Jizzax viloyati OITSga qarshi kurashish markazi tashabbusi bilan viloyat ichki ishlar boshqarmasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar hamda faol yoshlar ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Unda viloyat OITSga qarshi kurashish markazi bosh shifokori Nilufar Asqarova o‘tgan 2022 yilda soha xodimlari tomonidan viloyatda OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda 2023 yilda belgilangan rejalar yuzasidan axborot berdi.

– Prezidentimizning joriy yil 20 yanvardagi «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tasdiqlangan dasturning 13-bandiga asosan Jizzax viloyati hokimi tomonidan media-reja ishlab chiqildi. Shu asosida chora-tadbirlar ishlab chiqdik va amalda boshladik, – deydi viloyat OITS markazi bosh shifokori Nilufar Asqarova. – OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olishda ishni hamkorlikda olib borish muhim ahamiyatga ega. Ushbu kasallikning oqibatlari haqida ko‘proq yoshlar foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlar, ommaviy axborot vositalari orqali ularni fikrlashga undaydigan, e’tiborini torta oladigan maqola, ma’lumot va videoroliklar berib borishimiz, kelajagimiz vorislari bilan ushbu mavzuda tez-tez suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazish har tomonlama foydali bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirda markaz bosh shifokorining o‘rinbosari Anvar Xolboyev hamda OITS markazi shifokori Munavvar Sodiqovlar tomonidan OIV infeksiyasi tarqalish sabablari va oldini olish bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berildi.
So‘ngra OIV infeksiyasi tarqalishining omil va oqibatlari hamda uni oldini olish borasida har bir kishi amal qilishi lozim bo‘lgan talablarga qaratilgan maxsus videorolik ishtirokchilarga namoyish etildi.

Brifing mutasaddilariga berilgan savol va takliflarga ishtirokchilar batafsil javob oldi.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA