Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tarix sahifalarida insoniyat tomonidan nafrat bilan tilga olinadigan hukmdorlar...
16:33 / 2020-12-23

Tarixda siyosiy va harbiy maqsadlari uchun hamma narsaga tayyor shaxslar haqida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi.

Xususan, o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida turli jazo choralarini qo‘llagan siyosatchi va harbiylar, hukmdorlar faoliyati bugunga qadar insoniyatni junbishga solgan... Quyida mana shunday shaxslar haqida ma’lumotga ega bo‘lasiz...

RIMNI ZAHAR BILAN MAG‘LUB ETGAN "YOVVOYI SHOH"

O‘z davrida Rimning ko‘plab dushmanlari bor edi, ammo Buyuk Mitridat ularning eng xavflisi edi. U miloddan avvalgi 120-63 yillarda hukmronlik qilgan Pontus mamlakati qiroli edi. Qudratli Rim respublikasini larzaga keltirgan Osiyo shohi Buyuk Mitridatning taqdir yo‘li zahar bilan boshlanib, zahar bilan tugagan. Bolalik payti uning onasi ziyofatda otasiga zahar bergan va u vafot etgan. Qotil onadan qochish uchun o‘rmon yaxshi joyligini bilgan bola sakkiz yoshidan o‘n to‘rt yoshigacha yovvoyi hayvon kabi, botqoqlarda va tog‘larda yashab, yer va daraxtlardagi o‘simliklarni iste’mol qilgan. Natijada, u har qanday qiyinchiliklarga dosh berishga va og‘ir sharoitlarda omon qolishga odatlangan. O‘smirlik davrida u o‘z vataniga qaytib, onasini o‘ldirishga buyruq bergan va hokimiyatni qo‘lga olgan. Ko‘p o‘tmay, Pontusning taniqli shohi allaqachon Kichik Osiyoning eng dahshatli harbiy hukmdorlaridan biri bo‘lgan, ammo shu bilan birga, u o‘zining ham zaharlanishidan qo‘rqqan.

Mitridat Rim respublikasining eng qudratli qo‘mondonlari va diktatorlari qo‘shinlarini kamsitgan, mag‘lub etgan va hatto ularni yo‘q qilgan. Dahshatlisi, tug‘ishgan akasini, to‘rt farzandi va boshqa ko‘plab qarindoshlarini o‘ldirgan. Bunda u shaman shifokorlari tayyorlagan maxsus zahardan foydalangan.

ODAMLARNI DEVORGA MIXLAGAN HUKMDOR

Dahshatli Ivan nomi bilan tanilgan Ivan IV Vasilevich 1533 yildan 1547 yilgacha Moskva davlatining buyuk hukmdori bo‘lgan. Tarixiy manbalarda Ivanning murakkab shaxsi to‘g‘risida tarqoq ma’lumotlar keltirilgan: u aqlli va taqvodor, ammo g‘azabga moyil bo‘lgan. Shuningdek, u odamlarni yoqib, ularni devorga mixlashni yaxshi ko‘rgan. Ivanning askarlari odamlarning qochishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shahar atrofi bo‘ylab devorlar qurishgan. Har kuni 500 dan 1000 nafargacha odamlar to‘planib, dahshatli Ivan va uning o‘g‘lining oldida qiynoqqa solingan. Shuningdek, u dvoryanlarni shafqatsiz ta’qib qilgan.

VALAXIYANING  ZOLIM   SHAHZODASI

Valaxiya shahzodasi Vlad Impaler o‘zining shafqatsiz qatllari bilan tanilgan. Minglab odamlarni qiynoqqa solib, ularning orasida bemalol taomlangan. Vlad Amlas shahrining butun aholisini qatl qilgan, bu deyarli 20000 erkak, ayol va bolalardir. U qaynoq suvga tashlash, boshini kesish, ko‘r qilish, bo‘g‘ish, osish va boshqa usullarni qo‘llagan.  

IDI AMINNING QILMISHLARI...

Tarixdagi eng shafqatsiz hukmdorlardan biri Idi Amin 1971 yildan 1979 yilgacha Uganda harbiy diktatori va prezidenti bo‘lgan. Uning hukmronligi inson huquqlarini buzilishi, siyosiy tazyiqlar, etnik ta’qiblar, sudsiz qotillik va hindularni Ugandadan quvib chiqarish bilan ajralib turgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 80000 dan 500000 gacha odamni o‘ldirishga buyurgan. U yevropaliklarni yomon ko‘rgan. «Biz afrikaliklar yevropaliklarni boshqarishimiz kerak edi, ammo bu aksincha bo‘ldi. Endi biz o‘z mamlakatimizda ustunmiz”, degan u. Oxir-oqibat Amin hokimiyatdan ag‘darildi.  

SHAFQATSIZLIK VA YOVUZLIK TIMSOLI

Attila 434 yildan 453 yilgacha Xunlarning hukmdori bo‘lgan. U Ural daryosidan Reyn daryosigacha va Dunay daryosidan Boltiq dengizigacha cho‘zilgan imperiyaning yetakchisi edi.  

Attila G‘arbiy Yevropaning aksariyat qismida shafqatsizlik va ochko‘zlik timsoli sifatida esga olinadi. U Dunaydan ikki marta o‘tib, Bolqonni talon-toroj qilgan, ammo hech qachon Konstantinopolni zabt eta olmagan. Keyinchalik u Italiyani bosib olib, shimoliy hududlarni vayron qilgan, ammo Rimni ololmagan. 452 yilda Italiyaning aksariyat qismini vayron qilgan holda qaytib kelgan. Attila to‘yi kuni o‘z qoniga botib, vafot etgan.

QONGA CHO‘MILGAN GRAFINIYA

U sabab qiynoqqa solingan kambag‘al dehqon qizlarini ko‘rib, zavq olgan grafiniya — Yelizaveta Batori. Vengriya Qirolligidagi Cheyde qal’asida qorong‘i va chuqur qabrlar bo‘lib, olijanob zodagon ayolning xufiyona ishlarini saqlagan.  

Hatto mahalliy aholi orasida Yelizaveta Batori qurbonlar qoniga  cho‘milishni yaxshi ko‘rishi haqida mish-mishlar tarqalgan. Grafiniya o‘zining vahshiyliklarini uch sodiq ayol xizmatkorlari yordamida amalga oshirgan.  

DEHQONLAR SOCHIGA O‘T QO‘YGAN DVORYAN  

Rossiya imperiyasining boy dvoryanlari oilasida dunyoga kelgan Dariya Nikolayevna hayoti davomida ko‘plab krepostnoylarni shafqatsiz qiynoqqa solgan. U yoshligidan dehqonlarni och qoldirgan, ularni qaynoq suv bilan kuydirgan, sovuqda yalang‘och tutgan yoki sochlariga o‘t qo‘ygan. Uning qurbonlari orasida nafaqat erkaklar, balki ayollar va qizlar ham bo‘lgan.

Yuqoridagi ro‘yxatni Chingizxon, Angliya qirolichasi Mariya I, Belgiya qiroli Leapold II, Gitler, Mussolini, Pol Pot kabi shaxslar nomi bilan boyitish mumkin.  

Tarix sahifalarida qolgan hukmdorlarning shafqatsizliklari bugun ham insoniyat tomonidan nafrat bilan tilga olinadi.

 

O'zA