French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarixiy film yaratish kishiga katta mas’uliyat yuklaydi
15:35 / 2021-08-30

O‘zbek kinosi rivojlanish yo‘lida.

Bunda kinoshunos olimlar yosh va iste’dodli ijodkorlarning ham o‘rni katta, deya e’tirof etishmoqda.

Ana shunday iste’dodli rejissyorlardan biri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Jahongir Ahmedov O‘zA muxbirining ayrim savollariga javob berdi.

– Rejissyor sifatida salmoqli ishlar qilyapsiz. Siz ishlagan “Ilhaq» filmi ancha mashhur bo‘ldi. O‘zingizga va ijodiy jamoangizga ko‘plab dovrug‘ keltirdi...

– Har qanday faoliyat o‘z tajribasini, kasbiy malakasini ishdan ishga, amaliyotdan amaliyotga charxlab boradi. Bizning ijodiy guruhimizda ham aynan mana shu jarayon kechyapti, desam to‘g‘ri bo‘ladi. Ijodkorlarimizning asosiy qismi yoshlardan iborat bo‘lib, o‘rtacha o‘ttiz yoshni tashkil qiladi. Tabiiyki, ular qanchalik iste’dodli bo‘lmasin, tajriba nuqtai nazaridan kamchiliklar ko‘zga tashlanadi. Shuni to‘g‘ri anglagan holda ijodiy guruhimiz tarixiy janrga qo‘l urishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymadi. 

Dastlabki qadam sifatida “Islomxo‘ja” badiiy-publitsistik filmi ishlandi. Bu filmning adabiy ssenariysi muallif Jo‘rabek Ro‘zmetov tomonidan dastlab hujjatli filmga moslab yozilgan edi. O‘sha ssenariyni Badiiy kengashga taqdim qilganmiz. Badiiy kengash biz bilan gaplashgach, “Materialinglar juda boy ekan, o‘zinglar ham chuqur kiribsizlar davr tarixiga, bu filmni to‘laqonli badiiy film qilib ishlasanglar-chi”, degan edi. 

Albatta, bunday taklif har qanday ijodkorga yoqishi tabiiy, shunday ekan, bizga ham yoqdi. Ammo o‘ylab ko‘rish uchun vaqt so‘radik. Nega? Chunki tarixiy film ishlash bu juda katta mas’uliyat ekanini yaxshi anglab turgandik. Ijodiy guruhimiz bilan jiddiy maslahat qilib, badiiy kengash a’zolariga to‘laqonli, katta badiiy film qilish yo‘lidan bora olmasligimizni aytdik. Badiiy-publitsistik janrni tanladik. Bu janr yarim hujjatli bo‘lsa-da, ayrim sahnalarni badiiylashtirishga imkon berardi. Ko‘p yillar tarixiy filmlar ishlanmagani, natijada biz kabi yoshlar suratga olish maydonlarida tajriba orttirmaganimiz bunday qarorga kelishimizga sabab bo‘lgandi. Keyinchalik bu juda to‘g‘ri qaror bo‘lganini amalda ham ko‘rdik. Rassom-dekoratorlar, libos rassomlari, grimm ustalari, kaskadyorlar umuman tarixiy film yaratish uchun zarur ijodkorlar uchun tajriba suv bilan havo kabi zarur edi.

 Yoshlarimiz amaliyotda barchasini o‘zlari ko‘rishdi, o‘z qo‘llari bilan amalga oshirib ko‘rishdi. Yutuqlarga o‘zlarining xatolari ustida ishlab erisha boshlashdi. Natijada “Islomxo‘ja” filmida bosh grimm ustasiga yordamchi bo‘lib ishga kelgan Zilola Sobirova “Ilhaq” filmida bosh grimm ustasi bo‘lib ishladi. Shu kungacha asosan dekoratsiyalar bilan shug‘ullanib kelgan yosh rassom Bahriddin Shamsiddinov “Ilhaq” filmida bosh rassom bo‘ldi. “Islomxo‘ja” filmida o‘zining ilk tarixiy kartinasini suratga olgan operator Jahongir Ibragimov “Ilhaq” filmida bosh operator sifatida ishlab, eng murakkab sahnalarni suratga olishdek mas’uliyatni o‘z yelkasiga ola bildi. Mana shu ijodkorlarning barchasi 30-32 yosh oralig‘idagi yoshlar. Ya’ni yana uzoq yillar o‘zbek kinosiga ko‘plab yaxshi asarlarni taqdim qilishadi nasib etsa. Ijodiy guruhimiz filmdan filmga orttirgan tajribalari yordamida yanada muvaffaqiyatli, xalqimiz ko‘nglidan joy oluvchi, badiiy jihatdan pishiq kinoasarlar yaratish umidida.

– Siz komediya janrida ham yaxshigina filmlar qilgan edingiz? Bugun o‘zbek kinosida aynan komediya janrida yaratilayotgan filmlar kamaygandek. Sizda yaqin yillarda ushbu janrda yangi kartinalar ishlash rejasi bormi?

– To‘g‘ri, ijodimni aynan komediya janridagi filmlar bilan boshlaganman. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsam, talab ham asli shunga edi-da. Institutni tamomlagach, katta kinoga yo‘l qidirib, kinoga aloqador tashkilotlar, kinostudiyalar deyarli barchasining eshigini qoqib boraverganman. Prodyuserlarga qisqa metrajli filmlarimizni ko‘rsatar edik, ularga yozgan ssenariylarimizni o‘qib chiqish uchun qoldirardik. Shunda taniqli kinoprodyuserlardan biri komediya janrida film qila olasizmi, deb qoldi. 

Yoshmiz, ijodga chanqoqmiz, bu taklifni jon deb qabul qilganmiz. Shunday qilib “Uylanish” filmi ishlandi. Yoshlarga ma’qul keldi film. Kinoteatrlardagi namoyishlarda kinozallar liq to‘ldi. Tabiiyki, menga takliflar ko‘paydi, hammasi komediya janridagi film uchun. Shunday qilib, ketma-ket komedik filmlar ishlay boshladim. O‘sha filmlarimizni hali- hamon bayram kunlari turli telekanallar orqali ko‘rsatishayotganini ko‘rsam, quvonaman. Balki, vaqti kelib, albatta, bu janrga yana qaytarman, ammo hozir tarixiy janr to‘laligicha o‘ziga rom etgan.

– O‘zbek kinoijodkorlari orasida sog‘lom raqobat bormi? Rejissyorlar bir-birlarining filmlariga erkin baho berib, kamchiliklarini oshkor ayta oladimi? Oxirgi ishlangan qaysi o‘zbek kinosidan ko‘nglingiz to‘ldi.

– To‘g‘risini aytaman, rejissyor rejissyorning filmiga baho bera olishiga menda ishonch yo‘q. Chunki har bir rejissyor o‘z qarashiga ega. Rejissyorlar bu ishni qilishmagani ma’qul. Tahlilchilar bor, mutaxassislar bor. Qolaversa, muxlislar va vaqt o‘z hukmini aytadi. Raqobat esa har doim bor. Sog‘lomi ham, nosog‘lomi ham . Men bu borada doim o‘ylayman. Ijodkorning eng katta raqobatchisi – bu o‘zi. Kechagi sen, bugungi sen va albatta ertangi sen. 

Eng og‘iri, mana shu raqobatda g‘olib bo‘lish! Kechagi xatolardan keyingi o‘ta ehtiyotkorlik ba’zan bugungi ishlaringda seni qiynaydi. Natijada ertangdan ham xavotirlanasan. Kechagi muvaffaqiyat ham shu bugungi ishlaringni qilayotganingda qandaydir bosim beradi. Go‘yoki, kechagi omadli ishing qulog‘ingga pichirlab, bu ishing men kabi zo‘r bo‘lmaydi, deyayotgandek. Raqobatni men hozir shunday tushunaman. Hamkasblarimning filmlarini doim kuzatib borishga intilaman. Yaxshi filmlar talaygina. Umid Hamdamovning “Issiq non”, Yolqin To‘ychiyevning “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i”, Ayub Shahobiddinovning “Rangsiz tushlar” filmlarini alohida ko‘rsatishim mumkin.

– O‘zbek kinolari tanqid qilinganda, nuqul yaxshi ssenariylar yo‘q, deya ayb qo‘yiladi. Xalq yozuvchilari, taniqli adiblar tomonidan ko‘plab badiiy asarlar yozilyapti. Rejissyorlar ularni kuzatadimi, badiiy asarlarni o‘qib film ishlash istagi tug‘iladimi? Sizda bu jarayon qanday kechadi? Siz ham yaxshi ssenariy kelishini kutib o‘tirasizmi?

– Albatta, badiiy asarlar asosida yaratilgan filmlar hamisha kuchli bo‘lgan. “O‘tkan kunlar” filmi Abdulla Qodiriy romani asosida, “Shum bola” filmi G‘afur G‘ulom qissasi asosida suratga olingan. Mana shu filmlar isbot qilib turibdi hammasini. “Ilhaq” filmining ssenariysiga ham ustoz adibimiz O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Alinazar Egamnazarovning “Besh jangchining onasi” hikoyalari asos bo‘lgani, keyinchalik filmning ta’sir kuchi ortishiga, davr muhitini to‘la his qila olishimizga sabab bo‘ldi. Filmga yana bir ustoz yozuvchimizni adabiy muharrir sifatida jalb qildik. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam muharrir sifatida filmning badiiy puxtaligini oshirish uchun katta hissa qo‘shdi. Bundan keyingi ijodiy ishlarimizda ham ustoz yozuvchilarimiz bilan hamkorlik qilish niyatidamiz.

– Ayni kunlarda nimalar bilan bandsiz? Ijodiy rejalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz...

– Hozirgi kunda Yoshlar ishlari agentligi buyurtmasi bilan “O‘zbekistonlik” deb nomlangan hujjatli filmni suratga olyapmiz. Film xorijdagi vatandoshlarimizning muvaffaqiyatlari haqida hikoya qiladi.

O‘zA muxbiri D. Mamatova suhbatlashdi.