Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Targ‘ibotchilar uchun qo‘llanma
11:49 / 2022-11-23

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining ijodiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari uchun uslubiy qo‘llanmaning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur taqdimot-seminar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Yangi O‘zbekiston Strategiyasi" kitobida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda tashkil etildi.  

Taqdimot tadbirida bugungi kunda mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samarasi va ta’sirchanligini oshirish, ko‘lami va miqyosini yanada kengaytirish dolzarb ekani ta’kidlandi. 

Shu maqsadda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizning umumta’lim maktablarida ijodiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimi ta’sis etildi. Mazkur vazifada asosan ijodkor ziyolilar, adabiyot sohasida faol izlanayotgan ijodkor yoshlar ishlab kelmoqda. bugungi shiddatli globallashuv davri maktablarda ijodiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilarning yanada samarali va ta’sirchan mehnat qilishini talab qilmoqda.  

Zero, bugun yoshlar qalbida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, ezgulik va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan "Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari" g‘oyasini keng targ‘ib etish dolzarb masala hisoblanadi.  

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi olimlari, ekspertlari tomonidan tayyorlangan "Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining  ijodiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari uchun uslubiy qo‘llanma" jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni targ‘ibot-tashviqot qilishga qaratilgan. 

Ushbu qo‘llanma yoshlarning ijodiy iste’dodi va qobiliyatini qo‘llab-quvvatlash, oila, ta’lim muassasalari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlashda ilmiy asoslangan yondashuvlar, tavsiyalar, nazariy va amaliy ta’lim yondashuvlarni tavsiya etgani bilan ahamiyatlidir.  

Taqdimotda xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari va mas’ul rahbar xodimlari, Toshkent shahar va Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimlari hamda markazning hududiy bo‘limlari rahbarlari ushbu qo‘llanma yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.  

 

N.Usmonova,  

O‘zA