Jizzax viloyati Zomin tumanida “Jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash” mavzusidagi respublika forumi bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha, Oila va xotin-qizlar qo‘mitalari, “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Forum ishida respublika “Targ‘ibotchilar guruhi”, mamlakatimizning barcha hududlari hamda Jizzax viloyatining shahar va tumanlaridan kelgan targ‘ibotchilar guruhlari, otinoyilar, oqila ayollar, faol xotin-qizlar hamda sohaga tegishli mas’ul xodimlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rais o‘rinbosari, “Targ‘ibot guruhi” rahbari Matluba Qahhorova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mita raisi Zulayho Mahkamova va boshqalar so‘zga chiqib, forum ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash mavzusida aynan Jizzax tajribasi asosida o‘tkazilayotgan respublika “Targ‘ibotchilar” forumida eng dolzarb masalalar muhokama qilinib, erishilgan yuqori natijalar asosida muhim yo‘nalishlar belgilab olinishi, kelajakda diniy bag‘rikenglik va mamlakatimizning barqaror rivojlanishi uchun fuqarolarning faol ishtiroki muqarrar ekanligi, barchamizning birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz mamlakatimizda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
[gallery-24377]
– Keyingi 7 – 8 yil davomida mamlakatimizda turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu ezgu tashabbuslar xalqaro hamjamiyatning yuksak e’tirofiga ham sazovor bo‘lmoqda, – dedi Ulug‘bek Mustafoyev o‘z chiqishida.
Davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani hamda jahon hamjamiyatining e’tiborini tortgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Forumning birinchi ish kunida hududlarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish: muammo va yechimlar, xotin-qizlar o‘rtasida diniy-ma’rifiy ishlarni takomillashtirishda otinoylarning faoliyatini muvofiqlashtirish, targ‘ibot metodikasiga oid xorijiy tajriba, oilaviy ajrimlarning oldini olish mexanizmlari, yot g‘oyalarning ko‘rinishlari va ularga qarshi targ‘ibot usullari, to‘y va ma’rakalarda isrofgarchilik va dabdababozlikka, bid’at va xurofotlarga barham berish mavzularida targ‘ibotchilar va otinoylar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
– Bugungi shiddatli globallashuv sharoitida Islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda Islom diniga yot radikal qarashlarga nisbatan murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazish har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Iroda Ahmedova. – Jizzax viloyatining Zomin tumanida o‘tayotgan respublika forumidan ko‘zlangan asosiy maqsad – jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashdan iboratdir. Mamlakatimiz hududlaridan taklif etilgan targ‘ibotchilar, psixologlar, otinoyilar, oqila ayollar, faol xotin-qizlarga spikerlarimiz tomonidan bir qancha metodik qo‘llanmalar, malaka saboqlari berilmoqda. Ular bu yerda o‘rgangan va olgan tajribalarini o‘z hududlariga borib qo‘llashadi va shunda forum o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadiga erishadi, deb o‘ylayman.
Kunning ikkinchi yarmida mutaxassislar tomonidan ishtirokchilar uchun mahorat darslari, vorkshoplar, ko‘rgazmali taqdimotlar o‘tkazildi. Bir guruh faol ishtirokchilarga “Oila va gender” ilmiy tadqiqot instituti tomonidan qo‘llanmalar va risolalar tarqatildi. O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan forumda faol ishtirok etgan ishtirokchilarga tashakkurnoma topshirildi.
Forumning ikkinchi kuni mehmonlar Zomin tumanidagi “Navbahor”, “Qayirma”, “Mustaqillik” MFYlarida mahalla yettiligi faoliyati, yarashtirish va ajrim yoqasidagi oilalar bilan o‘tkazilayotgan suhbat jarayonlariga guvoh bo‘lishdi.
“Nuroniylar” maskanida tashkil etilgan milliy liboslar ko‘rgazmasi va chellenji barchada iliq taassurot qoldirdi.
Zominda o‘tgan “Jamiyatda diniy bag‘rikenglik va qonuniylikni qaror toptirishda faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash” mavzusidagi respublika forumi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari