Andijon viloyati Marhamat tumanida qadim yodgorliklar, tarixiy joylar, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylash, ularning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan ilmiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
18 aprel – Yodgorliklarni va tarixiy joylarni asrash xalqaro kuni munosabati bilan “Mingtepa madaniy meros” jamoat fondi, Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi hamda Marhamat tuman hokimligi hamkorligida tadbir o‘tkazildi. Unda tarixchilar, yozuvchi va shoirlar, madaniy meros ob’ektlarini asrash va turizm yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi tashkilot, muassasalar vakillari, Andijon, Farg‘ona davlat universitetlari professor-o‘qituvchilari, o‘lkashunoslar, yosh olimlar, yoshlar, ommaviy axborot vositalari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
– Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsad viloyatimizdagi tarixiy yodgorliklarni asrab-avaylash, ana shu joylarda obodonlashtirish ishlari ko‘lamini kengaytirish, turizmni rivojlantirish borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan, – deydi “Mingtepa madaniy meros” jamoat fondi rahbari Ortiqali Husanov. – Qolaversa, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholi, xususan, yoshlarning tarixiy yodgorliklar va muqaddas qadamjolar haqidagi bilim, tushunchalarini yuksaltirish orqali ularda qadim tariximizga, ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat.
[gallery-11515]
Tadbirda yurtimizning tarixiy yodgorliklari, ziyoratgohlari, shifobaxsh buloqlarini asrash, obodonlashtirish, ular haqida aholi, ayniqsa, yoshlarga keng tushuncha va bilimlar berish, ichki turizmni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi mutaxassisi, san’atshunos D.Yusupov, Andijon davlat universiteti tarix fakulteti dekani R.Shamsutdinov, ADU professori M.Abdullayev, filologiya fanlari doktori D.Abdullayeva, Farg‘ona davlat universiteti o‘qituvchisi, tarix fanlari falsafa doktori A.Alioxunovning Farg‘ona vodiysidagi qator moddiy-madaniy meros ob’ektlari, ularning tarixi, ahamiyati, ana shu maskanlarda amalga oshirilgan obodonlashtirish, bunyodkorlik ishlari haqidagi ma’ruzalari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
“Mingtepa madaniy meros” jamoat fondi rahbari O.Husanovning fond tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisoboti tinglandi. Fond tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan “Mingtepa tarixi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari tuman markazidagi “Xotira xiyoboni” da tashkil etilgan “Mingtepa” muzeyi faoliyati, muzeydagi yurtimizning ming yillik tarixidan so‘zlovchi, qadim Dovon davlati davriga oid noyob eksponatlar hamda “Mingtepa” yodgorligi xarobalari bilan tanishdi. Shuningdek, tadbir doirasida “Ajdodlarimizning bebaho madaniy merosi” mavzusida ko‘rgazma va tanlov o‘tkazildi. Ko‘rgazmada tarixiy topilmalar, hunarmandchilik buyumlari, hunarmandlar tomonidan turist va ziyoratchilar uchun tayyorlangan turli-tuman sovg‘alar namoyish etildi.
Tanlovda nafaqat Andijon, balki respublikamizning turli viloyatlaridan 60 nafardan ziyod olim, ijodkor va talabalar o‘zlarining 100 dan ortiq ijodiy ishlari, badiiy va tasviriy san’at asarlari, ilmiy maqolalari bilan ishtirok etdi.
“Eng yaxshi maqola”, “Eng yaxshi ilmiy maqola”, “Eng yaxshi badiiy asar, “Eng yaxshi she’r” singari oltita yo‘nalish bo‘yicha 1-3 o‘ringa loyiq, deb topilgan ijodiy ishlar mualliflari diplom, kitoblar jamlanmasi hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (foto), O‘zA