XIX asrning so‘nggi choragi jahon geosiyosatida keskin o‘zgarishlar, yirik harbiy harakatlar va aholining majburiy migratsiyasi bilan tarixda qoldi.
Mazkur jarayonlar nafaqat Yevropa, balki Markaziy Osiyo mintaqasi demografiyasiga ham o‘ziga xos ta’sir o‘tkazdi. Manbalar shundan dalolat beradiki, turli davrlarda taqdir taqozosi bilan O‘zbekiston hududiga kelib qolgan etnoslar bu zaminda nafaqat boshpana topgan, balki o‘lkaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga sezilarli hissa qo‘shgan. Shunday xalqlardan biri – bolgar diasporasining shakllanish va rivojlanish tarixi bugungi kunda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bolgarlarning Turkiston o‘lkasiga ilk ommaviy kirib kelishi 1877–1878 yillardagi rus-turk urushi oqibatlari bilan bevosita bog‘liqdir. Bolqon yarimorolidagi siyosiy barqarorlikning buzilishi va harbiy nizolar natijasida yuzaga kelgan qochoqlar oqimi Rossiya imperiyasi tomonidan yangi bosib olingan hududlarga, xususan, Turkiston general-gubernatorligiga yo‘naltirilgan edi. Bu jarayon shunchaki gumanitar harakat emas, balki o‘sha davr ma’muriyatining o‘lkadagi bo‘sh yotgan yerlarni o‘zlashtirishga qaratilgan rejalarining bir qismi bo‘lgan. Dastlabki bosqichda ko‘chib keltirilganlar Toshkent va Sirdaryo uyezdi (Qurama tumani, Mirzacho‘l) hamda Farg‘ona vodiysining unumdor yerlariga joylashtirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, XIX asr oxirida Turkistonda istiqomat qilgan bolgarlar soni nisbatan oz bo‘lsa-da (100 dan ortiq), ularning iqtisodiy faolligi yuqori bo‘lgan. Ular mahalliy iqlim sharoitiga tez moslashib, an’anaviy dehqonchilik madaniyatiga yangi unsurlarni olib kirdilar. Xususan, sug‘orma dehqonchilik, sabzavotchilik va uzumchilik sohalarida o‘ziga xos agrotexnik usullarni qo‘lladilar. O‘lka qishloq xo‘jaligi bolgar seleksiyasiga mansub yangi sabzavot navlari (sariq pomidor, bulg‘or qalampiri) va mevalar bilan boyitildi. Tarixchilar T.Todorova va L.Jukovalarning ma’lumot berishicha, o‘sha davrda bolgarlar orasida mulkdorlar qatlami shakllanib, ular o‘lka iqtisodiyotida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan.
O‘zbekiston tarixida bolgar ziyolilarining tutgan o‘rni ham alohida e’tirofga loyiq. Bu borada taniqli o‘lkashunos, geograf va etnograf Nikolay Mayev (1835–1896) faoliyati ibratlidir. 1869 yilda O‘rta Osiyoga kelgan N.Mayev “Turkestanskiye vedomosti” gazetasiga muharrirlik qilish bilan birga, ilmiy ekspeditsiyalarda faol qatnashgan. U 1874 yilda o‘lka bo‘ylab ilk ilmiy safarlarini amalga oshirdi, keyinchalik Amudaryo havzasini o‘rganish va temir yo‘l qurilishi loyihalarida ishtirok etdi. N.Mayevning Toshkent muzeyi (hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi) asoschilaridan biri ekanligi va 1890 yilda tuzgan harbiy-tarixiy katalogi uning o‘zbek xalqi tarixini o‘rganishga qo‘shgan hissasini ko‘rsatadi.
“O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, XX asrning birinchi yarmidagi siyosiy voqealar diaspora hayotida turli sinovlarni yuzaga keltirdi. 1916 yilgi tazyiqlar, davlat xizmatidan chetlatish holatlariga qaramay, ko‘pchilik bolgarlar mahalliy aholi bilan yakdil bo‘lib, qiyinchiliklarni yengib o‘tdilar. Ikkinchi jahon urushi yillarida (1944 yil) Qrimdan ko‘chirilgan xalqlar oqimi bilan O‘zbekistonga yana bir guruh bolgarlar kirib keldi. Urushdan keyingi yillarda, xususan, 1950–1960-yillarda O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Paxtachilikni mexanizatsiyalash sohasida tajriba almashish maqsadida yuzlab yosh mutaxassislarning yurtimizga kelishi va Sirdaryo, Toshkent viloyatlaridagi xo‘jaliklarda faoliyat yuritishi o‘zaro do‘stlik aloqalarini mustahkamladi.
1966 yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng poytaxtni qayta tiklash ishlarida bolgar quruvchilarining ishtiroki ham muhim o‘rin tutdi. Sofiya, Xaskovo va Burgas shaharlaridan kelgan ellikdan ortiq mutaxassislar shaharning yangi qiyofasini yaratishda jonbozlik ko‘rsatdilar. Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik siyosati barcha diaspora vakillari qatori bolgarlar uchun ham o‘z tili, madaniyati va an’analarini asrab-avaylash imkonini berdi. N.M.Todorov kabi olimlar, M.A.Nenasheva singari pedagoglar va A.D.Chendov kabi harbiylarning faoliyati buning yaqqol dalilidir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bir asrdan ortiq vaqt davomida o‘zbek zaminida yashab kelayotgan bolgar diasporasi tarixi – bu xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va hamjihatlik solnomasidir. Ajdodlarimizning bag‘rikengligi, turli millat vakillariga o‘z yaqinlaridek munosabatda bo‘lishi natijasida bugungi ko‘p millatli yagona oilamiz shakllandi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA