Millat ravnaqiga hissa qo‘shgan zabardast insonlar avlodlar ongu shuurida, shogirdlarning xotirasida abadiy yashayveradi. Majidxon Bahodirov ham mana shunday insonlardan edi. 1903 yil fevral oyida ko‘hna Shoshning "Hastiimom" mahallasida, Turkistonda ko‘zga ko‘ringan ulamo Imom Muhammadxon o‘g‘li Bahodirxon maxdum oilasida dunyoga kelganlar. Bahodirxon maxdum hazratlari Toshkentdagi «Beklarbegi» madrasasida bosh mudarris bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan.
Majidxon Bahodirov otasidan ajralib qolganida 6 yoshga to‘lgan norasida edi. Biroq padari buzrukvoridan olgan o‘gitlar, ta’lim va tarbiya umrining oxiriga qadar u uchun o‘chmas mayoq bo‘lib xizmat qildi. Olgan bilimlarini charxlab, mukammalashtirib, zamonasining chinakam ma’rifatparvar o‘g‘loni bo‘lib voyaga yetdi.
U yetimlikdagi og‘ir sinovlar va mashaqqatlarni metin iroda va cheksiz qanoati va himmati bilan yengib o‘tdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor bo‘lib yetishdi.
Albatta, tabiatan bilim olishga chanqoq bo‘lgan Majidxon Bahodirov faqat shu ish bilan cheklanib qolmadi. Keyinchalik u kishi oliy ta’lim olish maqsadida O‘rta Osiyo qishloq xo‘jaligi institutiga o‘qishga kirdi va yoshlarga ta’lim berishda ham davom etdi.
U birinchi rus-o‘zbek tuproqshunoslik lug‘atini tuzadi, qishloq xo‘jaligi texnikumlari uchun o‘zbek tilidagi ilk «Tuproqshunoslik» darsligini yaratadilar, umuman olganda, yerning sho‘rlanishi, g‘o‘za agrotexnikasi va melioratsiyasi, paxtachilik, tutchilik istiqbollari, yer xaritalarini tuzish va boshqa shu kabi yo‘nalishlarda jami 40 dan ortiq fundamental ilmiy asarlar yozib qoldirdi.
Bundan tashqari, hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi Milliy universitetning Sharq fakultetida arab tili kafedrasini tashkil etishda ishtirok etib, «Arab filologiyasiga kirish» va «Arabcha xrestomatiya» o‘quv qo‘llanmalarini tuzadi, bir qator oliygohlarda, Tashqi ishlar vazirligida arab tilidan dars beradi. Uning shogirdlari keyinchalik yetuk olim va diplomatlar bo‘lib yetishib, ilm-fan va siyosat sohasida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishgan.
Shuningdek, u fusunkor Farg‘ona vodiysi yerlarini o‘rganish bo‘yicha tashkillashtirilgan ekspeditsiyalarda, Salar GESi va Toshkent kanali qurilishida jonbozlik ko‘rsatganini e’tirof etish joiz.
Ilm-fanga va mamlakat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, izlanishlari tufayli u 1948 yilda dotsent, 1971 yilda Tuproqshunoslik kafedrasi professori ilmiy unvoni sohibi bo‘ladi, «Hurmat belgisi» ordeni, «Shavkatli mehnati uchun» medali, «Qishloq xo‘jaligi a’lochisi» esdalik nishoni, hukumatning ko‘plab faxriy yorliqlari hamda boshqa davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. 1973 yilda ko‘p yillik samarali mehnatlari uchun «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi» faxriy unvoniga sazovor bo‘ladi.
Hozirda Toshkent davlat Agrar universitetining tuproqshunoslik kafedrasi talabalari uchun Professor Majidxon Bahodirov nomidagi maxsus stipendiya ta’sis etilgan va Tuproqshunoslik kafedrasining ma’ruza xonalaridan biriga hamda poytaxtimizdagi nurafshon ko‘chalardan biriga uning nomi berildi.
Majidxon Bahodirov tavalludiga 120 yil to‘ldi. Tarix silsilasida bunday shaxslar yodi hech qachon o‘chmaydi.
Rifatxon Bahodirov