va muhabbat bilan kuzatayotgandek tuyuladi.

Muzaffar Abdullayev o‘zining ichki dunyosi, kechinmalari, his-tuyg‘ulari haqida shunday deydi: "Tasvir, personajlar, davrlar ustida ishladim, o‘zimning ishtiyoqim, muhabbatim bilan xalqim, shahrim va viloyatimning rang-barangligi, qadimiy an’analari, boy tarixini suratlarda yetkazishga harakat qildim”.
Ko‘rgazma joriy yilning 5 oktyabrigacha davom etadi.



Gulnoza Boboyeva, O‘zA