Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarix yaratayotgan oltin avlod
11:53 / 2025-12-25

Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon, Olamni mahliyo aylagan diyor!

Davlatimiz madhiyasidagi ushbu misralar Uchinchi ­Renessans poydevorini yaratish sari dadil qadam tashlayotgan yangi O‘zbekistonning bugungi ijtimoiy-ma’naviy qiyofasini o‘zida to‘liq aks ettiradi.

Darhaqiqat, yurtimizda erishilayotgan olamshumul yutuqlar, “inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ulug‘vor tamoyilni qaror toptirish yo‘lidagi ulkan islohotlar tufayli “qudrati jo‘sh urgan” xalqimiz aqliy va ma’naviy salohiyatining bugungi amaliy natijalari tom ma’noda dunyoni hayratga solmoqda. Vatanimiz tarix uchun juda qisqa bo‘lgan davrda qo‘lga kiritayotgan zafarlari va ko‘zlayotgan marralari bilan olamni “mahliyo aylamoqda”.

Yaqinda BAAning Dubay shahrida o‘tkazilgan, qit’amizning 35 davlatidan kelgan 1500 dan ziyod sportchi ishtirok etgan V Yoshlar paraosiyo o‘yinlarida yurtdoshlarimiz qo‘lga kiritgan tarixiy g‘alaba ham xalqimizning “ulug‘ qudrati”ni yana bir bor namoyish etdi. Yoshlarimiz O‘zbekiston paralimpiya harakati tarixida yangi sahifa ochdi — 99 oltin, 57 kumush, 41 bronza medal bilan umumjamoa hisobida Osiyo qit’asida tengsiz ekanini isbotladi. 

Cheksiz faxr beradigan jihat shuki, mazkur turnir davomida O‘zbekiston madhiyasi qariyb 100 marta yangradi! 

Futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Talabalarimiz Xalqaro yozgi universiada o‘yinlarida 116 davlat orasida ilk bor kuchli 15 talikka kirdi, Markaziy Osiyoda birinchi bo‘ldi.

Shaxmatchimiz Javohir Sindorov 19 yoshida jahon kubogi sohibi bo‘lganida ko‘ksimiz tog‘dek ko‘tarildi!

Vatanimiz farzandlarining bunday buyuk zafarlari bugun chindan ham “ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urayotgani” va xalqimiz “olamni mahliyo aylayotgani”ning yorqin dalilidir.

Davlatimiz rahbari mustaqilligimizning 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda yoshlarga murojaat qilib, faxru g‘ururimizga loyiq o‘g‘il-qizlarimiz timsolida bo‘lg‘usi xorazmiylar, beruniylar, ibn sinolarni ko‘rishini ta’kidlagan edi. 

“Bugungi yoshlarimizning ovozi, g‘oya va tashabbuslari, kuch-g‘ayrati barcha soha va tarmoqlarga chuqur kirib bormoqda. Ular xalqimizning necha yillik orzu-armonlarini real haqiqatga aylantirmoqda”, dedi Prezidentimiz. 

Hozir dunyodagi eng yetakchi oliygohlarda 2000 dan ziyod talabamiz tahsil olmoqda. O‘tgan yili yurtimiz yoshlari nufuzli 500 talikdan joy olgan oliygohlarga o‘qishga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda peshqadam bo‘ldi.

2025 yilda yurtimiz o‘quvchilari tomonidan fan olimpiadalari tarixida yangi natija qayd etildi: 29 ta xalqaro fan olimpiadasida jami 210 ta medal qo‘lga kiritildi. Xususan, o‘quvchilarimiz 

40 oltin, 78 kumush, 

92 ta bronza medalga ega chiqdi. Bu xalqimiz buyuk salohiyatining namoyishi emasmi?!

Shu o‘rinda qiyoslash uchun raqamlarni keltirib o‘taylik. 2019 yilda — 30 ta, 

2020 yilda — 25 ta, 2021 yilda — 45 ta, 

2022 yilda — 41 ta, 2023 yilda — 96 ta, 

2024 yilda — 128 ta medal qo‘lga kiritilgan edi. 

Yurtimiz o‘quvchi qizlari ilk marta Yevropa qizlar matematika olimpiadalarida qatnashdi hamda 1 kumush, 2 bronza medal sohibi bo‘ldi.

Bu natijalar shunchaki raqamlar emas. Ular ajdodlarimizning uzoq yillik orzu-armonlari, xalqimizning bunyodkor ruhini o‘zida ifodalaydi. Bunday olamshumul yutuqlar yangi O‘zbekistonda oltin avlod kamolga yetayotgani hamda mamlakatimiz ko‘zlayotgan ulkan marralar real va hayotiy zaminga ega ekani haqida butun dunyoga jar solmoqda. 

Xalqni uyg‘otayotgan o‘zgarishlar

Har bir kunimiz, hayotimizda sodir bo‘layotgan yangilanishlar yangi O‘zbekiston g‘oyasi amalda qudratli harakatga aylanganini bot-bot isbot etayotir. Qayerga qaramang, tarixiy voqealarga guvoh bo‘lasiz. Har bir kunimizda unum, o‘sish bor!

Bu olamda hech bir hodisa yoki natija o‘z-o‘zidan yuzaga chiqmaydi. Har bir yuksalishning ortida tinimsiz mehnat, ulug‘vor g‘oyalar va xayrli tashabbuslar mujassam. Shu ma’noda, bugun yoshlarimiz qo‘lga kiritayotgan salmoqli zafarlarni keyingi 8-9 yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi desak aslo xato bo‘lmaydi. Tizimli va muqarrar tus olgan bu islohotlar millatimizni ruhan uyg‘otmoqda, jamiyatimizga bunyodkor g‘oyalarni olib kirmoqda va shu tariqa odamlarni harakatga keltirmoqda. Eng muhimi, uzoqni o‘ylab, izchil olib borilayotgan bu sa’y-harakatlar xalqimizning ma’naviy va aqliy salohiyatini yuzaga chiqaryapti.

Yoshlarimizning xalqaro sport maydonlaridagi shonli yutuqlariga O‘zbekistonni chinakam sport mamlakatiga aylantirish maqsadida ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlarning amaliy natijasi sifatida qarash lozim. Istiqbolli o‘g‘il-qizlarimizga atab Toshkentda barpo etilgan ulkan Olimpiya shaharchasi, yurtimiz tarixida birinchi marta tashkil etilgan, zamonaviy ta’lim va bilim beradigan Futbol akademiyasi yangi iste’dodlar va yangi chempionlar uchun ramziy ma’noda beshik bo‘lishi shubhasiz!

“Prezident olimpiadasi” o‘yinlariga asos solinganining o‘zi katta voqea! Mazkur musobaqaning saralash bosqichlariga 100 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz jalb qilingani va yakuniy turnirda 3000 ga yaqin sportchi ishtirok etgani O‘zbekiston sporti noyob tizim bo‘lib shakllanganini yaqqol ko‘rsatib berdi. Qat’iy ishonch bilan aytish mumkinki, ilk bor o‘tkazilgan va qizg‘in kurashlarga boy bo‘lgan “Prezident olimpiadasi” yoshlarimiz qalbiga olimpiada ruhi, olimpiada g‘oyalarini olib kirdi hamda ularning jahon arenalari sari dadil borishida katta tajriba va mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’lim sohasidagi islohotlar ham juda zalvorli. So‘nggi sakkiz yilda xususiy sektor bilan birga bog‘chalardagi o‘rinlar 2,5 millionga, qamrov 78 foizga yetkazildi. Yangi maktablar barpo etilgani va mavjudlari kengaytirilgani hisobiga qo‘shimcha 1 million o‘quvchi o‘rni ochildi.

Shu davrda oliy ta’limdagi qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazilgani tizimda yuz bergan keskin burilishning amaliy mahsulidir. Oliy o‘quv yurtlari talabalarining 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham alohida e’tiborga molik. Oliygohlarda ta’lim olayotgan xotin-qizlar ham ma’nan, ham aqlan yetuklikka erishib, kelgusida jamiyatimizdan munosib o‘rin topishi va ma’rifatli ona bo‘lib har jihatdan barkamol avlodni tarbiyalashga hissa qo‘shishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

Ta’limdagi yangilanishlarning dastlabki kurtaklari hayotimizda bo‘y ko‘rsatmoqda. Maktablarimizda bu yildan boshlab ijobiy natijaga erishildi, ya’ni respublikadagi 3 ta umumta’lim muassasasi bitiruvchilari oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha 100 foizlik natijaga erishdi. Qorako‘l tumanidagi maktab-internat, Navoiy shahridagi 1-ixtisoslashgan maktab-internat, Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabining bu yutug‘i ta’limdagi tub yangilanishlarning mevasi.

Jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, ta’lim tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lami keng va ular mohiyatan milliy g‘urur hamda erkin tafakkurga ega, o‘zini yurt taqdiriga daxldor deb biladigan barkamol shaxslarni tarbiyalashga qaratilgan. Islohotlarning amaliy ­samarasi yoshlarimizning teran tafakkuri, aqliy yetukligi va ma’naviy kamolotida namoyon bo‘layotgani g‘oyat quvonarli. 

Bebaho boylik

Yangi O‘zbekistonda iste’dod egalarini rag‘batlantirish va ularga keng yo‘l ochish yoshlarga oid davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Mamlakatimiz taraqqiyotining so‘nggi yillardagi arxitekturasini tahlil qilsangiz, yosh avlod resursini rivojlantirish va yuzaga chiqarish masalasiga har qachongidan ustuvor o‘rin berilayotganiga amin bo‘lasiz. Chindan ham yoshlar — yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi!

Inson qobiliyatini rivojlantirish ko‘p jihatdan ijtimoiy muhitga va tarbiyaga bog‘liq. Yurtimizda kamolga yetayotgan har bir iqtidor egasini aniqlash va yutuqlarga ruhlantirish uchun eskirgan, an’anaviy ­qoliplardan voz kechish, yangicha yondashuv va tizimli islohotlar lozim edi. Jamiyatga yangi g‘oyalar, chaqiriqlar kerak edi. 

2019 yilda Prezidentimiz yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 

5 ta muhim tashabbusni ilgari surdi. O‘tgan qisqa muddatda salmoqli sa’y-harakatlar bajarildi. Shu maqsadda ko‘plab dasturlar qabul qilindi.

Yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr kabilarga qiziqishini oshirish bo‘yicha 840 ta madaniyat markazi, 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 10 ming 182 ta umumta’lim maktabida 93 ming 385 ta to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yildi va ularga 12 million 400 ming o‘g‘il-qiz qamrab olindi.

Iste’dodli yoshlarni barvaqt aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab xalqaro va respublika ko‘rik-tanlovlarining muntazam o‘tkazib kelinayotgani, yoshlar uchun “Kelajak bunyodkori”, “Mard o‘g‘lon” va Zulfiya nomidagi davlat mukofotlarining ta’sis etilgani ham navqiron avlod vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Misol uchun, madaniyat va san’at yo‘nalishida tashkil etilgan loyiha va tanlovlarga jami 3,2 million yosh jalb qilingan.

Mahalladan iqtidorli yoshlarni saralash, iste’dodini namoyish etishiga sharoit yaratish maqsadida 26 ta tanlov va musobaqadan iborat 5 bosqichli (mahalla — sektor — tuman — viloyat — respublika) “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘tkazilib, 13 milliondan ortiq yosh jalb etildi.

Yoshlarning zamonaviy bilimlar va axborot texnologiyalariga qiziqishini oshirish masalasi ham davlatning doimiy e’tiborida. 2025 yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yigit-qiz o‘qitildi. Shuningdek, yoshlar ­startaplarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha venchur sarmoya mablag‘i 1 milliard dollarga yetkazilishi va maktablarda o‘quvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning g‘oyasini startapga aylantirishga 100 milliard so‘m grant yo‘naltirilishi belgilandi. 

Yigit-qizlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” respublika tanlovi o‘quvchilar orasida ommalashib, katta harakatga aylandi. Bu tanlov 5 milliondan ziyod yoshni qamrab oldi. Shu kungacha mazkur tanlovning 23 g‘olibi Prezident sovg‘asi — avtomashinalar sovrindori bo‘ldi. Bu harakatning jamiyatdagi ijobiy aks sadosi sifatida kitobga mehr qo‘yib, mutolaani kundalik hayot tarziga aylantirgan, “Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lib, ota-onasiga avtomashina sovg‘a qilish o‘y-xayolida intilayotgan o‘quvchilar safiga har yili minglab yangi iqtidorlar qo‘shilmoqda.

O‘zbekiston yangi iste’dod egalarini kashf etish va rag‘batlantirish masalasida resurs va mablag‘ni ayamayapti. Joriy yilda xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari, ularning ustozlarini taqdirlash uchun davlat byudjetidan jami 12 milliard 424 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgani buning yorqin isboti. Taqqoslash uchun: 2019 yilda bu maqsadga 780 million so‘m yo‘naltirilgan edi va bu yilgi mablag‘ qariyb 17,5 barobar ko‘p.

Davlat tomonidan ijtimoiy yordamga muhtoj yoshlarga ham tizimli ko‘mak berilmoqda. O‘tgan davrda bu qatlamni qo‘llab-quvvatlashga doir tashkiliy-huquqiy kafolatlar yaratildi. “Yoshlar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj hamda ishsiz 591 ming yosh ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ro‘yxatiga kiritildi. Hududlarda tadbirkorlikni kengaytirish hisobiga 76 ming xotin-qiz ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, 16 ming xotin-qiz kasb-hunarga o‘rgatildi. Birgina “Hamrohlik dasturi”ga muvofiq, ota-ona mehridan mahrum bo‘lgan 11 ming bola ta’lim, kasb-hunar, sport tizimiga qamrab olindi.

Shu raqamlarning o‘ziyoq, yurtimizda begona odam ham, begona bola ham yo‘q degan tamoyilning amaliy ifodasini ko‘rsatadi. 

Jahondagi noyob model

Iste’dod tug‘ma bo‘ladi, lekin uni tarbiyalash, sayqallash lozim. Buning uchun unga alohida e’tibor zarur. Eng muhimi, iqtidor egasi bu g‘amxo‘rlikni o‘z hayotida his qilishi kerak. Agar niholga o‘z vaqtida mehr berilmasa, u o‘sishdan to‘xtaydi, qovjiraydi. 

Keyingi yillarda O‘zbekistonda iqtidorli yoshlar bilan ishlashning yagona va samarali tizimiga asos solindi. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2019 yil 9 sentyabrdagi farmoniga asosan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Yurtimizda ijod maktablari, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari va Prezident maktablari kabi yangi modeldagi maktablar paydo bo‘ldi.

Bunday ta’lim modeli jahondagi noyob hodisa. Bu tizim davlatimiz rahbarining ijod ahliga, adabiyotga, yoshlar taqdiriga doimiy g‘amxo‘rligi va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatining mahsuli desak, aslo xato bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekistonning tarixini yaratayotgan oltin avlodning kamolotida bu tizim muhim o‘rin tutmoqda.

Hozir mazkur tizimda 228 ta maktab faoliyat yuritmoqda. Respublika bo‘ylab 182 ta tuman va shaharda tashkil etilgan ­maktablarga 78 mingga yaqin o‘quvchi qamrab olingan va ularga 9000 pedagog ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Bu yildan tizimda o‘quvchilarni nufuzli oliy ta’lim muassasalariga maqsadli tayyorlashga qaratilgan “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur yo‘lga qo‘yildi.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, o‘qitish va tarbiyalash, yosh iste’dodlarni yanada qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda yangicha yondashuvga asoslangan ushbu tizimning muhim o‘rnini, keling, ijod maktablari misolida tahlil qilaylik.

Ijod maktablari badiiy adabiyot va ijodning boshqa turlariga qiziqadigan iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish orqali intellektual salohiyati va ijodiy iste’dodini yanada rivojlantirishga mo‘ljallangan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasasidir. Ayni vaqtda hududlarda Abdulla Qodiriy, Ishoqxon Ibrat, Ogahiy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf kabi millatimiz oydinlari nomidagi ijod maktablari ishlamoqda. Ularda 1928 nafar o‘quvchi, ya’ni shuncha iqtidor egasi o‘qimoqda.

Ulardagi ta’lim jarayoni Yozuvchilar uyushmasining hududiy bo‘linmalari bilan yaqin hamkorlikda tashkil etiladi. Uyushma a’zolari muntazam ravishda ijod maktablarida o‘quvchilarning ijodiy iste’dodini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar o‘tadi.

Shuningdek, 2024 yildan buyon ijod maktablarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning an’anaviy “Zomin” yosh ijodkorlar seminarida ishtirok etishi tajribasi yo‘lga qo‘yilgan. Unda g‘olib bo‘lganlarning “Mening birinchi kitobim” loyihasi doirasida birinchi va ikkinchi kitoblari shu kungacha 10 ming adadda chop etilgan. Bundan tashqari, ijod maktablari o‘quvchilarining ijod namunalarini birlashtirgan “Ijod bog‘idan guldasta” to‘plamining 6 ta soni nashr etildi. Joriy yildan ijod maktablari o‘quvchilari ishtirokida jahon adabiyotining durdona asarlarini ­audio shakliga keltirish yo‘lga qo‘yilib, hozir bu kabi audiokitoblar soni 55 tani tashkil etmoqda. 

Ijod maktablarida zamonaviy bilim tendensiyalariga ham alohida o‘rin berilmoqda. Xususan, Abdulla Oripov va Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktablarining o‘quv dasturi xalqaro IB talablariga to‘liq moslashtirildi. 

Bu maktablarda o‘quvchilarning iqtidori ta’lim davridayoq sayqallanmoqda. So‘nggi 6 yilda ijod maktablari bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi 57 foiz o‘sib, bugun 100 foizni tashkil etmoqda. Joriy yilda mahalliy oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi bitiruvchilari o‘rtacha 178,4 ball ko‘rsatkich bilan respublikada ikkinchi, Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi 175 ball bilan uchinchi, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi 174,3 ball bilan to‘rtinchi, Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabi esa 168,9 ball to‘plab, to‘qqizinchi o‘rinni egallab, yetakchi 10 ta maktab ro‘yxatiga kirdi.

Joriy yilda Erkin Vohidov hamda Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktablarini tamomlagan bitiruvchilar dunyo reytingida ilg‘or 200 talikka kiruvchi nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga qabul qilindi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, bugun O‘zbekiston erishayotgan olamshumul yutuqlar tasodifiy emas. Vatanimizda “ulug‘ xalq qudrati”ni jo‘sh urdirib, minglab iste’dod egalarini maydonga olib chiqayotgan keng ko‘lamli, puxta o‘ylangan, izchil va aniq manzilli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekistonning olamni mahliyo aylayotgan ulkan zafarlari Prezidentimizning xalqimizni qachondir yoki ertaga emas, aynan bugun baxtli qilish istagidagi oqilona siyosatining jahoniy aks sadosi desak, xato bo‘lmaydi. Bu siyosatning mevasi bo‘lib kashf etilgan, chinakamiga qadr topayotgan va saflari tobora kengayib borayotgan iste’dodli yoshlar — Vatanimizning oltin avlodidir! G‘ururimiz timsoli bo‘lgan bu avlodning ovozi jahon sahnalarida tobora balandroq yangramoqda va ular o‘z aqliy salohiyati, ma’naviy kamoloti bilan yangi O‘zbekistonning shonli tarixini yaratmoqda.

Shuhrat ORIF,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir