Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq rassomi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Barliqboy Aytmuratovning “Tarixdagi bobolarim siymosi” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Qoraqalpog‘istonda yashab, xalqi uchun fidoyi xizmat qilgan qahramonlar siymosini yaratgan, rangtasvir, grafika va teatr dekoratsiyasi yo‘nalishlarida rassom Barliqboy Aytmuratov ijod qilib kelmoqda. U o‘z asarlari orqali milliy merosimiz bilan urf-odatlarimizni saqlab kelayotgan jonkuyar sifatida xalqimizga ma’lum.
Rassom 1986 yildan buyon Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida sahnalashtiruvchi rassom, so‘ngra bosh rassom lavozimlarida mehnat qilgan.
Teatrda namoyish etiladigan har bir spektakl va pesalardagi tarixiy davr, sharoit to‘g‘risida tomoshabinlarda yaxshi tasavvur hosil qilish rassomdan katta mahorat talab qiladi. 1993 yilda Ashxobod va Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tgan festivallarda teatr jamoasi bilan birgalikda “Sharyor” va “Zavol” spektallarini, 2007 yilda Misrda (Qohira shahri) va Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan “Milliy folklor va teatr hunari” xalqaro festivalida Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri jamoasi bilan birgalikda K.Raxmanovning “To‘qqiz to‘nqildoq va bir shanqildoq” spektaklidagi sahna ko‘rinishlarini bezashda ishtirok etdi.
[gallery-5895]
1996 yili Toshkent shahrida Amir Temurning 660 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan respublika tanlovida “Amir Temur jang oldidan” asari uchun, 1998 yili Berdaqning 170 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Berdaq rassomlar nigohida” tanlovida “Berdaq triptix” asari uchun birinchi o‘rinlarni egalladi.
Taniqli rassom 1991 yili Qoraqalpog‘iston yoshlar ittifoqi mukofoti, 1996 yili “Yernazar Alako‘z” yirik asari uchun Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, 2009 yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining kumush medali sohibi bo‘ldi. 2021 yilda ko‘p yillik samarali mehnati uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq rassomi unvoni bilan taqdirlandi.
Rassom o‘z asarlari bilan Toshkent, Samarqand, Rossiyaning Moskva, Maxashqal’a, Avstriyaning Sidney shaharlarida bo‘lib o‘tgan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etgan. Uning tarixiy janrlardagi asarlari bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tarixi va madaniyati davlat muzeyi kolleksiyasida saqlab kelinmoqda. Uning “Yernazar Alako‘z”, “Yedige”, “Maman biy”, “Aydos bobo”, “Qirq qiz”, “To‘maris” kabi asarlari orqali tomoshabinlar o‘tgan asrlardagi bobolar o‘tmishi, urf-odatlari, milliy kiyimlari va taqinchoqlari haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA