Navbahor tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi xodimlari “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” loyihasi doirasida Navoiy shahridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga sayohat qilishdi.
Tarixiy haqiqatlarni anglash, milliy xotirani asrash va tarbiya jarayonlarida tarix saboqlaridan unumli foydalanish maqsadida tashkil etilgan sayohat davomida ishtirokchilar XX asrning eng og‘ir davrlaridan biri qatag‘on yillari haqida keng qamrovli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Muzeydagi mavjud eksponatlar, arxiv hujjatlari, tarixiy fotosuratlar va shaxsiy buyumlar o‘sha fojiali davrning real voqeligini beixtiyor ko‘z oldingizga olib keladi.

– Tarixni bilish kelajakka mas’uliyat bilan qadam qo‘yishdir, – deydi tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Abduhoshim Qarshiyev. – Muzey xodimlari har bir eksponatning mazmun-mohiyati, qurbonlar taqdiri, ularning mamlakat taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumot berib, qatag‘on siyosatining jamiyatga ko‘rsatgan salbiy ta’sirlarini ochib berdi. Bu tarixiy dalillar ijtimoiy-siyosiy vaziyatni chuqur anglash va tarixdan xulosa chiqarishda muhim ahamiyatga ega.

Sayohat davomida tinchlik va erkinlikka erishish oson bo‘lmagani, bugungi farovon hayot ortida qanchadan-qancha avlodlar jasorati borligi alohida ta’kidlandi.

O‘zaro muloqotlar chog‘ida ishtirokchilar ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar sifatida yoshlarga tarixni to‘g‘ri yetkazish, milliy ong va vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash har bir pedagogning muqaddas burchi ekanini qayd etdi.

Tadbir ishtirokchilari uchun mazkur sayohat nafaqat ma’rifiy taassurot, balki o‘tmishni anglash, bugungi kun qadriga yetish va kelajak uchun mas’uliyat bilan yashashga chorlov bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
A.Bo‘riyev, O‘zA