Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixiy tepalik (+video)
20:28 / 2025-01-09

O‘lkamizning o‘rganilmagan manzillari

O‘lkamiz insoniyat tarixining eng qadimiy manzillaridan biri bo‘lganini hududlarimizdan topilgan arxeologik topilmalar, yodgorliklar isbotlab turibdi. 

Qashqadaryo viloyati ham mana shunday tarixiy manzillarga boy hudud hisoblanadi.

Yaqinda viloyatning Yakkabog‘ tumanidagi qishloqlardan biridagi maktabda mo‘’jazgina muzey tashkil etilgani va, eng muhimi, u yerda hali o‘rganilmagan qadimiy arxeologik topilmalar borligi haqidagi xabar bizni qiziqtirib qo‘ydi. 

Fotomuxbir bilan birgalikda aytilgan manzil sari yo‘l oldik. 

Ushbu manzil Yakkabog‘ tumanidagi Duyul qishlog‘idagi 44-maktab ekan. 

Dastlab maktab rahbariyati va hamrohlar bilan maktabdagi o‘sha bizga hikoya qilingan muzey faoliyati bilan tanishdik. 

Maktabning tarix fani o‘qituvchisi Sirojiddin Sariqov hamrohligida muzeyni aylanar ekanmiz, u 200 dan ortiq topilma jamlanganini ta’kidlaydi. 2019 yilda tashkil etilgan bu muzey qishloq chetidagi Duyultepa atrofidan topilgan arxeologik osori- atiqalarni jamlash natijasida yuzaga kelgan. Muzeydagi yodgorliklar garchi kamroq bo‘lsada, shu atrofda yashab o‘tgan aholining boy tarixi, milliy urf-odatlari, kiyinish madaniyati, hunarmandchiligi va boshqa xususiyatlari haqida tasavvur qilish uchun yetarli. 

Eksponatlarni tomosha qilar ekanmiz, o‘sha xabarda aytilgan qadimiy arxeologik topilmalar oldida to‘xtaymiz. Mas’ullarning aytishicha, ular ham Duyultepadan topilgan. Sopoldan yasalgan qo‘chqor boshi, ayol tasviri tushirilgan mozayka, ko‘rinishidan ichida biror haykalcha (bu budda haykali bo‘lishi ham mumkin) qo‘yishga mo‘ljallagan, ustida chiroq yoqilgan topilma. Baland olovda pishirilgan ushbu topilmalar hamon asl holatini yo‘qotmagan. 

– Muzeyimizdagi eksponatlarga o‘quvchilarimizning ham qiziqishi yuqori, – deydi maktabning tarix fani o‘qituvchisi Sirojiddin Sariqov. – Bu yerdagi tarixiy buyumlarning asosiy qismi qishlog‘imizdagi Duyultepadan topilgan. Tepaga atrofidagi aholi yaqinlashib borgan sari qurilishlar ko‘paydi, kavlashlar bo‘lgani sababli har xil arxeologik narsalar chiqmoqda. Katta-katta sopol xumlar ham topilyapti. Tosh haykalcha, chiroq yoqiladigan narsa va qo‘chqorboshi muzeyimizdagi eng tarixiy ashyo. Buni zardushtiylik yoki buddaviylik davriga xos deb o‘ylayapmiz. Hali o‘rganilmagan. Albatta, yig‘ilgan eksponatlarning yoshini, tarixiy davrini aniqlasak, yashayotgan makonimizning qanchalik tarixiyligini bilgan bo‘lardik. 

[gallery-21192]

Haqiqatda muzeydagi bu arxeologik topilmalar haqida aniq ilmiy isbotlangan ma’lumotlar yo‘q. Chunki ular hali o‘rganilmagan.  Lekin bunday topilmalar bilan shug‘ullanuvchi do‘stlarimizga ham ularning fotolarini ulashdik. Ulardan kelgan javoblar esa hayratlanarli bo‘ldi. 

Samarqandlik mustaqil tadqiqotchi, tarixchi Akmal Hamroyevning ma’lum qilishicha, ayol tasviri tushirilgan sopol haykalcha zardushtiylik dinidagi ona xudo – Anaxita ramzi bo‘lishi mumkin. Anaxita  zardushtiylik dinida obodonlik va farovonlik ma’budasi hisoblangan. Qadimgi dehqonlar yog‘ingarchilik va hosildorlikni uning mo‘’jizasi deb hisoblashgan. Qadimgi haykaltaroshlar uni bir qo‘lida anor yoki olma ushlab turgan ayol shaklida tasvirlagan. Arxeologik qazishmalarda  Anaxitaning sopoldan yasalgan haykalchalari ham uchrab turadi.

Qo‘chqor zardushtiylikda o‘lim va tirilish, ma’budlar hamda o‘tganlar bilan bog‘lanish simvoli hisoblangan. O‘sha davr insonlarining ongida qo‘chqor obrazi ko‘payish va hayotga tashnalik, ko‘p yashash timsoli sanalgan.

Qattiq jismli ko‘zalar esa simob ko‘zalar hisoblanadi. Ular tibbiy jihoz sifatida foydalanilgan. Akmal Hamroyevning qo‘shimcha qilishicha, zardushtiylik dini kohinlarining o‘zi tabib vazifasini ham bajargan. Katta ehtimol bilan bu ko‘zachalar kohinlarning simob saqlaydigan idishlari bo‘lishi mumkin.

Ushbu ma’lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, Duyultepa ajdodlarimizning qadimiy manzillaridan biri bo‘lganiga shubha yo‘q.

Shu qishloqlik keksalarning aytishicha, Duyiltepa o‘rnida qadimiy shahar bo‘lgan. Bu yerdan Buyuk ipak yo‘lining bir tarmog‘i o‘tgan degan qarashlar ham bor. 

Arxeologik topilmalarga boy bo‘lgan Duyiltepaga ham bordik. Aholi sonining ortishi, uy-joylar qurilishining ko‘payishi evaziga tepalikning asosiy qismi buzib yuborilgan. Saqlab qolingan uchdan bir qismini aylanib tomosha qildik. O‘pirilgan qismlarda sopol buyumlar qoldiqlari, kul qatlami, tarixiy to‘rtburchak g‘ishtlar ko‘zga tashlanadi. 

– Yakkabog‘ tumanida 195 ta madaniy meros arxeologik ob’ekti bor, – deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi mutaxassisi Dilbarxon Turdimurodova. – Ular orasida Duyultepa ham bor. Bularni o‘rganish bo‘yicha hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Bu qishloq qadimiy manzillardan biri. Ota-bobolarimiz bu joydan Buyuk ipak yo‘lining bir tarmog‘i o‘tgan deyishadi. Bu tepalikdan zardushtiylik davriga xos buyumlar ham topildi. Kulolchilik buyumlari ko‘p topilganiga qaraganda shu yerda kulolchilik ustaxonalari ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki kavlangan joylardagi kul va sopol idishlar qoldiqlari bunga ishora. Maqsadimiz bunday tepaliklarni davlat muhofazasiga olish orqali, u yerdagi tarixiy sirlarni ochish, o‘rganish va kelgusi avlodga yetkazish. 

Duyultepa atrofidagi Duyul qishlog‘i odamlari Duyultepaga kelib taqalgan yo‘l ikkiga ajralib ketganiga ishora qilib, qishloq nomini forschadan tarjima qilinganda “ikki yo‘l” degan ma’noni anglatadi deyishadi. Lekin qiziqib topgan manbalarimiz buni inkor qildi. Jumladan, joy nomlari bilan qiziqqan tilshunos olim, professor To‘ra Nafasovning “O‘zbek tili toponimlarining o‘quv izohli lo‘g‘ati” nomli kitobida Duyul qishlog‘i quyidagicha tariflangan: “Duyul Yakkabog‘ tumanidagi qishloq. Temur va temuriylar davrida martabali, obro‘li kishilarga hadya etilgan yer – tuyul. Bu so‘zning o‘zgargan shakli duyul. Ana shunday yerda bunyod etilgan qishloq”, deya izohlangan.

Bundan anglashiladiki, ushbu hududlar o‘z davrining biror-bir martabali kishisiga mulk sifatida berilgan va keyinchalik bu joy odamlar yashaydigan manzilga aylangan. Tepalik ham o‘sha joy nomi bilan bog‘liq. Albatta, bu bizning qarashlarimiz.

Darhaqiqat, tarix sir-sinoatlarga to‘la. Ularni o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish esa sizu bizning burchimiz.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KBAMGgAi7Yg" title="Tarixii tepalik" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari