Bugungi kunda mamlakatimiz o‘zining muhim strategik hamkorlari, shu jumladan Koreya Respublikasi bilan o‘zaro iqtisodiy, madaniy aloqalarni tobora mustahkamlab bormoqda.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivoj topayotganining birgina isboti, Namangan viloyati hamda Janubiy Koreyaning hududlari bilan hozirga qadar 20 dan ortiq delegatsiyalar almashinuvidir. Savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, elektronika, farmatsevtika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha 10 dan ziyod sohalar bo‘yicha keng hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Koreyaning janubiy-markaziy mintaqasida joylashgan Kyonsan shahri merining o‘rinbosari Li Kang Xak boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatiga uch kunlik tashrifi ikki tomonlama hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishiga katta yo‘l ochdi. Ikki shahar rahbarlari o‘rtasidagi rasmiy uchrashuvda Namangan shahar hokimi G‘ofurjon Jamolov joriy yilning iyun oyida o‘zbek delegatsiyaning Koreyaga tashrifi o‘zaro hamkorlik borasida ko‘pgina amaliy muloqot va kelishuvlarga imkon yaratganligini ta’kidladi.

Namangan va Kyonsan shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni o‘rnatishga qaratilgan “Birodar shaharlar” kelishuvini imzolashga tayyorligini bildirdi. Qayd etilganidek, Namangan viloyatida Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda umumiy qiymati 23 million dollarga teng 12 ta yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Hozirda, viloyatda 25 dan ortiq qo‘shma korxona barqaror ishlab turibdi. Buning samarasi o‘laroq ikki tomonlama umumiy savdo aylanmasi, 2022 yilda 12 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 20 million dollardan oshdi.
E’tiborlisi, Namangan shahrida Koreyaning dunyoga mashhur “Yodju” texnika institutining filiali tashkil qilindi. Kyonsan shahri sanoati mashina detallari, qurilish, raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan bo‘lib, bu borada yuqori natijalar qayd etilmoqda. Ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha koreyalik dasturchilar va soha mutaxassislari bilan hamkorlikda yangi “IT School” faoliyatini boshlagani mehmonlar e’tiborini tortdi.
Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxona markazida Kyonsan delegatsiyasi va viloyatdagi axborot texnologiyalari hamjamiyati vakillari o‘rtasidagi uchrashuv ham qizg‘in ruhda kechdi. “IT Park” rezidentlari hamda hududdagi dasturchilar ishtirokidagi uchrashuv avvalida uyushtirilgan ko‘rgazmada bir qator tadbirkorlik sub’ektlari, biznes, tibbiyot, ta’lim va ko‘plab sohalarda o‘zlarining zamonaviy yechimlarini taklif qiluvchi dasturiy mahsulotlarini namoyish etildi.

Namangan viloyati elektron hokimiyatni rivojlantirish markazi rahbari Baxtiyor Oxunboboyev ta’kidlaganidek, ayni kunlarda viloyatda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida 566 ta korxona mavjud bo‘lib, ularning 147 tasi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Joriy yilning olti oyi mobaynida viloyat bo‘yicha ko‘rsatilgan aloqa va axborotlashtirish xizmatlari hajmi 444,7 milliard so‘m, kompyuter dasturlash xizmatlari ichki aylanmasi 16,9 milliard so‘mni tashkil etdi. Koreyalik mehmonlar tashrif davomida bir qator ishlab chiqarish korxonalari, shuningdek diqqat sazovor maskanlar, tarixiy qadamjolar, jumladan Axsikent arxeologiya merosi ob’ekti va Axsi sayyidlari majmuasida bo‘ldi.


– Buyuk tamaddun o‘chog‘ida ekanimizni his etib turibmiz. Axsida ko‘hna tarix bilan to‘qnashdik. Bu yerda o‘zbek-koreys aloqalariga oid artefaktlarni borligi bizni hayratlantirdi, – deydi Koreyaning Kyonsan shahri merining o‘rinbosari Li Kang Xak. – Tarixni e’zozlagan millatning kelajagi buyukdir. Axsikent misolida Namanganda bu borada amalga oshirilgan ishlar har qancha e’tirofga sazovor. Bu biz uchun ham ibratdir. Bizda Shilla deb nomlanuvchi tarixiy maskan bor. U yerdagi tosh haykallarda mamlakatlarimiz hamkorligi tarixi ming yillarga borib taqalashini isbotlovchi dalillar mavjud. Axsikentda barpo etilayotgan ochiq osmon muzeylari delegatsiya a’zolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA