Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tariximsan, taqdirimsan, ona tilim
18:51 / 2021-01-22

Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida tashkil qilingan ma’naviy-ma’rifiy dars mashg‘ulotlari davlat tili targ‘ibotiga bag‘ishlandi.

“Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!” mavzusida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarga tilshunos olimlar, yozuvchi va adiblar taklif etilib, dars jarayonlarida o‘zbek tilini rivojlantirish, uning qadr-qimmatini oshirish, vazirlik tizimida davlat tilida ish yuritish kabi mavzularga doir fikr-mulohazalar yuritilib, xodimlarga zarur tavsiya hamda ko‘rsatmalar berildi.

Jumladan, vazirlik markaziy apparatida tashkil qilingan mashg‘ulotga O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori, filologiya fanlari nomzodi Ravshan Jomonov taklif etildi. Ma’ruzachi o‘z so‘zida o‘zbek tilining boy va betakror tillardan biri ekanligi, ushbu tilda yuksak san’at va madaniyat namunalari yaratilganligi, Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Alisher Navoiy, Lutfiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va yana ko‘plab mumtoz shoir va adiblarimiz, zamonaviy adabiyot namoyandalari uning rivojlanishiga beqiyos hissa qo‘shganini ta’kidlab, ona tilini hamisha e’zozlash, qadrlash, u bilan faxrlanish muqaddas vazifa ekanligini uqtirdi. 

Shuningdek, mashg‘ulot davomida vazirlik tizimida davlat tilida ish yuritishga muhim vazifalardan biri sifatida qarash, davlat tilini rivojlantirishga har bir xodim munosib hissa qo‘shishi zarurligi eslatildi.  

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbarligida aloqador muassasalar hamkorligida nashrga tayyorlanib, chop etilgan “Davlat tilida ish yuritish” deb nomlangan amaliy qo‘llanmaning taqdimoti ham o‘tkazildi.

Bahodir Valiyev,  

favqulodda vaziyatlar vaziri maslahatchisi

O‘zA