Tarixiy nutq saboqlari
Oxirgi toʻrt yil mobaynida mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotida katta ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ilk marotaba oʻzbek tilida yangragan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ham Oʻzbekiston, ham Markaziy Osiyo mintaqasi va ham jahonning global muammolari moʻjaz va konkret tarzda oʻrtaga qoʻyildi.
Yurtboshimiz koronavirus pandemiyasi haqida fikr yuritar ekan, bunday global falokat sayyoramizda soʻnggi yuz yilda kuzatilmagani, bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol koʻrsatgani, hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar oʻzaro bogʻliq ekanini, oʻrtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik oʻta muhim ekanligini isbotlaganini taʼkidladi.
Oxirgi toʻrt yil mobaynida mamlakatimiz siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotida katta ijobiy oʻzgarishlar yuz berdi. Buning natijasida yangi Oʻzbekiston shakllana boshladi. Siyosiy partiyalarning faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining taʼsiri oshdi, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi oʻrni kuchaydi, majburiy va bolalar mehnati toʻliq tugatildi, Inson huquqlari boʻyicha Milliy strategiya qabul qilindi, millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglikni yana-da mustahkamlash davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida eʼtirof etildi, sudlarning mustaqilligi va qonun ustuvorligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan islohotlar amalga oshirildi, korrupsiyaga qarshi kurash yangi bosqichga koʻtarildi va bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi, tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etishga oid bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi, yoshlarning ijtimoiy hayotdagi faolligi kuchaytirildi, bu sohada Yoshlar parlamentlari, Yoshlar ishlari agentligi oʻz faoliyatini boshladi, mintaqa davlatlari oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch, doʻstlik va hurmat muhitini yaratishga erishildi, Markaziy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash sohasida ham samarali hamkorliklar yoʻlga qoʻyildi.
BMT Bosh Assambleyasi minbaridan davlatimiz rahbari oʻzining qisqa, loʻnda, lekin sermazmun va keng qamrovli nutqida mintaqamiz va dunyoning global muammolarini hal etish boʻyicha 6 taklifni oʻrtaga tashladi:
1. BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish;
2. Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish;
3. Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish;
4. BMT huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish;
5. Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb eʼlon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish va ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash;
6. Qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazish.
Koʻrib turganimizdek, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan gʻoyalar va oʻrtaga tashlangan takliflar bugungi kunning umuminsoniy ahamiyatga ega boʻlgan eng dolzarb muammolari va fojialarini qamrab olgan: pandemiya – parlament – aloqalar – Afgʻoniston – ekologiya – qashshoqlik.
Muhtaram Prezidentimizning bugungi murakkab sharoitda yangilanayotgan Oʻzbekistonning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy ahvoli toʻgʻrisidagi hisobotida mamlakatimizda kechayotgan oʻzgarishlar va islohotlar oʻzining yaqqol aksini topgani bilan xarakterlidir.
Oʻylaymizki, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida oʻrtaga tashlangan global ahamiyatga ega takliflar jahon hamjamiyatini befarq qoldirmaydi, taraqqiyparvar va tinchliksevar xalqlarning diqqat-eʼtiborini oʻziga qaratadi, insoniyatning yorugʻ, tinch-totuv, farovon va saodatli hayot kechirishini taʼminlash yoʻlida katta hissa boʻlib qoʻshiladi.
Jaʼfar XOLMOʻMINOV, Respublika Tojik milliy
madaniy markazi raisi, Toshkent davlat Sharqshunoslik
universiteti “Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi” kafedrasi dotsenti