Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Targ‘ibotchilar bemorlar holidan xabar oldi
12:07 / 2024-07-24

Samarqand viloyatida o‘tkazilayotgan “Biz bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostidagi “Ma’naviyat festivali” doirasida Qo‘shrabot va Payariq tumanlarida ham turli xil ma’naviy targ‘ibot tadbirlari, ijodiy kechalar va ijtimoiy aksiyalar uyushtirildi.

Jumladan, Qo‘shrabot tumani Mayintepa mahallasida “Uch avlod uchrashuvi”, “Oila – ma’naviyat qo‘rg‘oni” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Mahalladagi nuroniylar, ibratli oilalar vakillari o‘z hayot yo‘llari haqida yoshlarga gapirib berdi. Ajdodlardan meros hunar, an’ana va qadriyatlarni davom ettirib kelayotgan momolar o‘tmish xotiralarini yodga olib, bugungi kunlar qadr-qimmati haqida so‘z yuritdi.

Poytaxtdan kelgan ijodkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari mahalla aholisini Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi bilan tabriklab, o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdi, kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Payariq tumanidagi Xo‘ja Ismoil mahallasida joylashgan, 250 nafar xotin-qiz mehnat qilayotgan tikuvchilik korxonasidagi uchrashuvda O‘zbekiston Xalq artisti Zamira Suyunova, O‘zbekiston Xalq hofizi Abdunabi Ibrohimov tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar yig‘ilganlarga xush kayfiyat ulashdi.

Targ‘ibot guruhi a’zolari mahallalar, korxona va tashkilotlardagi tadbirlarda ishtirok etish bilan birga shifoxonada davolanayotgan bemorlar, nogironligi bo‘lgan kishilar holidan xabar olib, ular bilan dildan suhbatlashdi.

Xususan, Payariq tumanidagi Alisher Navoiy nomidagi mahallada yashovchi Rohila O‘rozboyeva hamda Umida Abjalovalar xonadonida bo‘ldilar.

– Besh yil oldin turmush o‘rtog‘im olamdan o‘tgan edi, – deydi Rohila O‘rozboyeva. – Shundan keyin yurolmay qoldim. Bugun kelinim mahalladan kimdir kelarkan, desa biror kishi kelib, holimdan xabar olsa kerak deb o‘ylagandim. Toshkentdan shunday mashhur insonlar, san’atkorlar xonadonimiz mehmoni bo‘lishlarini kutmagandim. Ularni ko‘rib, shirin so‘zlari, daldalarini eshitib, boshim ko‘kka yetdi.  

“Ma’rifat festivali” davom etmoqda.

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari