Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi 2022-2024 yillarda xalqaro musobaqalarda qayd etilgan yuqori natijalardan kelib chiqib, O‘zbekiston para velosport terma jamoasi uchun «Parij-2024» yozgi Paralimpiya o‘yinlari litsenziyalarini taqdim etdi.
O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan trenerlar kengashi yig‘ilishida ushbu litsenziyalar so‘nggi yillarda nufuzli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natijalarga erishib kelayotgan G‘olibbek Mirzayorov hamda Azimbek Abdullayevga topshirilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Qayd etish lozimki, G‘olibbek Mirzayorov C2 klassida 4 ta yo‘nalishda yurtimiz sharafini himoya qiladi:
trek – 1000 metrga sprint,
trek – 4000 metrga vaqt poygasi,
shosse – vaqt poygasi,
shosse – guruh poygasi,
Azimbek Abdullayev esa C5 klassida 4 ta yo‘nalishda bahslarda qatnashadi:
trek – 1000 metrga sprint,
trek – 3000 metrga vaqt poygasi,
shosse – vaqt poygasi,
shosse – guruh poygasi.
Ma’lumot o‘rnida: «Xanchjou-2022» Para Osiyo o‘yinlarining trek poygalarida G‘olibbek Mirzayorov kumush, Azimbek Abdullayev bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA