bugungi kunda butun dunyoda ekologiyaning buzilishi, ishlab chiqarishda har xil kimyoviy vositalarning me’yoridan ortiq qo‘llanilishi, shuningdek, noto‘g‘ri ovqatlanish, gigiyenik talablarga amal qilmaslik insonlarda turli allergik kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuni aytish kerakki, bu borada soha taraqqiyotiga e’tiborsizlik, allergik kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash hamda profilaktika qilishda jiddiy muammolar saqlanib qolayotgan edi. Prezidentimizning 2018 yil 11 maydagi “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini nafaqat shifokorlar, balki mamlakatimizdagi har bir inson katta xursandchilik bilan kutib oldi.
Tibbiyot rivoji juda jadal kechyapti. Afsuski, tizimda allergiya sohasi oqsoqlangan edi. Xalqimiz bu xastalik haqida to‘la tasavvurga ega emasdi. Shu sababli bu dardga kechroq tashxis qo‘yilardi. Qolaversa, bronxial astmaning allergik turi bor. Bu pulmanologiya, terapiya bo‘limlarida davolanardi. Kimyo sohasining rivojlanishi, turli tuman dori-darmonlarning ko‘payishi allergiyani ham kuchaytirib yubordi. Fuqarolarning o‘zbilarmonlik bilan dori vositalarini iste’mol qilishi oqibatida allergiyaning og‘ir ko‘rinishlari vujudga keldi. Shu ma’noda Yurtboshimizning yuqoridagi qarori kasallik profilaktikasi, unga tashxis qo‘yish va sohani tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Allergik kasalliklarni dastlabki holatlarda bemorlar tumov bilan adashtirishadi. Shifokor nazorati bo‘lmasa kasallikning holati keskin og‘irlashadi. Hatto nafas qisishga olib kelishi mumkin. Allergiya organizmning begona yot moddalarga o‘zgacha ta’sir qilish xususiyatini anglatadi. Ana shu begona moddalar tibbiy ibora bilan allergenlar deb ataladi. Allergenlarning bir qancha turi mavjud. Ularning asosiylari oziq-ovqat allergenlari, dori allergenlari, uy-ro‘zg‘or allergenlari, o‘simlik gullari changi keltirib chiqaradigan allergenlar, epidermal va insekt allergenlar, deb nomlanadi. Bu allergenlarning har biri inson organizmiga o‘ziga xos tarzda ta’sir ko‘rsatadi. Jumladan, oziq-ovqat allergenlari sirasiga ayrim sitrus mevalar, shokolad, kofe, asal, yong‘oq, qovun, tarvuz, baliq, qulupnay, shaftoli, sut, tuxum, tovuq go‘shti, ot go‘shti, dukkakli mahsulotlar, spirtli va turli sun’iy bo‘yoqli ichimliklarni kiritish mumkin. bugungi kunda aynan oziq-ovqat allergenlari bilan kasallanayotganlar soni ortib bormoqda.
Hozirda bolalar kasalliklariga e’tibor har qachongidan ham oshib boryapti. Bunga bir tomondan aholining tibbiy madaniyati yuksalganligi sabab bo‘lsa, boshqa tomondan atrof-muhit ta’sirida bolalarda ayrim kasalliklar kuchayib borayotganini sabab qilib keltirish mumkin.
Immunitet lotincha "immunitos" so‘zidan olingan bo‘lib yot moddalardan xolos bo‘lish, "moyilsizlik" degan ma’noni bildiradi. Demak immunitet bu organizmning yuqumli kasallik qo‘zg‘atuvchilari ta’siridan himoya qiluvchi omildir. Yuqumli kasalliklarga moyilsizlik ko‘p sabablarga bog‘liq bo‘lib bularning hammasi chidamlilik yoki immunitet nomi ostida birlashgan. Immunitet kelib chiqishiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi: tug‘ma va orttirilgan immunitet.
Tabiiy immunitet odam biror yuqumli kasallik bilan kasallinib tuzalishi natijasida hosil bo‘ladi. Shuning uchun ba’zi yuqumli kasalliklar bilan odam faqat bir marta kasallanadi, ya’ni birinchi marta kasallanish davrida uning organizmida bu kasallikni qo‘zg‘atuvchi mikrob yoki virusga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Bu immunitet butun umri davomida saqlanadi. Masalan: qizamiq, tepki, chechak, bo‘g‘ma, ko‘kyo‘tal kabi yuqumli kasalliklar bilan odam faqat bir marta kasallanadi.
Sun’iy immunitet sog‘lom odamni emlash natijasida uning organizmida hosil qilinadi. Emlash uchun maxsus laboratoriyalarda kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar yoki viruslarni kuchsizlantirish yo‘li bilan vaksinalar tayyorlanadi. Bu vaksinalar bilan emlash natijasida ular tarkibidagi kuchsizlantirilgan mikroblar yoki viruslarga qarshi organizmda immunitet hosil qilinadi. Shuning uchun emlangan odam organizmiga bu kasallikni qo‘zg‘atuvchi mikrob yoki viruslar kirganda ham u kasallanmaydi. 2019 yilning dekabr oyida aniqlangan Koronavirus kasalligiga haligacha vaksina topilgani yo‘q. Hozirda millionlab kishi bu xastalik bilan kurashmoqda. Ko‘plab bemorlar vafot etdi. Va bu raqamlar kundan-kunga ortib bormoqda. Bunday vaziyatda sun’iy immunitet hosil qilishni iloji yo‘q ekan, barchamiz immunitetimizni mustahkam qilishga harakat qilishimiz kerak. Buning uchun avvalo to‘g‘ri ovqatlanish zarur.
Immunitet organizmning dushmani bo‘lmish virus bakteriyalar hujumidan himoya qiluvchi tizimdir. Immunitetimizning mustahkamligida sportning ham o‘rni katta, albatta. Ammo buning o‘zi yetarli emas. Sport to‘g‘ri ovqatlanish bilan birga olib borilmasa, foydasi sezilmaydi.
Ovqatlanish — bu organizmga kerak bo‘lgan barcha zaruriy moddalarning yetkazib berilishidir. Bu organizm faoliyatining izdan chiqmasligini hamda kasallanmasligini ta’minlaydi. Buning uchun esa taomlarimizda ana shu zaruriy moddalar bo‘lishi kerak.Agar siz qovurilgan kartoshka (chips), bodroq kabi tayyor mahsulotlarni iste’mol qilsangiz, jigaringiz ishini og‘irlashtirib qo‘yishingiz mumkin. Immun tizimi barcha ichki a’zolar faoliyatiga bog‘liq bo‘lganligi uchun ulardagi salbiy o‘zgarishlar darhol immun tizimiga ta’sir qiladi. Shuning uchun a’zolarga «yoqmaydigan» taomlar immunitetning pasayishiga sabab bo‘ladi. Natijada u hujum qilayotgan mikroblarga qarshi kurasha olmaydi va odam turli kasalliklarga chalinib qolishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun to‘g‘ri ovqatlanishga o‘rganish kerak.
Buxoro shahridagi 28 – umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tkazilgan “Allergik kasalliklarning oldini olish va immun tizimini mustaxkamlash” mavzusidagi tadbirda shular haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbirda yuqori sinf o‘quvchilari va maktab o‘qituvchilar jamoasi qatnashdi.
Buxoro davlat tibbiyot instituti pediatriya kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Shakar Navro‘zova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Immunologiya va inson genomikasi instituti professori, biologiya fanlari doktori Dilorom Musaxodjayeva, Immunologiya va inson genomikasi instituti mutaxassisi Zuhra Azizovalar chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
“Allergik kasalliklarning oldini olish va immun tizimini mustaxkamlash” mavzusidagi ma’ruzada videoproyektorda slaydlar namoyishi orqali allergiyaning organizmga tasiri, ovqat tarkibining ichak sistemasida xazm bo‘lish jarayoni, ovqat xazm qilish tizimi faoliyatining buzilishiga olib kelishi hamda terida turli xil toshma qizarish belgilarini yuzaga keltirishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari to‘g‘ri ovqatlanish, immunitet va uning turlari, tug‘ma immunitetning onadan bolaga o‘tishi va bolani tashqi tasirdan himoya qilishi va orrtirilgan immunitetning xayot davomida paydo bo‘lishi hamda yosh organizmni turli xil kasalliklarga qarshi vaksina qabul qilishi va immunitet hosil qilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘quvchi yoshlar katta qiziqish bilan tingladi. Tadbirda ma’ruzalar yuzasidan o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javob oldi.
Bunday tadbirlarning umumta’lim maktablarida o‘tkazilishi bugungi tahlikali davrda juda muhim. Zero, yoshlar yurtimiz kelajagi. Ularni har tomonlama sog‘lom va bilimli qilib tarbiyalash esa eng muhim va ustuvor vazifadir. Bu borada esa umumta’lim maktablarining o‘rni beqiyosdir. Shuning uchun har qanday targ‘ibotni jumladan, turli kasalliklar, yot g‘oya va illatlarga qarshi tashviqot ishlarini maktablardan boshlab o‘tkazish darkor.
Nigora Nasullayeva,
Buxoro shahridagi 28 - umumiy
o‘rta ta’lim maktabi direktori
O‘zA