Shahrisabz — bu o‘zbek xalqining tarixiy g‘ururi, madaniy xotirasi va milliy o‘zligimiz ramziy manzili.
Har bir tosh, har bir yozuv bu yerda o‘tmish bilan bugunning suhbati, kelajak avlodga qoldirilgan vasiyatdir. Ammo bunda ko‘ngilni xijil qiladigan manzaraga duch kelamiz. Gap shundaki, shahardagi ma’lumu mashhur xiyobon markazida qad rostlagan Sohibqiron haykali ostidagi barelefli yodgorlik lavhasi yozuvlarining ayrim harflari tushib qolgan, ayrimlari esa o‘chib ketgan.
Mana, Shahrisabzga kelgan bir guruh xorijiy sayyohlar haykal atrofida to‘xtab, lavhadagi yozuvni o‘qishga urinayotir. Ular orasida bir nemis ayol yozuvdagi “Amir Temur” va “O‘zbekiston” jumlalaridagi tushib qolgan harflarni ko‘rib, hayrat bilan shunday dedi:
- Bu yerda tarix yodgorligi bor, lekin yozuvlar xuddi unutilgan xotira kabi so‘nib ketgan. Bu Amir Temurga nisbatan hurmatsizlik emasmi?
Uning so‘zlari mahalliy yoshlar orasida jimlikka sabab bo‘ldi. Chunki bu savol yuzimizga tutilgan oyna edi. Tarixiy obidalar faqat toshdan qurilmaydi. Ular e’tibor, g‘urur va xotira bilan mustahkamlanadi. Barelef yozuvlar — bu haykalning ovozi. Ular o‘chsa, tarixga sukutga cho‘madi.
[gallery-25513]
Boshqa mamlakatlarda bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi. Fransiyada har bir tarixiy obida “monument historique” deb e’lon qilinadi va maxsus restavratsiya fondlari ajratiladi. Germaniyada vandalizm jinoyat deb hisoblanadi. Yaponiyada esa har bir obida atrofida ta’limiy belgilar, videokuzatuv va jamoaviy himoya tizimi mavjud. Bizda-chi?
Tarixiy yodgorliklarga befarqlik kelajakka befarqlikdir.
Jamshid NORQOBILOV, O‘zA