Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixiy haqiqat va adolatni tiklash yo‘lidagi qadamlar
14:36 / 2025-12-24

O‘tgan asrning mash’um qatag‘on davri millatimiz boshiga qora kulfatlarni yog‘dirgan, minglab insonlar va ularning oila a’zolarini cheksiz qayg‘uga solgan, aziyatda qoldirgan og‘riqli davr sifatida tarixga muhrlanib qoldi. 1937-1953 yillarda mustabid tuzum tomonidan 100 mingdan ziyod vatandoshimiz qatag‘on siyosatining qurboni bo‘lgani achinarli. Ularning 13 ming nafari otib tashlangan, minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunga jo‘natilgan.

Ko‘plab atoqli davlat va siyosat arboblari, ilm-fan, ma’rifat namoyandalari, ijodkorlar, ziyolilar, din ulamolari, harbiy soha va sud-huquq tizimi xodimlari, ishchi-dehqonlar va ularning oila a’zolari qatag‘on davri qurboni sifatida azob-uqubat chekishgan, aksariyatining yosh umri xazon bo‘lgan.  

Mustaqillik yillarida o‘zlikni anglash, tarixiy haqiqat va adolatni tiklash, millat ma’naviyatini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi, qatag‘on qurbonlarining nomini abadiylashtirish, millat ravnaqi yo‘lidagi faoliyatini o‘rganish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, keyingi yillarda bu borada Prezidentimiz tomonidan bir qator qaror, farmon va farmoyishlar qabul qilinib, ularning doirasida muayyan ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga molik.  

Jumladan, 2024 yil 19 iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qatag‘on qurboni bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyatini o‘rganish, tadqiq etish, ularning nomlari va xotirasini abadiylashtirishda muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.  

Qarorga ko‘ra, siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etilib, uning zimmasiga bir qator muhim vazifalar yuklatildi. Xususan, qatag‘on qurbonlarining faoliyatini o‘rganish, ularni nomma-nom aniqlash, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylar, kutubxonalar va turli fondlarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash va tadqiq etish, ommalashtirish choralarini ko‘rish belgilab berildi.  

O‘sib kelayotgan yosh avlod vakillariga tariximizning har bir davri haqida aniq va ishonchli ma’lumotlar yetkazish muhim. Bu borada qatag‘on davri haqiqatlarini o‘rganishda mazkur qarorda belgilanganidek, qatag‘on qurbonlarining avlodlari va yaqinlari, o‘sha davr voqealariga guvoh bo‘lgan insonlarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy manbalarni, noyob suratlarni to‘plash ishlari alohida ahamiyatga ega.  

Ayniqsa, chet eldagi turli fondlar, arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, mavzuga oid ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish vazifasi qo‘yilgani surgunga uchragan, xorijiy yurtlarda xoki qolib ketgan yurtdoshlarimiz haqida ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lishga zamin hozirlaydi.

Shuningdek, qarorda yosh avlodni Vatanimiz ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan buyuk ajdodlarimiz xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning jasorati va ibratli faoliyatini targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yo‘lga qo‘yish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.  

Darhaqiqat, yoshlarni o‘tmishimizning shonli davrlari bilan birga, “Katta qirg‘in”dek qora kunlari ham borligiga oid xabardorligini oshirish ularni bugungi tinch-osoyishta kunlarni qadrlashga undaydi, millatparvar ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishlariga chorlaydi. Shu maqsadda ta’lim maskanlarida muntazam rvishda qatag‘on qurbonlari va jadidlik harakati namoyandalariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etib borilishi alohida ahamiyatga ega.

Muhtarama Komilova,

O‘zA