Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixiy uchrashuv yoshlarga kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishladi
18:01 / 2023-09-20

Avval xabar berilganidek, Prezidentimiz AQSHga tashrifi doirasida o‘sha yerda yashayotgan va ishlayotgan bir guruh vatandoshlarimiz hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi ko‘magida yetakchi oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Bu tarixiy kun yoshlar uchun bir umr yoddan chiqmaydigan voqea bo‘ldi. Ularning taassuroti bir olam.

Shuhrat Tog‘ayev,Kolumbiya universiteti magistranti:

- Samarqandning olis hududida, oddiy ishchi oilasida tug‘ilgan bola, vaqti kelib, AQSHda dunyoning eng kuchli 10 ta oliy o‘quv yurti safiga kirgan Kolumbiya universitetida tahsil olishini tasavvur qilish qiyin. Binobarin, men ayni shu orzu bilan yashadim va maqsadimni amalga oshirish uchun tinimsiz o‘qidim. Yoshligimda “Umid” jamg‘armasi sovrindorlari haqida televideniye orqali ko‘rib, radiodan eshitib, hayratga tusharkanman, “bir kun Amerikaning nufuzli universitetida o‘qib, yurtim rivojiga munosib hissa qo‘shaman”, deya ahd qildim.

Yoshim 40 dan oshsa-da, biz uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi bilan faoliyati tiklangan “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyasiga sazovor bo‘ldim. Hozir “Ingliz tili pedagogikasi” mutaxassisligi bo‘yicha PhD dasturida tahsil olyapman. O‘qishni yakunlagach, yurtimizga qaytib, inklyuziv ta’limni rivojlantirishga hissa qo‘shaman. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogiron talabalar ingliz tilini mukammal o‘zlashtirishga ko‘maklashish niyatidaman. Tilni kommunikativ o‘rganish usulini keng joriy qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish rejam bor.

Xorijda o‘qiyotgan stipendiatlar nomidan Prezidentimizga, xalqimga minnatdorlik bildiraman. Zero, biz singari yoshlarga yaratilgan keng imkoniyat, cheksiz g‘amxo‘rlik tufayli minglab o‘zbek farzandlari dunyoning top universitetlarida ta’lim olmoqda.

Yo‘lchi Bo‘riyev, Boston universiteti magistranti:

- Huquq inson hayotini, yashash tarzini hal qiladigan sohalardan biri. Men doim aynan shu yo‘nalish orqali el-yurtga, xalqqa xolis, adolatli xizmat ko‘rsatishni,huquqiy masala, muammolarni adolatli hal etish orqali jamiyatga nafim tegishini orzu qilganman.

2016 yil Toshkent davlat yuridik universiteti yurisprudensiya fakultetiga hujjat topshirdim. Maqsadimni amalga oshirish uchun ko‘p o‘qish, xalqaro tajriba bilan tanishish zarur edi. Shu yo‘lda “El-yurt umidi” jamg‘armasi menga ko‘makdosh bo‘ldi. 2022-2023 yillarda jamg‘arma stipendiyasini olish uchun tanlovda ishtirok etib, baxtlilar safidan joy oldim. Ayni payt AQSHdagi Boston universiteti xalqaro huquq fakulteti magistratura bosqichida tahsil olyapman. Universitetimiz kuchli o‘ttiztalikka kirgan, xalqaro huquq bo‘yicha dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri.

Rivojlangan davlatlarning sara oliy ta’lim muassasalarida o‘qish, Prezidentimiz bilan xorijda uchrashishni tasavvur ham qilmagandim. Kuni kecha davlatimiz rahbari ochiq, samimiy muloqot qilib fikrimizni, taklif va tavsiyalarimizni bildirganimizga haliyam ishongim kelmaydi.

Taassurotim, tasavvurim o‘zgacha. Uchrashuv men kutgandan-da a’lo darajada o‘tdi. Quvonarlisi, muloqot davomida Vatanimizga qaytsak, biz uchun yana barcha sharoit yaratilishi aytildi. Bunday imkoniyatdan so‘ng o‘qimay, izlanmay bo‘ladimi?! Bor kuch g‘ayratimizni ilm olish, jahon tajribasini astoydil o‘zlashtirishga sarflaymiz. Mamlakatimizga aniq xulosa – tajriba va mahorat bilan qaytamiz.

Davron Abdurashidov,Pensilvaniya universiteti magistranti:

AQSHga yaqinda keldim. Kuni kecha davlatimiz rahbari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv, men singari yosh kadrlarga cheksiz kuch-quvvat, ruh berdi. Prezidentimiz bilan ochiq, samimiy muloqot kechdi. Taklif, tavsiyalar barobarida hozirgi kunda uchrayotgan ayrim muammolar, kamchiliklarga barham berish, yechim topish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi. Xususan, yoshlar, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan bog‘liq yangi platforma tashkil etilishi aytildi. Bu loyiha orqali har bir yoshning taklifi inobatga olinib, ular haqida davlat rahbariga axborot berib turilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga stipendiatlar nafaqat nazariy, balki amaliy bilim, ko‘nikmaga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida malaka oshirish jarayoni tashkil etiladigan, har bir stipendiat bilan alohida shartnoma asosida dunyoning eng kuchli kompaniyalarida tajriba o‘rganish imkoni yaratiladigan bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan bir kadrlar bilan bog‘liqligini qayd etdi. Mamlakatimizga butun dunyo e’tibori tushib, eng mashhur kompaniyalarning qiziqishi ortib borayotgani sir emas. Juda ko‘p davlatlar investorlari yurtimizga sarmoya kirityapti. Xususan, bu galgi tashrif davomida ham juda salmoqli investitsiya jalb qilinib, yirik loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bunday yirik loyihalarni amaliyotga joriy etish uchun, avvalo, dunyo talabiga javob beradigan yuqori malakali kadrlar zarur.

Uchrashuvda stipendiatlar va xorijda o‘qiyotgan, ishlayotgan vatandoshlarga mamlakatimizga qaytib, olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirishda ko‘makchi bo‘lish taklif etildi. Men O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligida faoliyat yuritganman. O‘zbekistonga qaytganimdan so‘ng davlat boshqaruvi, davlat siyosatida kadrlar yo‘nalishi bo‘yicha olgan bilim, ko‘nikmamni yurtimizda hayotga tatbiq etish niyatidaman.

Albatta, xalqaro tajribani ko‘r-ko‘rona joriy etish ham to‘g‘ri emas. Ayni shu fikr davlatimiz rahbari tomonidan ham aytildi. Demak, o‘rganilgan bilimni milliy urf-odatimiz, tariximiz, an’ana va qadriyatlarimizni inobatga olgan holda qo‘llash lozim. Shundan kelib chiqib, o‘z yo‘nalishim bo‘yicha kadrlar zaxirasi yaratish, xodimlar faoliyatini to‘g‘ri tashkil qilish bo‘yicha Amerikaning samarador tajribasini mamlakatimizda joriy etish niyatim bor.

Go‘zal Sattorova, O‘zA