Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixiy obidalar muhofazaga muhtoj yoxud mahalliy sayyohlarda sayyohlik madaniyati nega past?
12:17 / 2022-06-01

FOTOTANQID

Bugun nafaqat Samarqandning, balki yurtimizning tashrif qog‘oziga aylangan Registon maydonini ko‘rish, uning bunyod etilish tarixi bilan tanishish maqsadida dunyoning turli burchaklaridan minglab turistlar tashrif buyurmoqda. Ajdodlarimizning yuksak salohiyati, aql-zakovati tufayli o‘ta aniqlik va bebaho arxitektura asosida barpo bo‘lgan Registon maydoni xorijliklarni e’tiborini tortish bilan birga ularni hayratiga ham sabab bo‘layotgani hech kimga sir emas.

Afsuski, bugungi ayrim zamondosh-yoshlarimiz tomonidan tarbiya, madaniyatdagi nuqsonlar sabab yuksak salohiyatli ajdodlarimizdan qolgan bebaho madaniy merosga nisbatan shafqatsiz munosabat kuzatilmoqda. Xorijlik sayyohlar har bir g‘ishtning joylashuvi, bezaklar, shakllarni sinchkovlik bilan o‘rganib, ajdodlarimizning aql-zakovatiga lol qolayotgan bir paytda, biz kelajagimiz, ertamiz egalari deya e’tirof etayotgan yoshlar shunday bebaho meros – Registon maydonidagi madrasalarning ort qismi devorlariga o‘z “dil izhorlari”, “esdaliklarini” yozib qoldirishmoqda. Nahotki, oddiy madaniyat, fahm-farosatda ham g‘arbdan shunchalik darajada “ortdamiz?!”

Yaqinda oilaviy sayohatga chiqib, Registon maydonining orqa tomonidan o‘tishga to‘g‘ri keldi. Har doim mehmonlar bilan to‘g‘ri kelib-ketib uning ortidagi ahvolidan bexabar ekanman. Sherdor va Tillakori madrasalarining ort qismi devorlari yoshlarning “dil izhorlari-yu esdaliklari”ga to‘lib ketibdi. Ayniqsa, Sherdor madrasasining ort qismi. Ikki maktab yoshidagi qizning bevosita “esdalik” yozayotganligiga ko‘zim tushib, ularni to‘xtatishga harakat qildim. Bir-ikki ogohlantirish bilan qizlar “maqsadi”dan qaytmagach, oldilariga borib jiddiy gaplashdim. Ko‘nglidagi ishi amalga oshmagan qizlar o‘z “e’tirozlarini” bildirib, bu ishni faqat ular emas boshqalar ham qilib ketganligini ro‘kach qilib, mendan “xafa” bo‘lishdi. Ular ketgach madrasa devoriga jiddiy e’tibor qaratdim. Ahvol juda yomon. Tabiat sinovlari – yomg‘ir, qor, issiq, sovuq ta’sirida ta’mirga, mehrga muhtoj bo‘lib borayotgan devorlar yoshlar tomonidan turli bo‘yoqlar, qalam va ruchkalarda yozilgan “esdaliklar” sabab beo‘xshov holatga kelib qolgan, essiz.

[gallery-7378]

Biz ulug‘lab, ko‘klarga ko‘tarayotgan ertamiz egalari – yoshlarning dam olishi, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida konsert dasturlari uyushtirish va hokazolarga e’tibor qaratish bilan ovvora bo‘lib, tarbiya, madaniyatni o‘rgatishda oqsoqlikka yo‘l qo‘yayapmiz, shekilli. Aksincha bo‘lganida butun dunyo e’tirofida bo‘lgan bebaho tarixiy obidalar tarbiya ko‘rmagan yoshlarning “dil izhorlari” doskasiga aylanmagan bo‘lardi.

Shu o‘rinda bir taklifim bor. Tarbiya, madaniyatni o‘rgatish uzoq va mashaqqatli masala. Shuning uchun ertadan kechgacha Registon maydoni oldida o‘tiradigan ichki ishlar organlarining turizm ob’ektlariga biriktirilgan xodimlari va Milliy gvardiya xizmatchilarining bir-ikki nafariga majmuaning orqa qismini ham nazorat qilishni topshirish zarur. Chunki, uch-to‘rt forma kiygan xizmatchi binoning old qismiga ko‘plik qiladi. 

Alisher ISROILOV, O‘zA