Bugun – “O‘zbekiston Respublikasi Temir yo‘l transporti xodimlari” kuni.
O‘tkir nigohlar ortida — minglab tonna yuk, minglab masofa, minglab insonlarning harakati yashirin. Bu ta’riflar ish doirasi juda keng bo‘lgan dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘laydigan jasoratli temir yo‘lchilarga xosdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 2 avgustdagi farmoniga ko‘ra, temir yo‘lchilarning kasb bayrami joriy etildi. Shunga asosan, har yili avgust oyining birinchi yakshanbasi yurtimizda “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari” kuni sifatida nishonlanib keladi.
Tan olib aytish kerak, jadal rivojlanish yo‘lini bosib o‘tayotgan, nafaqat yurtimizning barcha mintaqalarini ishonchli bog‘lovchi, o‘ziga xos ko‘prik bo‘lgan temir yo‘l tizimi mustaqil, yagona va yaxlit tizim sifatida mamlakatimiz iqtisodiyotini olg‘a yetaklovchi lokomotivga aylandi.
Temir yo‘l qurilishi tarixiga nazar solsak, dastlab harbiy va siyosiy maqsadda ishga kirishilgani oydinlashadi. Aviatsiya uncha rivojlanmagan XX asr boshlarida temir yo‘lning ahamiyatini hech narsaga tenglab bo‘lmas edi. Shu ma’noda, u bizning tariximiz, yuksak madaniyatimiz va zamonaviy hayotimizning ajralmas qismidir.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat, xalq xo‘jaligi va mudofaa quvvatini oshirishda benihoya xizmatlari bilan bir qatorda, o‘z an’analariga, katta maktabiga ega transport sohasi o‘laroq rivojlanib, taraqqiy etib kelmoqda. Zero, mamlakatning tranzit potensiali yechimi ko‘p jihatdan aynan temir yo‘lga bog‘liq.
O‘zbekiston temir yo‘llari Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni birlashtiradigan katta tranzit salohiyatiga ega. Shu ma’noda, bugun temir yo‘ldek xalqaro transport yo‘laklariga qulay, xavfsiz, tezkor va ishonchli tarmoqni topish mushkul.
Temir yo‘l lokomativlari iqlim noqulayliklariga qaramay muntazam ravishda harakatlanishi bilan boshqa transport turlariga nisbatan atrofga kam zarar yetkazishi, yuk va yo‘lovchilar tashish hajmi imkoniyatlari juda yuqoriligi bilan ham yetakchi o‘rinni egallaydi.
Harakatlar strategiyasi doirasida barcha soha va tarmoqlar singari temir yo‘l tizimini ham har tomonlama takomillashtirish bo‘yicha katta bunyodkorlik ishlari olib borilayotganini sohada erishilayotgan yuksak marralar yaqqol tasdiqlaydi.
Bugungi kunda vatanimiz po‘lat magistralining umumiy uzunligi qariyb 7 yarim ming kilometrdan oshdi. Shuningdek, 2 yarim ming kilometr yo‘llar qayta tiklandi, qariyb 60-65 foizga yaqin temir yo‘llar elektrlashtirilib, lokomotiv xo‘jaligi tubdan yangilandi.
Tizimdagi sanoat korxonalari davr talabiga mos texnologiyalar bilan jihozlanib, ularda zamonaviy yo‘lovchi va yuk vagonlari ishlab chiqarish, harakatlanadigan tarkibni ta’mirlash bazasini rivojlantirish, vagonsozlikni tashkil etish va vagonsisternalari, yopiq va boshqa turdagi maxsus vagonlar, quyuv korxonasini rekonstruksiya qilishga qaratilgan katta ko‘lamdagi loyihalarni amalga oshirilishi natijasida yangi yuk vagonlari, ko‘p tonnalik konteynerlar ishlab chiqarilishini kengaytirish va vagonlarini kapital ta’mirlash va qayta tiklash ishlari yanada jadallashmoqda.
Qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan kifoyalanib qolmay, zamon nafasini his qilgan temir yo‘lchilar yangicha yondashuvlar asosida ishlashga intilmoqda. Bugun temir yo‘llarda o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuk va yo‘lovchi vagonlari harakatlanayotgani kishini quvontiradi. Import o‘rnini bosgan ushbu vagonlar sabab, yiliga millionlab dollarlik valyutalar tejab qolinmoqda. Bu esa tobora rivojlanib borayotgan transport mashinasozligi sohasida temir yo‘lchilarimiz o‘zlarining munosib o‘rnini topganidan dalolat beradi.
Dam olish kuni toqqa otlandim. Bu gal avtoulovda emas, Toshkent-Markaziy vokzalidan Toshkent-Chinorkent-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yangi qo‘yilgan tez yurar elekropoyezdida yo‘lga chiqdim.
Tashqarida qaynoqlik kuzatilayotgan bugungi kunimizda zamonaviy, qulay, shamoldek uchqur vagonlarda issiqdan ozorlanmay, manzil sari borar ekanman, bu yengillik, qulayliklar zamirida qanchadan-qancha temiryo‘lchilar, quruvchi va muhandislar, yo‘lsozlarning mashaqqatli, fidokorona mehnati mujassam ekanini his qildim.
Jamoli ta’rif qilingan saratonning jaziramasi insonni soya-salqinga yetaklagandek, xayol parvozi ham o‘z qatlarini mayin siypalab varaqlaydi.
Aslida temir йúл men uchun unchalik begona soha emas.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining mehnat faxriysi bo‘lgan tog‘ajonim Rahimberdi Muslimov qirq yildan oshiq shu tizimda ishlaganlar. Asrni qaritgan, jismi va ruhi tetik, gaplari ravon, salkam saksonni qoralagan tog‘ajonim betoblanib “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Markaziy klinik shifoxonasiga davolanish uchun yotganlarini eshitib, hol so‘ragani bordim. Suhbat asnosida ko‘p yillik mehnat faoliyatlarini ham esladilar.
Ishonasizmi, keksalik sabab sal injiq inson birdan muloyim tortib, ranglariga qon, tanlariga jon yugurib, ko‘zlari yonib, men bilan uzoq dillashishga kuch topdilar. Bolaligimdan, tog‘ajonimni alpqomat ko‘rinishlaridan juda qattiqqo‘l, deb o‘ylardim. Lekin ular bilan kasblariga doir uzoq suhbatlashar ekanman, insonni yaqindan bilish uchun uning ko‘ngil torlarini chertib ko‘rish kerak, degan gapning naqadar rost ekanligiga inondim.
Tog‘ajonim beg‘ubor, qiziqarli voqealarga boy bolalik damlarini, uylaridan yuz-ikki yuz qadam naridan o‘tgan temiryo‘l hayotlarida tub burilish yasaganini bamisoli ertakdek so‘zlab berdilar.
– “Men... poyezd ovozini kutib ulg‘aydim. Uzoqdan kelayotgan tanish ovoz asrlar bo‘yi bir xil tarzda kechayotgan hayotimga katta yangilik olib kirgan, garchi so‘z orqali tushuntirib berolmasam-da, bilardim, hayotim shu yo‘l, shu “ovoz” bilan bog‘liqdek edi. Relslarga urilib o‘kirib kelayotgan ovozni eshitgan zahotim ko‘chaga otilardim, gurillab o‘tayotgan mahobatli poyezd ortidan tikilib qolardim.
Bu dunyoda menga poyezdning ovozidan sehrli ovoz yo‘q edi go‘yo. Uyquga ketishimdan oldin qulog‘imga oxirgi eshitiladigan ovoz ham poyezdniki bo‘lgani uchun orzularga to‘liq tushlar ko‘rib, tongda umidlarga to‘lib uyg‘onardim.
Taqdir meni temir yo‘lga ipsiz bog‘lab qo‘ydi. Keyinchalik, ulg‘ayib shu dargohning tuzini yedim. Mehr qo‘ygan kasbda ishlash bir tekis kechmadi, og‘ir va yengil kunlarni boshdan kechirdim. Yeldek uchib o‘tgan umrda barcha-barchasi – orzudan tortib, yuzdagi ajinlar, yo‘qotishlar va topishlar joy oldi. Temir yo‘lchining noni qattiq va ayni paytda shirin. Eh-he... Bilasanmi qizim, kelajakda qanday inson bo‘lib yetishsang ham, bir narsani hech vaqt unutma, nafsing senga tobe bo‘lsagina omad kuladi, baxt kuladi, dedilar tog‘ajonim.
– Yugurik vaqtni qara qizim, – deb, yana so‘zlarida davom etdilar. “O‘zbekiston temir yo‘lalari”da ishlagan uzoq yillik davrim jamiyat, inson umri haqida fikr yuritishga, xulosalar chiqarishga arziydi, deb o‘ylayman. Qolaversa, bizning ajdodlarimiz peshonasiga mustabidlik tuzumida yashash, ishlashdek og‘ir bir qismat bitilgan edi. Bir haqiqatni aytay, inson qachonki o‘z qadr-qimmati, hurmati joyiga qo‘yilsa, orqasida quvonchiga ham, qayg‘usiga ham sherik bo‘la oladigan fidoyi, oqibatli mehnat jamoasi borligini his qilsagina o‘zini baxtli sezib, hayotidan rozilik tuyar ekan...
Temir yo‘l muntazam rivojlanib boradigan zamonaviy tizim. Ba’zan poyezdga tosh otganlar yoki relslarni ishdan chiqarishga urinishlar haqidagi xabarlarni eshitib, qattiq ranjiyman. Xalq puliga kelgan, elning koriga yarayotgan shunday qimmatbaho boyligimizni asrashning ahamiyatini bolalarga tushuntirish, temir yo‘l bilan bog‘liq turli baxtsiz hodisalardan o‘zlarini asrashlari kerakligini uqtirishdan charchamayman. Temir yo‘lda poyezdlar har doim ustuvorlikka ega. Chunki poyezdlarning tormozdan keyin bosib o‘tadigan masofasi ancha uzun, hatto past tezlikda harakatlanayotgan bo‘lsa ham.
Bugun mamlakatimiz iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, paxta yakkahokimligi halokatli darajada avj olgan agrar o‘lkadan, izchil taraqqiy etib borayotgan zamonaviy industrial mamlakatga aylanganini chuqur tahliliy asosda talqin qilish zarur.
Urush yillari mudofaa qalqoniga, tinchlik paytida mehnat maskaniga aylangan “O‘zbekiston Temir yo‘llari”ga bo‘lgan hurmatim cheksiz.
Madaniyatlar tobora qorishib borayotgan bugungi kun odamdan o‘ta hushyorlikni, xalqi va davlati manfaati uchun qattiq turib halol xizmat qilishni talab etadi. Xech shubxasiz aytaman, hozirgi yutuqlarimiz xalqparvar, elparvar Yurtboshimizning odilona siyosati mevasidir.
O‘z ishini sevish, tajriba to‘plash va mehnatdan bahra olishni uning ichida yurganlar biladi, mehnatlarim samarasini ko‘rganimdan, hayotim behuda o‘tmaganidan baxtliman va shukur qilaman. Baxtning o‘zagi shukurdir qizim”, – deb, fikrlariga yakun yasaydilar tog‘amjonim. (Olloh rahmat qilsin).
Umri temir yo‘llarda o‘tgan tog‘ajonimning hayajon to‘la suhbatlarini tinglab, shunday sulola vakilasi ekanligimdan faxrlandim, qalbimning bir chetida g‘urur tuyg‘usi jo‘sh urdi.
Ha, temir yo‘l kim uchundir o‘z xotiralari bilan qolish imkonini bersa, kim uchundir bir manzildan ikkinchi manzilga sayohat qilish usuli, yana kimlar uchundir hayot tarzi – yo‘lda bo‘lish, yangi manzillarni kashf etish, elektr ta’minotini nazorat qilish, yuk vagon stansiyalari va konteyner xo‘jaligini rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikgacha” tashuvlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazi va terminallarni tashkil etish, vokzallar boshqaruvini ta’minlashdir.
Taraqqiyotga fidoiy insonlar va ularning samarali mehnati bilan erishiladi. Temiryo‘lchilarning umri yo‘lda kechadi, deb bekorga aytilmagan. Sahrolar, dashtlar va tog‘lar aro olib borilgan qurilish davridagi qiyinchiliklarga uncha-muncha odamning bardosh berishi amrimahol, tabiiy shart-sharoiti og‘ir xududlarda qishi qattiq, ba’zan quruq, izg‘irin – sovuq, yozi esa jazirama “qahri qattiq chang-to‘zon”larni yengib, “tog‘larning belidan temir kamar” o‘tkazishdagi temiryo‘lchilar ko‘rsatgan jasoratlarni aytishga til ojiz.
O‘zbekistonning ochiq va shaffof, xorijiy mamlakatlar bilan samimiy va konstruktiv muloqotga asoslangan tashqi siyosati transport diplomatiyasi orqali ham takomillashib, yangicha mazmun bilan boyimoqda. Xalqaro munosabatlardagi do‘stona kayfiyat yurtimizni hamkor davlatlar bilan bog‘lovchi transport yo‘lagini, tizimli logistika tarmog‘ini rivojlantirishni talab etishi tabiiy. Bu jarayonda sifatli temiryo‘l qatnovini tashkil etish bilan bir vaqtda malakali yosh mutaxassislarni tayyorlash ham muhim o‘rin tutadi. Hozirgi kun nuqtai nazari bilan qarasak, ilm yosharmoqda. Ilmiy salohiyatlarni oshirishda yoshlar nafaqat ichki imkoniyatlardan, balki chet el tajribalaridan ham foydalanishlari natijasida ma’lum bir avlodda uzilib qolgan ilm “bo‘shlig‘i” o‘rni to‘ldirib borilmoqda.
Bu sohada faoliyat yuritish, hamma havas qiladigan poyezd mashinisti xonasini ish joyiga aylantira oladigan milliy kadrlarga talab har qachongidek yuqori. Iqtidorli temiryo‘lchilarni tayyorlash – bu uzoq vaqt va mashaqqatli mehnatni talab qiladigan uzluksiz jarayon. Hatto, abituriyentlar ham Temiryo‘llar institutga kelib hujjat topshirish jarayonida ixtisoslashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Boshqa OTMlarda davlat xizmatlari agentligi orqali hujjat topshirish tizimi yo‘lga qo‘yilgani hammamizga ma’lum. Bo‘lg‘usi talaba hamma imtihonlardan o‘tib, o‘qishga tavsiya etilsa-yu, lekin salomatligi talabga javob bermay, maxsus tibbiy komissiya yo‘llanma bermasa, talabalar safiga qabul qilinmaydi.
Shunday ekan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” kadrlari O‘rta Osiyo bo‘yicha raqobatbardosh deb, bemalol ayta olamiz. Bunga yetarli misollar keltirish mumkin. MDH hududida ikkinchi bo‘lib 250 km/soat tezlikdagi poyezdni yo‘lga qo‘yganimiz jahon miqyosida har doim e’tirof etiladi, bunga “Afrosiyob” tezyurar poyezdiga chiqqanimda ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Chunki tezlikni 250 km/soatga yetkazish va yo‘lovchi sig‘imi 200 dan ortiq bo‘lgan poyezdlarni mustaqil boshqarish oson masala emas, bunda nafaqat poyezd, to‘liq infratuzilma texnologiyasi muhim rol o‘ynaydi.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan aholining talab va ehtiyoji, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishini inobatga olgan holda, jahon andozalarini o‘zida mujassam etgan, xalqimiz hayotida muhim o‘rin tutgan yirik loyihalar yer osti va yer usti xalqa metro liniyasi hamda zamonaviy uch qavatli avtomobil yo‘llari ko‘prigi, shuningdek, minglab kilometr yangi temir yo‘l liniyalari temiryo‘lchilar mehnati evaziga barpo etilib, foydalanishga topshirilayotgani quvonarlidir.
Ta’kidlash kerakki, hozirgacha yurtimizda uch qavatli ko‘prik qurilmagan. Mutaxassislarning fikricha, poytaxtimizning eng gavjum chorrahalaridan birida qad rostlagan bu ko‘prik yo‘l tirbandligini ancha qisqartirgan. Ayni paytda bu transport bog‘lamasi Toshkent shahridan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi yo‘lni 22 kilometrgacha qisqartirish bilan birga Chorvoq va Chimyon hududlarini rivojlantirishga ham zamin yaratdi. Bu – mamlakatimiz temir yo‘l tizimidagi islohotlar yangi sifat bosqichiga kirganligiga dalolatdir.
O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘ining kelajagi, avvalo, ilg‘or texnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan, zamonaviy bilimga ega, o‘z kasbiga sodiq, chin farzandlik mehri bilan yashaydigan yetuk mutaxassis ishchilarga ega ekanligi, eng so‘nggi zamonaviy lokomotiv va qulay vagonlar bilan ta’minlangani alohida tahsinga loyiq.
Bugun “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining ko‘p millatli 80 mingga yaqin jamoasi xalqimiz hamda xorijiy mehmonlarning xizmatini qilib, ishonchni oqlab kelmoqda. Maqsad, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Aholi uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlash”dan iborat.
Temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash – asosiy masala hisoblanadi. Temir yo‘lning ertangi rivoji yangi qudratli korxonalar bunyod etish, mahalliy korxonalarning raqobatbardoshliligini oshirish, mahsulotlarni xorij davlatlarga eksport qilish, logistika tizimlari bilan xalqaro bozorlarga chiqish, tashqi savdoni rivojlantirish, yangi yo‘llar o‘zlashtirish, borlarini esa tarmoq doirasida uzaytirish, temir yo‘l shahobchalariga xizmat ko‘rsatish hisobiga ming-minglab yangi ish o‘rinlari ochilishiga imkon beradi.
Tizimdagi malakali, o‘z kasbiga fidoyi va ilg‘or temiryo‘lchilar jamoasi bugun va erta ham soha rivojiga xizmat qilgusi. Bu soha xodimlarining zahmatli mehnatisiz shahar va viloyatlarimiz taraqqiyotini, qolaversa, xalqimiz turmush darajasi yuksalishini tasavvur etib bo‘lmaydi.
Bugun o‘z ishi, o‘z kasbini sevgan mutaxassislar jamlangan “O‘zbekiston temir yo‘llari” jamoasi o‘z kasb bayramlarini nishonlamoqda. Ularning shu kungacha erishgan yutuqlari bundanda katta yutuqlarga ulanib ketsin.
Bayram muborak bo‘lsin, aziz Temir yo‘lchilar...
Madina ZUFAROVA,
“RENESSANS” ta’lim universiteti talabasi