Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Aksilkorrupsiya oyligi” doirasida Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasida "Ochiq eshiklar kuni" tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda korrupsiya illati davlat, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy havf solishi, ushbu illatni bartaraf etishda keng jamoatchilik ishtiroki, fuqarolarning ogoh va hushyorligi muhim ekanligi ta’kidlandi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi mutasaddilari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha tizimda, xususan, viloyatda olib borilayotgan ishlar haqida ishtirokchilarga keng ma’lumotlar berildi.
Tadbirda boshqarma tomonidan korrupsion jinoyatlarga qarshi kurashish va ushbu illatning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ana shu asosda ishlar tashkil etilayotganligi, xodimlar, fuqarolar o‘rtasida keng ko‘lamli tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilayotganligi, xususan, joriy yilning o‘tgan davrida pora taklif etgan shaxslar tezkor tadbirlar orqali qo‘lga olinib, ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda jazo choralari ko‘rilganligi, korrupsiyaga qarshi kurashishda hamkasblariga namuna bo‘layotgan bir guruh xodimlar mukofotlanganligi alohida qayd etildi.
[gallery-14944]
Ommaviy axborot vositalari vakillari tizimda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javoblar oldi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar boshqarmada tashkil etilgan "Situatsion markaz" faoliyati bilan tanishdi.
Tadbir doirasida ichki ishlar boshqarmasining “Shon-Sharaf” muzeyiga sayohat uyushtirildi. Unda Andijon tarixining turli davrlarida aholi tinchligi va xavfsizligini saqlash jarayonlari haqidagi ma’lumotlar, xavfsizlik va xalq osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilgan fidoiylar, o‘tgan har bir davrning voqea-hodisalarini o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmalar bilan tanishildi.
Yakunda ichki ishlar tizimi xodimlari xizmat jarayonida foydalanadigan jihoz va texnikalar ko‘rgazmasi, shuningdek, kinologiya bo‘limi xodimlarining ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari