English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixiy obidalar obod bo‘lmoqda
10:53 / 2023-09-20

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, Toshkent restavratsiya instituti arxeologi Yelezaveta Nekrasova, arxeologlar, tarixchi olimlar va madaniy meros sohasi mutaxassislari Buxoro shahridagi Ark qal’asida bo‘lishib, bu yerda xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Yurtimizda xalqimizning qadimiy tarixi va boy madaniyatini tiklash, buyuk allomalarimiz, aziz-avliyolarimizning ilmiy, diniy va ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib etish, muqaddas qadamjolarini obod qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bunga yaqqol misol sifatida ko‘hna va boqiy Buxoroning bundan bir asr avval vayronaga aylangan bosh me’moriy durdonasi “Ark qal’asi”ni keltirish mumkin. Davlatimiz rahbarining milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash va qayta tiklash borasidagi islohotlari natijasida qal’ada ham keng ko‘lamli restavratsiya, ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirildi.

Qo‘rg‘onning 3 gektarga yaqin qismi shu vaqtga qadar vayrona bo‘lib, sayyohlar tashrifi uchun noqulay holatda edi. Hukumatimiz tomonidan Buxoro viloyatidagi madaniy meros ob’ektlarini asrash va saqlash uchun ajratilayotgan mablag‘lar doirasida “Ark”ning ushbu qismida xorijiy sayyohlar va mahalliy aholi sayohati uchun imkoniyatlar yaratildi. Aniqrog‘i, bu yerda madaniy meros, arxeologiya va turizm sohasida yetuk olimlar, tadqiqotchilar va turizm sohasi mutaxassislarning taklif va tavsiyalarini e’tiborga olgan holda “Arxeologik park” tashkil etildi.

Butun hayotini O‘zbekiston, xususan, Buxoro tarixi va arxeologiyasini o‘rganishga bag‘ishlagan Yelezaveta Nekrasova o‘zining ilmiy izlanishlari davomida kuzatgan tajribalari bilan o‘rtoqlashib, hududda amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholadi.

Shundan so‘ng mutasaddilar hududdagi 16-asrga oid “O‘rda hammomi”, 18-asrda bunyod etilgan “Xonaqoh” masjidi, 17-20 asrlarda qad roslagan “Battolg‘oziy” maqbarasi vayronalarida amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirishdi.

Kuzatuv paytida Kubraviylik tariqatining yirik namoyandasi, mutasavvif va shayx Sayfiddin Boxarziy qabri atrofidagi 12-13 asrga oid yog‘och devorning restavratsiya qilinish jarayoni ham e’tibordan chetda qolmadi.

Mutasaddilar Xo‘ja Kalon va Xalifa Xudaydod masjidi, Ismoil Somoniy maqbarasida ham bo‘lishib, bu yerda amalga oshirilayotgan restavratsiya, konservatsiya, ta’mirlash-tiklash va obodonlashtirish ishlari bilan tanishishdi.

Ma’lumot uchun: Yelezaveta Nekrasova “Buxoroning me’moriy atlasi” nomli qo‘llanma muallifi ham hisoblanadi. Qo‘llanmada Buxoroning tarixiy ahamiyati va uning shaharsozlik bosqichlari, shuningdek, qadimiy shaharning buyukligi va rang-barangligi haqida hikoya qilinadi. Unda 14-asr boshi va 20-asr oxirigacha paydo bo‘lgan yigirmaga yaqin tarixiy binolar taqdim etilgan. 

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.