Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda
09:19 / 2024-07-10

Nukus shahridagi I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston san’at muzeyida “Kiberjinoyatlarga qarshimiz” mavzuiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Markaziy bank Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mas’ul idoralar hamda jamoatchilik vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, ijtimoiy tarmoq faollari ishtirok etdi.  

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar ko‘p hollarda bank plastik kartalari bilan bog‘liq bo‘lib, bu orqali fuqarolarga moddiy zarar yetkazilmoqda.  

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda eng samarali yo‘llardan biri fuqarolarda “kibergigiyena”ni shakllantirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan. Hozirgi kunda kiberjinoyatning 40 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning turi kundan-kunga ortib bormoqda. Telegram tarmog‘i orqali “Click xavfsizlik xizmatidanmiz”, “Sizga yutuq chiqdi”, “Katta miqdorda pul yutib oldingiz”, “Aksiya ishtirokchisiga aylandingiz”, “Treyding orqali pullaringizni ko‘paytirib beramiz”, “Chet elga ishga yuboramiz” va boshqa yolg‘on, soxta xabarlar bilan sodda fuqarolarni chuv tushirmoqda. Tadbirda “Kibermadaniyatni yuksaltirish” oyligini joylarda keng aholi qatlamini jalb etgan holda uyushqoqlik bilan samarali o‘tkazish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

Kiberjinoyat bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish, ularning kiberhujumlar qurboniga aylanishining oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari, shuningdek, IT mutaxassislari hamkorligida targ‘ibot tadbirlari joylarda davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri