French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixiy shaxslar obrazini yaratishdagi mas’uliyat: Muhammadjon Rafiqovning yorqin xotirasi...
16:29 / 2022-05-10

Mustaqillikka erishgach, buyuk allomalarimizning hayoti va bosib o‘tgan yo‘llari, ular qoldirgan bebaho ilmiy, madaniy boyliklar va inson ma’naviy kamoloti yo‘lida qo‘shgan benazir hissalarini tarannum etish, teatr va kino san’ati ijodkorlariga juda katta mas’uliyat yukladi.

Shu yo‘lda yaratilgan namunalardan biri «Imom al-Buxoriy» asari bo‘lib, Sadriddin Salim Buxoriy muallifligida rejissyor Maqsud Yunusov ishlagan mazkur asar 1998 yilda videofilm sifatida sahna yuzini ko‘rdi. Bu tarixiy biografik filmning bosh roli - Imom al-Buxoriy obrazi iste’dodli aktyor, Buxoro farzandi, Muhammad Rafiqov zimmasiga tushdi. U buni ko‘p yillar orzu qilgan va uzoq vaqt o‘zini har tomonlama mana shu obrazga tayyorlab borgan edi. Hazrat Imom al-Buxoriy, Xoja Ahmad Yassaviy, obrazlarini yaratsam, degan gaplarni u ustozu shogirdlariga bot-bot takrorlar edi.

Aktyor o‘z qahramonining muomala madaniyatini shu qadar nafosat bilan aks ettirdiki, haqiqatdan ham uning olijanob, ma’naviy barkamol va avliyosifat zotni ko‘rishingiz mumkin. Qahramonga ovoz bergan aktyor G‘aybulla Hojiyevning ham mahoratiga tasannolar aytasan. Mahoratli aktyorning o‘z yurti borasida bildirgan kadrlarida ona Vatan tomon tikilib turgan ko‘zlarida chuqur sog‘inch, mehr va ichikish tuyg‘usi yaqqol his etadi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘shasini tilga olar ekan, yuzlari yorishib, yanoqlarida nim tabassum paydo bo‘ladi.

O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov Muhammadjon Rafiqovni eslab:

- «Men Muhammadjon bilan bitta oliygohda o‘qidim. U bizdan ikki kurs tepada o‘qidi. Biroq, bir-birimiz bilan juda qadrdon edik. U meni Erkinjon, men esa, uni Mahammadjon derdim. O‘qishni bitirishi bilan do‘stim Hamza teatrida ishda qoldi. O‘sha paytlarda bu oliy dargohda ishlab qolish, biz yosh san’atkorlar uchun qo‘l yetmas orzu edi. Muhammadjon Rafiqovdagi tug‘ma iqtidor, go‘zal qaddi-qomat, shirali ovoz, o‘ziga xos salobat uni shu dargohda ishlab qolishiga birinchi sabab edi. Unga bu sahnada ustoz san’atkorlar Toshxo‘ja Xo‘jayevning mehri tushib qolgandi. Shunday qilib, Muhammadjon Rafiqov Hamza teatrida ishlab yurgan kezlarida oilaviy sharoit sabab Buxoroga ketib qoldi. Keyinchalik bilsam, hammasiga uning onasiga bo‘lgan farzandlik va yolg‘iz o‘g‘illik mehri sabab bo‘lgan ekan. Yo‘llar va yillar bizni uzoqlashtirmadi. U Toshkentga tez-tez kelib turar, kelishi bilan meni izlab topib, dildan suhbatini kanda qilmas edi. Buxoroga yo‘lim tushsa, albatta xabar topib, bir so‘lim go‘shada ijod va hayotdan maroqli suhbatlar qurardik. U bilan gaplashish, suhbatlashish, ayniqsa, bir asar ustida ijodiy muloqotda bo‘lish hamisha huzur bag‘ishlagan. Tabiatan kamtar, o‘ta madaniyatli, og‘ir va bosiqlik, donishmandlarcha fikr yuritishi o‘ziga ko‘rk bag‘ishlab turadigan do‘stimning suhbatlarini hamon sog‘inaman, qo‘msayman. Biz Muhammadjon Rafiqov bilan katta-kichik asarlarda turli obrazlarni yaratdik. O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Tohir Malikning «Shaytanat» asarining sahnadagi talqini ko‘p ming sonli tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgan. Mazkur asardagi tabib obrazi ayniqsa, juda ko‘pchilikning mehrini qozondi. Yoddan chiqmaydigan personaj sifatida millionlar e’tiboriga tushdi. Bunga sabab aktyor mahorati va ijrodagi samimiyat deb o‘ylayman.

Muhammadjon Rafiqov o‘ziga berilgan har qanday rolni mahorat va katta muhabbat bilan ijro etardi. Uning o‘sha asar ichida yashay olishi, tomoshabinni o‘ziga sehrlab olishdagi mahorati hamisha meni hayratlantirgan. Men uning tarixiy shaxslar obrazini yaratishdagi mas’uliyati oldida doimo ta’zimdaman. Juda ko‘plab aktyorlarning orzusi bo‘lgan Imom Buxoriy obrazi yoki Sohibqiron Amir Temur qiyofasini gavdalantirishni uddasidan chiqa olgan Muhammadjon Rafiqov, bugun chinakam ma’noda kino va teatr san’atimiz uchun armonga aylandi. U sahnada paydo bo‘lishi bilan tomoshabinni o‘ziga sehrlab olar edi. Hali so‘zga og‘iz juftlamasidan, uning ko‘zlaridagi chuqur ma’no va teran nigohlaridagi ajib tafakkuri, asar maqsadi va mohiyatini ochib berishga xizmat qila boshlar edi.

Al-Buxoriy obraziga qo‘l urish har kimga ham nasib etmadi. Muhammadjon Rafiqov besh vaqt namozni kanda qilmaydigan taqvodor inson edi. Aslo kibrlanmadi. Maqtovlar eshitganda o‘zidan g‘ururlanmadi. O‘ylab qarasam, insondan qoladigani shu ekan. Odamiylik...

Umr degani tez oqib ketguvchi daryo misoldir. Ortiga qaytmas daryo. Shu ma’noda mening sahnadosh do‘stim Muhammadjon Rafiqov ana shu o‘tkinchi daryodan qirg‘oqlarni buzib, daraxtlarni tomirigacha sug‘urib oqmadi. Aksincha, sokin va chiroyli yashab, o‘zidan irmoqlar hosil qildi. Bu irmoqlar uning taqdiriga bitilgan kasbi sabab odamlar qalbiga sizib kirdi».

Aktyorning tarixiy filmlaridagi faolligi tobora shiddatli tus olib boraverdi. Garchi har doim ham kinolar va televizorda rol ijro etavermasada, ammo zimmasidagi barcha rollar talqiniga mas’uliyat bilan yondashar edi. Shuning uchun ham o‘tib borayotgan yillar davomida aktyorning sahna va ekrandagi ijodlari ham asta sekinlik bilan ko‘payib, salmog‘i ortib bordi. U tarixiy va zamonaviy filmlarda, turli janr va mavzulardagi asarlarda har xil xarakterlar, turli toifadagi obrazlarni yaratdi.

Xulosa qilib aytganda, aktyorning rollaridagi alohida xususiyatlari ijrodagi o‘ziga xoslik, xarakterlar va maqsadlarning aniqligi, qahramonlar xarakterining yaqqol ko‘zga tashlanganligi bilan bir-biridan keskin farq qiladi. Aktyorning ijro palitrasi tobora rangbarang bo‘yoqlar bilan boyib bordi. Uning qahramonlari har doim o‘z turish-turmushi bilan, aktyorning tashqi ko‘rinishiga tabiiylik bilan singib ketardi.

Masalan, «Sohibqiron» hujjatli filmidagi Amir Temur obraziga kelsak, aktyorning film monografiyasidan turli davrlarda yaratilgan filmlar o‘rin olgan. Ularning har biri davriy targ‘ib bilan kuzatilgan. Muhammad Rafiqovning ijrosidagi yangi yangi talqinlar va bo‘yoqlar ko‘zga tashlanadi. Aktyor ko‘plab zamonaviy qahramonlar ijrosida ko‘plab tarixiy buyuk shaxslar obrazini yaratish nasib qilgan baxtli ijodkorlardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, rejissyor, Mahkam Muhammedov ta’kidlaganidek, aktyor boshqa san’atkorlarga qarama-qarshi o‘laroq, tabiatning ruhiy holatining turg‘unsizligini hisobga olgan holda, hamisha muntazam mashq qilishga muhtoj shaxsdir. O‘z oldiga qo‘ygan maqsadini bajarish uchun, uning psixo-fizik holati doim ijobiy tayyor turishi kerak. Agar sozanda, soatlab o‘z asbobi bilan kuyni mashq qilmasa, raqqosa tinimsiz o‘z ustida shug‘ullanmasa, hofiz nafasni sozlab turmasa, kuni bekor o‘tganday, aktyor ham ovozini, jussasini, mahoratini uzluksiz charxlab turishi shart.

Muhammad Rafiqovning tinimsiz izlanishlari va tobora mukammallashib borgan ijro texnikasi unga har doim, omad olib keladi. Shunday yuksak, iqbolning «Sohibqiron» nomli hujjatli filmdagi Amir Temur obrazi bu filmda ham aktyor buyuk shaxs timsolida gavdalanar ekan, unda qahramon ruhiyati va kechmishi oliy maqsad etib, belgilangani bois, Amir Temur qiyofasi o‘zining yuksak aql-zakovati, vazmin xarakteri bilan ko‘zga tashlanadi. Yuqorida sanalgan obrazlardagi mazkur xususiyatlarga tayanadigan bo‘lsak, Muhammad Rafiqovning ekrandagi ijodini xalq qahramonlariga xos romantizm deb baholash o‘rinli bo‘lardi.

Bir so‘z bilan aytganda, u kundan-kunga Amir Temur timsolini o‘rganadigan tadqiqotchiga aylanib qolgan edi. Xuddi mana shu bilimi unga, film jarayonida asosiy manba bo‘lib xizmat qildi. U kamera qarshisida Amir Temur hayotining yuksak bilimdoni, o‘ziga xos ijrochisi sifatida jonlangan edi.

Muhammad Rafiqov avvalo, Amir Temurning tashqi ko‘rinishiga katta ahamiyat qaratdi. U ijroga kirishishdan oldin zo‘r berib, obrazning tashqi ko‘rinishini belgilaydigan, kostyumga har tomonlama e’tibor berdi. O‘zining necha yillik tajribasi, bu ulug‘ shaxs hayoti, va ruhiyati borasidagi bilim hamda mulohazalari bois, mantiqli xarakterlari yo‘nalishini belgilab oldi. Xarakter topa olish qobiliyati esa bu safar ham unga pand bermadi. U hujjatli filmda ikkinchi darajali va birlamchi aktyorlar qatorida Amir Temur siymosida ko‘zga tashlanadi biroq, uning yuz ko‘rinishlari operator dastlab ilg‘ab bo‘lmas darajada biroz mavhum holda ko‘rsatsada, zukko tomoshabin umumiy qahramonlar orasidan uni darhol ajratib oladi.

Uning mag‘rur qaddi-qomati dadil, biroq og‘ir qadamlari, tik jussasi boshqalardan yorqinroq ko‘rinardi.

O‘zA