Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tariqatning yetti piri: Sayyid Amir Kulol (+video)
17:03 / 2024-04-16

“Amir Kalon”, ya’ni Sayyid Amir Kulol ibn Amir Hamza ibn Amir Ibrohim taxminan 1281-yili Buxoro atrofidagi Suxor (hozirgi Kogon tumani, Yangi hayot qishlog‘i) qishlog‘ida dunyoga kelgan.

Rivoyatlarga ko‘ra, Sayyid Amir Kulol uzun bo‘yli, bug‘doyrang, yelkasi keng, qo‘llari uzun, chatmaqosh, soqoliga oq oralagan, baquvvat, pahlavon kelbatli kishi sifatida ta’riflanadi.  

Otasi Amir Hamza Hijozning Madina shahridan bo‘lib, Movarounnahrga ko‘chib kelgach, Buxoro atrofida yashagan. Amir Hamza yassaviya shayxlaridan biri Sayyid Otaning do‘sti bo‘lgan. Sayyid Ota har safar Buxoroga kelganida Amir Hamza bilan uchrashardi. Sayyid Ota bir safar kelganida uning xonadonida butun jahonni o‘ziga xizmat qildiradigan bir buyuk o‘g‘lon dunyoga kelishini bashorat qilib, uning otini Amir Kalon deb qo‘yishni tavsiya qiladi.  

U kulolchilik hunarini puxta egallagani sababli “Amir Kulol” nomi bilan mashhur bo‘lgan, shu ishdan topgan daromadi evaziga oila tebratgan. Muridlariga ham halol luqma orqali umrguzaronlik qilishni tavsiya etgan. 

Aytishlaricha, Amir Kulol 15 yoshga to‘lguniga qadar kurash tushgan. Uning birinchi ustozi yassaviya tariqatining piri, turk mashoyixi Sayyid Otadir.

“Rashahot”da keltirilgan rivoyatga ko‘ra, kunlarning birida Xoja Muhammad Bobo Samosiy yosh Amir Kulolning kurash tushayotgan yerdan o‘tayotib, uning kelajakda buyuk so‘fiy bo‘lib yetishishini sezadi va uni o‘z tariqatiga jalb etadi. Shu tariqa Amir Kulol 15 yoshidan xojagon tariqatining yirik namoyandalaridan Muhammad Bobo Samosiyga shogird tushib, 20-yil davomida undan Qur’oni Karim, Hadisi sharif, tasavvuf ilmlarini o‘rganib, o‘z zamonasida “sultonul-tariqat” (tariqat sultoni), “shayxush-shuyux” (shayxlarning shayxi), “murshidus-solikin” (haq yo‘lga kirganlarning piri), “sayyidul-orifin” (oriflar sayyidi) unvonlariga ega bo‘lgan. 

Sayyid Amir Kulolning Amir Burhon, Amir Shoh, Amir Hamza va Amir Umar nomli to‘rt o‘g‘li otasi izidan borib, so‘fiylik yo‘liga kirgan. Amir Kulol hayoti haqida ma’lumotlar uning nevarasi Shahobiddinning “Maqomoti Amir Kulol” asari va boshqa ko‘plab manoqiblarda mavjud. Rivoyatlarga ko‘ra, Hazrati Amir 25-yil davomida dushanba va juma kunlari shom namozini Suxorda, xufton namozini esa Samosda o‘qigan.  Qisqa vaqt ichida uzoq masofani bosib o‘tishi ham Amir Kulolning karomatlaridan biri bo‘lgan.  

Bundan tashqari, u vahshiy hayvonlarni o‘ziga bo‘ysundirish qobiliyatiga ham ega bo‘lgan.  

Sayyid Amir Kulol 1370-yili Buxoroda o‘zi tug‘ilgan Suxor qishlog‘ida olamdan o‘tib, shu yerga dafn etiladi. Uning vasiyatiga binoan, Mavlono Orif Deggaroniy va Xoja Bahouddin Naqshband ustozining muborak jasadini tuproqqa qo‘yadilar.  

1994-yilda “Sayyid Amir Kulol” jome masjidi hashar yo‘li bilan qayta qurilgan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan 1998-yil 10-avgustda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Hozirgi kunga qadar masjid o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda. 2007–2008-yillar davomida ta’mirlash ishlari olib borilganidan so‘ng ziyoratgoh yanada obodonlashdi, yangi maqbara bunyod etildi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/an9lAIhPuNw?si=hRVsm2LDCqxvs05Y" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

2018–2019-yillar davomida yetti pir ziyoratgohlaridan biri bo‘lgan Sayyid Amir Kulol maqbarasi qayta ta’mirlanib, obod maskanga aylantirildi.

M.Turdaliyeva, I.Ismatov (video), O‘zA