Xorazm viloyatida yangi tashkil etilgan Tuproqqal’a tumanining Sarimoy va Tuproqqal’a massivlarida “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Bu yerlik aholi kam sonli bo‘lishiga qaramay, o‘zining mehnatsevarligi, bunyodkorligi, yangi marralarni zabt etishga bo‘lgan ishtiyoqi bilan viloyatning gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shmoqda. Xususan, tuman mirishkorlari joriy yilgi paxta yig‘im-terimini viloyatda birinchi bo‘lib tamomladi.
Tuman hokimligi binosida o‘tkazilgan tadbirda siyosatchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, san’atkorlar, taniqli sportchilar hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Targ‘ibot tadbirida ishtirokchilarga “Konstitutsiya – xalq farovonligi va yurt tinchligi”, “Yangi O‘zbekiston – yangi taraqqiyot bosqichida”, “Aholi, ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishda innovatsion yondashuv” kabi mavzular yuzasidan keng tushunchalar berildi.
“Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” mavzusi bilan bog‘liq turli videoroliklar namoyish etildi. Tadbirda aholi vakillari, ayniqsa yoshlar faol ishtirok etdi.
− Biz karantin davrida uyda qolib onlayn mashg‘ulotlarda faol qatnashib ilm oldik, − deydi 15-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mehrinoz Sobirova. – Yaqinda jonajon maktabimiz bag‘riga qaytdik. bugungi tadbir doirasida o‘tkazilgan “eng zukko kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘ldim. Shuningdek, yosh rassomlar mahorat darslarida ham qatnashdim. O‘tkazilgan suhbat va ma’ruzalar menda katta taassurot qoldirdi.
Xalqimiz azaldan san’atga oshno. Tadbir davomida el suygan san’atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi. Ayniqsa, viloyat drama teatri jamoasi ijrosidagi “Sulton Jaloliddin” spektaklining jonli namoyishi tamoshabinlarga katta xayajon barobarida faxru iftixor baxsh etdi.
− bugungi tadbir mahallamiz ahlini juda quvontirdi, − deydi Poshshoxon Jumanazarova. – Ayniqsa, kuzgi yig‘im-terimdan so‘ng har bir dehqon madaniy va ma’naviy hordiq chiqarishni xohlaydi. Bugun viloyatning ko‘zga ko‘ringan san’atkorlari, teatr aktyor va aktrisalari kelib bizni juda xursand qilishdi. Viloyat markaziga borib teatr tamosha qilishga hammaning ham imkoniyati to‘g‘ri kelmaydi. Biroq, Jaloliddin Manguberdi spektaklini mahallamizda ijro etilishi barchamiz uchun ma’naviy ozuqa bo‘ldi. Kuy va qo‘shiqlarni miriqib tinglab, zavq bilan raqsga tushdik.
Ayni kunlarda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ijobiy samaralar berib, aholining turmush farovonligi, ma’naviyati yuksalmoqda. Xalqaro miqyosda O‘zbekistonning nufuzi ortib bormoqda. Ana shu o‘zgarishlar, erishilayotgan yutuqlar, bunyodkorlik ishlari, umuman, islohotlarning mazmun-mohiyati haqida yurtdoshlarimizga yanada kengroq ma’lumotlar berish o‘tkazilayotgan tadbirlarning asosiy maqsadidir.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA