Markaziy ko‘rgazmalar zalida rangtasvirchi rassom Rahimjon Rizomuhamedovning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “Tarixingdir ming asrlar” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Rassom R.Rizomuhamedov P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtida, keyinroq Toshkentda teatr va rassomlik sohasidagi oliy o‘quv yurtida tahsil olgan. Institutni tamomlagach, aspiranturada O‘zbekiston xalq rassomi Rahim Ahmedov rahbarligida o‘qidi.
R.Rizomuhamedov serqirra, keng diapazondagi ijodkordir. U portret, manzara, tarixiy mavzudagi asarlar muallifi bo‘lib, ijoddan, izlanishdan sira charchamaydi. Rassom peyzaj asarlarida ona-tabiat, tarixiy obidalarni aks ettiradi. R.Rizomuhamedov o‘zining portret asarlarida obrazlarning xarakteri va ichki hissiyotlariga chuqur kirib bora olgan va professional mahorat bilan yaratgan.

Rahimjon Rizomuhamedovning asarlari Buyuk Britaniya, Malayziya, Turkiya, AQSH, Fransiya, Isroil va boshqa mamlakatlarning shaxsiy kolleksiyalariga kiritilgan. Rassom tarixiy rangtasvir janrida Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Beruniyga bag‘ishlangan turkum kartinalar yaratdi.
Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan 200 ortiq asarlar – tarixiy asarlar, manzaralar, portretlar, natyurmortlar o‘rin olgan.
Qirq yildan ortiq vaqt davomida u Kamodiddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Teatr bezagi kafedrasida yoshlarga tasviriy san’at sirlarini o‘rgatmoqda. Ko‘rgazmada uning shogirdlari – Abduhakim Karimov, Tatyana Fadeyeva, Nosir Husanov, Qodir Ahmedov, Rinat Bekberganov va Matluba Yusupovaning asarlari ham taqdim etildi.
N.Usmonova, O‘zA