French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixiy voqelikka aylangan uchrashuv
12:41 / 2022-07-14

Deputat fikri

O‘zbekiston Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi tarixiy va madaniy mushtaraklik bisyor. Mamlakatlarimiz o‘rtasida, xususan, iqtisodiy aloqani chuqurlashtirish uchun keng imkoniyat mavjud. 

O‘zbekiston va Eron xalqlarini ko‘p asrlik boy tarixiy munosabat, hamkorlik bog‘lab turadi. Ikki xalq ichidan ham yuzlab ma’rifatparvarlar, shoirlar, buyuk allomalar yetishib chiqqan. Ular dunyo tamadduniga munosib hissa qo‘shib, xalqlarimiz faxriga aylangan. Ana shunday hamkorlik tobora rivojlanmoqda. 

 Joriy yilning 12 iyul kuni Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga rasmiy tashrif bilan keldi. Bunday tashrif tarixda birinchi marta ekanligi ham e’tiborga molik.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisi Muhammad Boqir Qolibof boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv ham tarixiy voqelikka aylandi. 

Keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarning bosqichma-bosqich rivojlanib borayotgani, mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy va iqtisodiy sohadagi muloqotlarning faollashgani ijobiy baholandi. 

Mazkur uchrashuvlar asnosida ilgari surilgan takliflarning amaliy ijrosi kelajakda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, transport-logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik munosabatlarimizni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. 

Eron Islom Respublikasi Islomiy Kengash Majlisining raisi ta’kidlaganidek, o‘zaro savdo hajmi ortayotgani, ikki mamlakat yetakchi korxonalari va kompaniyalarining sanoat kooperatsiyasi kengayayotgani barobarida O‘zbekiston – Eron mamlakatlari o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2 milliard dollarga yetkazilishi mustahkam hamkorlikning yangi bosqichi bo‘lib xizmat qilishi tabiiy. 

O‘z navbatida, M.Qolibof konstruktiv va amaliy ruhdagi muloqotlarni izchil davom ettirish, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim omil bo‘lgan parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, shu yo‘nalishdagi muloqotlarni ko‘paytirish har tomonlama foydali ekanini qayd etdi. 

Umuman olganda, O‘zbekiston - Eron munosabati ikki tomon manfaatiga javob beradi. Davlatlarimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sishida, hamkorlik taraqqiy etayotganida mintaqamiz hududi va atrofida tinchlik, barqarorlik yo‘lida qulay sharoit yaratishga umumiy intilishimiz namoyon bo‘lmoqda.

Anvarxon TEMIROV, 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

O‘zA