Temuriylar tarixi davlat muzeyi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Tarixiy va badiiy asarlarda Sohibqiron Amir Temur siymosi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida olimlar, adabiyotshunoslar, yozuvchilar va muzey xodimlari bilan bir qatorda “Renessans” ta’lim universiteti talabalari ham ishtirok etdi.
Ma’ruzachilarning Amir Temur siymosining tarixiy manbalar va badiiy adabiyotda aks etishi, uning obrazining shakllanish jarayoni hamda adabiy-estetik talqinlari haqidagi fikrlari tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Amir Temur siymosi tarixiy va badiiy asarlarda murakkab, ziddiyatli, ham ulug‘vor shaxs sifatida gavdalanadi. U buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, adolatli hukmdor, shu bilan birga, qatiyatli strateg sifatida tasvirlanadi.
Manbalarda uning bunyodkorligi va ilm-fanga homiyligi bilan birga azmu shijoatli shaxs sifatida ochib berishga intilishlar kuchli. Umuman olganda, Amir Temurning shaxsiyati hamisha ilmiy va badiiy tahlillar markazida turadi.
Nizomiddin Shomiy, Sharafuddin Ali Yazdiy kabi tarixnavislarning asarlarida Temur — tartib-intizom o‘rnatgan, mo‘g‘ullar hukmronligiga barham bergan, markazlashgan davlat asoschisi, islom dinining targ‘ibotchisi va adolat tarafdori sifatida gavdalanadi.
Amir Temur haqida ko‘plab o‘zbek adiblari asarlar yaratgan. Xususan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirov “Amir Temur siymosi” ilmiy badiasida Sohibqiron obrazini tarixiy haqiqat asosida tasvirlagan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali jahongir bobomiz Amir Temur haqida 16 yillik ijodiy mehnat mahsuli bo‘lgan to‘rt kitoblik “Ulug‘ saltanat” kitob-epopeyasini yaratgan. O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “Sohibqiron” dramasida Temurning ichki dunyosi va davlat arbobi sifatidagi fazilatlarini mahorat bilan ko‘rsatgan. Ustoz ijodkorlar o‘z asarlarida Sohibqironning davlatchilik asoslari, bunyodkorlik ishlari va shaxsiyatini tarixiy manbalar asosida badiiy tasvirlashga intilganlari e’tiborga molikdir.
Amir Temur siymosi tarixiy-badiiy asarlarda nainki mohir sarkarda, balki kuchli siyosatchi, madaniyat homiysi va buyuk bunyodkor sifatida talqin etiladi.
N.Usmonova,
O‘zA